O‘zbekiston | 17:59 / 10.04.2018
15536
2 daqiqa o‘qiladi

Vaqtincha saqlash hibsxonalarini yerto‘lalarda va sokol qavatlarda joylashtirish taqiqlandi

Foto: TASS

Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligining qarori (6.04.2018 yilda 1737-1-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarni saqlashning sanitariya-gigiyena qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Hujjat bilan vaqtincha saqlash hibsxonalarini (VSH) yarim yerto‘la va sokol qavatlarga joylashtirish taqiqlandi. Endi uni binolarning faqat 1 va 2-qavatlariga joylashtirishga ruxsat etiladi.

Eslatib o‘tamiz, VSH faqat IIV tizimida mavjud. DXX tomonidan ushlab turilgan shaxslar mazkur idoraning tergov hibsxonasida saqlanadi. Harbiy xizmatchilar esa – gauptvaxtalarda.

Vazirlar Mahkamasining 7.07.2015 yildagi 184-son qarori bilan VSHda saqlanayotgan shaxslar uchun mahsulotlar (oziq-ovqat – tahr.) va ashyoviy mulk (kiyim-bosh, poyabzal, ko‘rpa-to‘shak buyumlari va h.k. – tahr.) bilan ta'minlash normalari tasdiqlanganligi munosabati bilan Sanitariya-gigiyena qoidalaridan tegishli normalar chiqarib tashlandi. Shu bilan birga, Qoidalarda moddiy-maishiy ta'minotning (gigiyena vositalari – tahr.) eng kam normalari tartibga solinishi davom etadi. Xususan, endi erkaklarga atir sovun berilmaydi (50 gramm mumkin edi). Uning o‘rniga xo‘jalik sovunini berish normasi 250 grammgacha oshirildi.

Shuningdek VSHdagi tibbiy punktlar (xonalar) uchun zarur bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi. Yangi ro‘yxat 60 ta pozitsiya: 47 ta dori vositasi va 13 ta tibbiy buyumdan iborat. Ilgarigi ro‘yxatda 54 ta pozitsiya (49 ta dori vositasi va 5 ta tibbiy buyum) bo‘lgan.

Hujjat 7.04.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid