O‘zbekiston | 01:32 / 29.03.2018
143919
4 daqiqa o‘qiladi

​Kun.uz faoliyatiga to‘sqinlik qilindi

28 mart kuni «Toshkent savdo markazi» (sobiq «Abu Saxiy» bozori) hududida Kun.uz jurnalisti, ijodiy guruh boshlig‘i Xurshid Daliyev, tahririyat yuristi Zafarbek Solijonov va tasvirchi xodimi Fazliddin Abduqodirov jurnalistik faoliyatini amalga oshirishda bozor ma'muriyati xodimlari tomonidan to‘sqinlikka uchradi.

Ma'lum qilinishicha, bozor ma'muriyatining Rustam ismli xodimi Kun.uz tasvirchisidan kamerani tortib olib, kamera xotirasida mavjud barcha tasvirni o‘zboshimchalik bilan o‘chirib tashlagan. Shuningdek, xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan tahririyat xodimlarini majburiy ravishda bozor ma'muriyati binosiga kirishga undagan. Xizmat vazifasida bo‘lgan muxbirlar bozor ma'muriyatiga qarashli binoda jismoniy va ruhiy tazyiqlarga uchragan. Ushbu holatda bozor ma'muriyati xodimlari va muxbirlar o‘tirgan xonaga ichki ishlar xodimlari (hudud inspektori bo‘lishi mumkin) kirib kelib, vaziyatga hech qanday munosabat bildirmadi. Bundan tashqari, Tohir ismli shaxs muxbirlarni noqonuniy tintuvdan o‘tkazdi. 

Bozor ma'muriyati binosi

Gap shundaki, ijodiy jamoa Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan murojaatni batafsil o‘rganish uchun voqea joyi, ya'ni «Toshkent savdo markazi» bozor kompleksiga tashrif buyurgandi. Jurnalist Daliyevning ta'kidlashicha, kamera va diktofon xotirasidan o‘chirib tashlangan yozuvlarda tadbirkor bilan suhbat jarayoni yozib olingandi. Mazkur bozorning respublikadagi ijtimoiy va iqtisodiy o‘rni inobatga olinib, jamoatchilik nazorati hamda sof jurnalistik tamoyillarga asoslanib ish olib borayotgan muxbirlar ma'muriyat bilan suhbatlashishni ham rejalashtirgandi.

Muxbirlarning aytishicha, bozor ma'muriyati savdo kompleksi xususiy mulk ekanligini ta'kidlab, bu hududda suratga olish mumkin emasligini bildirgan. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz «Toshbozorsavdo» uyushmasi vakili bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Uyushma xodimining ta'kidlashicha, «Toshkent savdo markazi» bozor kompleksi haqida uyushmada ma'lumot mavjud emas. Ayni paytda «Toshbozorsavdo» uyushmasiga davlat ulushi 51 foiz yoki undan ortiq bo‘lgan bozorlar a'zo sifatida qabul qilingan. 

Kun.uz xodimlari bunday tazyiqlarga qaramay o‘z faoliyatini sidqidildan bajarish yo‘lidan og‘ishmaydi. Maqsadimiz - xalqning dardiga quloq tutish, uning muammolarini ko‘tarib chiqish, bu bilan ularni hal qilish yo‘llarini izlashdir.​ 

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida el-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, tamagirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma'no-mazmuni deb biladigan jurnalistlar haqiqiy jurnalist ekanini e'tirof qilgandi.​

Mavzuga oid