Jamiyat | 10:43 / 25.04.2018
48070
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qishloqlar aholisi shoshqin daryoni kechib qabristonga o‘tishga majbur

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi Oqsulot, Sarka, Qorateri va Xayribuva qishloqlari aholisidan tushgan murojaatni o‘rganish uchun Kun.uz sayyor guruhi ushbu tumanga bordi. Qishloqlar aholisi misli ko‘rilmagan, biroq uzoq yillardan buyon o‘zlarini qiynab kelayotgan muammo yuzasidan murojaat qilmoqda. Ushbu qishloqlar tumanning Zarafshon daryosi sohillarida joylashgan bo‘lib, daryoning narigi qirg‘og‘i Past Darg‘om tumaniga tegishli. Bu qishloqlarda salkam 850ga yaqin xo‘jalik, 10 mingdan ortiq fuqaro istiqomat qilib keladi.

“Ayni paytda Oqsulotda 120, Sarkada 130, Qoraterida 500, Xayribuvada 78 xo‘jalik joylashgan. Ushbu qishloqlarda istiqomat qiluvchi aholining umumiy soni 10 mingdan oshadi”, - deydi «Istiqlol» MFY raisi Muzaffar Usmonov.

Qishloq oqsoqollaridan biri Abdumajid akaga yuzlanamiz. “Qishloq aholisidan vafot etganlar so‘nggi manzilga kuzatiladigan qabriston Past Darg‘om tumani hududidagi tepaliklarda joylashgan. Qishloqda biror kishi vafot etsa, uni jamoat ko‘tarib, daryodan o‘tkazib, qo‘shni tuman hududidagi qabristonga eltishadi. Albatta, o‘lim payt poylamaydi. Bu ko‘rgulik qishning qahratonida ham, daryoda suv ko‘paygan bahorda ham ro‘y berishi mumkin”, - deya masala mohiyatiga oydinlik kiritishga urinadi Abdumajid aka.

Bu o‘tkinchi dunyoga kelgan inson borki, abadiy qolmagan. O‘lim bilan yuzma-yuz kelgan. Vafot etgan kishini hurmat-ehtirom bilan munosib joyga dafn qilish barcha avlodlar uchun qadriyatdir. Shu boisdan, qishloqlar ahli bu dunyoni tark qilgan yaqinlarining vasiyatlarini ado etish maqsadida daryoning narigi qirg‘og‘ida turgan qabristonga mayyitni olib borish uchun mashinada 60 km.ga yaqin yo‘l bosishi kerak bo‘ladi.

«Qabriston uchun qishloqning o‘zidan nega yer ajratishni so‘ramadingiz? Kelguncha, bir necha kichik qabristonlarga ko‘zimiz tushdi» deb savol beramiz. Ular ushbu hududda sizot suvlari yaqinligi, tuprog‘i qumoq bo‘lgani sababli lahad kavlab bo‘lmasligi, mayyitni to‘g‘ri o‘raga qo‘yish kerakligi, qumoq tuproqli qabrni hayvonlar osongina kavlab tashlashini ta'kidlashdi. Hamsuhbatlarimizning aytishlaricha, qishloqda bunday dahshatli voqealar bir necha bor ro‘y bergan.

Qishloqlar aholisi davlat tomonidan Zarafshon daryosi uzra kichikroq bo‘lsa-da, ko‘prik qurib berilishini istashadi. Agar shunday ko‘prik quriladigan bo‘lsa, Past Darg‘om tuman markazi Juma shahridan Oqdaryo tuman markazi Loyish shaharchasigacha bo‘lgan 44 km.lik masofa ham 22,5 km.gacha qisqargan bo‘lar edi. Bir paytlar ushbu joyda ko‘prik qurilishi loyihalashtirilgan. Biroq mablag‘ yetishmasligi tufayli ishlar loyihaligicha qolib ketgan.

Ayni paytda daryoda qayiqlardan yasalgan qo‘lbola parom faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular ma'lum haq evaziga odamlarni u sohildan bu sohilga yoki aksincha o‘tkazib qo‘yadi. Qayiqlar teshik. Qayiqqa chiqib, daryoning u tomoniga o‘tarkanmiz, hamrohlarimizdan biri teshik qayiqni to‘ldirayotgan suvni chelaklab daryoga to‘ka boshladi. Biz ham qishloq keksalari Mustafo bobo Rajabov, Islom ota Qarshiyev, To‘lqin Nazarov, Abdug‘ani Tursunov bilan daryodan o‘tib, qabristonga bordik. Qabriston juda ham qadimgi ekani shundoq ko‘rinib turar edi. Chunki, juda eski, cho‘kib ketgan qabrlarga ko‘p ko‘zimiz tushdi. 

Shu o‘rinda Samarqand viloyati, ayniqsa Past Darg‘om tumani hokimligi e'tiborini Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevralda qabul qilgan 120-son qaroriga qaratamiz. Unda jumladan, “joylarda qabristonlarni obodonlashtirish va saqlash borasida quyidagi bir qator kamchiliklar kuzatilmoqda:

ba'zi mahalliy hokimliklar va mutasaddi tashkilotlarning loqaydligi va e'tiborsizligi natijasida ko‘plab qabristonlar nochor va tashlandiq ahvolga kelib qolgan;
ayrim qabristonlar hududlarida quruq o‘t, barg, shox-shabbalar yoqish, qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘stirish, uy hayvonlarini boqish holatlari kuzatilmoqda.

Respublikada mavjud qabristonlarni saqlash va obodonlashtirish ishlarining ahvoli qoniqarsiz deb hisoblansin”, - deyiladi. 

Biz ushbu qabristonga tashrifimiz chog‘ida chorva hayvonlari boqilayotganiga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘ldik. Hatto, chorva egalari shunchalik bemalol ediki, pinagini ham buzishmadi, qo‘ylarni haydab ketish bo‘yicha mahalla raisining so‘zlarini e'tiborga olishmadi.

Mavzuga oid