Jamiyat | 23:09 / 28.03.2018
13914
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligida “Turon” harbiy teatrining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: Mudofaa vazirligi

27 mart – Xalqaro teatr kuni Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va ma'rifat markazi qoshida «Turon» teatr-studiyasi ish boshladi.

Harbiy teatr-studiya harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarini, Qurolli Kuchlar xizmatchilarini, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yoshlarni sahna asarlaridan bahramand etish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada oshirishga xizmat qiladi. Vatanimiz tarixi, uning mustaqilligi yo‘lida jon fido etgan hamyurtlarimiz jasoratini madh etuvchi spektakllar sahna yuzini ko‘radi.

Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi

“Turon” teatr-studiyasining tantanali ochilish marosimi hamda ilk premerasi “Jaloliddin Manguberdi” nomli spektakli namoyish etildi. Teatr ochilish marosimida respublikamizning taniqli san'atkorlari, Mudofaa vazirligi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

«Turon» teatri ilk sahna ko‘rinishlaridanoq tarixiy asarlarga murojaat qilmoqda. Yoshlarni vatanparvarlik tarbiyasini oshirishda shonli kechmishni, urushlarni jangovar san'at darajasiga olib chiqqan jasur sarkardalarimizning beqiyos o‘rni bor. Buni inobatga olgan holda teatr ijodkorlari milliy qahramonlarimiz Shiroq, To‘maris, Spitamen jasoratini, Vatanga sadoqatini sahnada ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi

Kelgusida teatr jamoasi tomonidan «Spitamen», «Mirzo Ulug‘bek», «Bobur» kabi tarixiy asarlarni sahnalashtirishni rejalashtirgan. Bundan tashqari Lev Tolstoyning «Hojimurod», Said Ahmadning «Ufq» asari ustida izlanishlar olib borilmoqda.

Harbiy teatr-studiyasida rejissyor Sayfiddin Meliyev, taniqli aktrisalar Elmira Rahimjonova,  Gulxumor Abdullayeva, Saida Rametova, Feruza Sobitova hamda Sulton Jaloliddin obrazini yaratgan Erkin Bozorov, shuningdek, iste'dodli va umidli ijodkorlar Jamila G‘afurova, Nargiza Salmonova, Manuchehr Qalandarzoda, Husan Rashidovlar faoliyat yuritmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi

27 mart – Xalqaro teatr kuni 1961 yili YuNeSKO huzuridagi Xalqaro teatr instituti tomonidan Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan IX kongressida ta'sis etilgan edi. Hozirgi kunda jahonning 100 dan ziyod mamlakatlarida 27 mart kuni teatr san'ati xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Xalqaro teatr kunida Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va ma'rifat markazi qoshida «Turon» teatr-studiyasi ochilishiga bag‘ishlangan marosimning o‘tkazilayotgani hamda “Jaloliddin Manguberdi” asari sahna yuzini ko‘rayotgani tarixiy voqeadir.

Mavzuga oid