O‘zbekiston | 10:44 / 19.05.2018
38037
7 daqiqa o‘qiladi

Xalqini hurmat qilganni, dunyo hurmat qiladi. Nega Tramp Mirziyoyevga alohida lutf ko‘rsatdi?

Oq uy – Xalq hokimiyati markazi

Vashington. Pensilvaniya-avenyu, 1600. Salobatli Oq uy.

Foto: Depositphotos

218 yillik tarixida qanchadan qancha nufuzli shaxslar, davlat rahbarlari, buyuk siyosatchilar bu qarorgohda qabul qilindi. Ushbu bino buyuk tarixning qanchadan qancha olamshumul, jahon ahamiyatiga ega voqealar va uning sokinligi ostida qabul qilingan qarorlarning guvohi bo‘lgan. 

Bu qarorgoh Amerika prezidentlarining ham uyi, ham ish joyi hisoblanadi. Hayotida buyuk o‘zgarishlarni kashf qilaman deb olis yurtdan kelib, bu zaminda makon topgan odamlar uchun Oq uyning ma'no va ahamiyati bebaho.

Dastlab Amerika asos topgandan keyin uning buyuk otalari Jon Adams, Jyefferson, Linkoln, Franklin bu yerda xalq hokimiyatini barpo etish va joriy etishda qanchadan qancha tunlarni bedor o‘tkazganlar. Xalq demokratiyasining markazi. Balki shu sabab, Oq uyni oldiga kelganingizda bu xalqchil muhitni his etarsiz.

Mahobatli bino va ko‘rkam hududni uncha katta bo‘lmagan panjaralar o‘rab turadi. Istagan odam kelib suratga tushishi mumkin. Hech kim xalaqit bermaydi.

Nimaga Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga bunday lutf ko‘rsatdi?!

Bugungi kun siyosatchilarini va Amerika-O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni kuzatib boruvchi ekspertlarni bu savol juda ham qiziqtirmoqda:  Nimaga olis O‘zbekistonning prezidentiga Amerikaning 45-prezidenti Donald Tramp juda ham yuksak hurmat ko‘rsatdi.

Bu savol xalqimizni ham qiziqtirayotgani tabiiy. Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu mavzu qaynoq muhokama qilindi. Xorijlik jurnalistlar-ku bu singari savollarni yog‘dirib, odamni qiynab yubordi. Ularning aytishicha,  Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining 27 yillik tarixida, unga a'zo mamlakatlarning birorta rahbari bunday mavqeda, rasmiy tashrif maqomida, bunday e'tibor bilan Amerikada kutib olinmagan ekan. O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyev esa qisqa muddatda bu e'tiborni qo‘lga kiritdi. Donald Trampning gaplaridan ayon bo‘ldiki, u O‘zbekiston to‘g‘risida yuzaki ma'lumotlarga va bilimga ega emas. U ham O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatmoqda. Donald Trampning Shavkat Mirziyoyevni hurmat qilishi boisi O‘zbekiston prezidenti o‘z xalqini hurmat qilishi, fuqarolari uchun jon kuydirishidir. Trampning ta'zim qilishi boisi Mirziyoyev xalqiga ta'zim qilmoqda. Xalq bilan muloqot, davlat idoralarini xalq xizmati uchun ishlatish Amerikada ham muhim hisoblanadi. Chunki, Amerika demokratiya qadriyatlarini 242 yildan beri bosh qadriyat sifatida tan oladi. Qariyb 2,5 asrdan beri xalqqa yaqin bo‘lish, xalq muammolarini hal qilish Amerika davlatining siyosiy tuzumiga aylanib bo‘lgan. O‘zbekistondagi so‘nggi 20 oyda davlat tizimining xalq tomon yuzlanishi, xalqning muammolarini hal qilishi o‘zbek demokratiyasining shakllanishida aynan Mirziyoyev mehnatining e'tirofidir.

Oq uydagi suhbatning asosiy mazmuni

15 may kuni voqealariga qaytsak, rasmiy tashrifning o‘z qonuniyati va protokoli mavjud. Davlat rahbari o‘zi uchun ajratilgan, Oq uydan ikki qadam naridagi “Blair house” qarorgohidan mashinalar korteji Oq uyga tantanavor ruhda kirib keldi. Prezidentning faoliyatini jonli efirda ko‘rishga odatlanib borayotgan O‘zbekiston fuqarolari qalbida bu tasvirlar faxr uyg‘otdi. Har bir o‘zbekda Vatani uchun, prezidenti uchun cheksiz g‘urur uyg‘ondi.

Oq uydan bo‘lgan translyatsiyani butun Amerika ko‘rdi, nafaqat ular, butun olam ko‘rdi. CNN, Fox News, xullas boshqa o‘nlab telekompaniyalar kameralari to‘g‘ridan to‘g‘ri oynai jahonda ko‘rsatdi. Oq uyda, eshigi ostida Amerika prezidenti o‘zi kutib turardi aziz mehmonni.

Mashinadan tushishi bilan prezidentni samimiy qutlab, u xuddi o‘zbekona lutf bilan uy ichiga mehmonni taklif qildi.

Suhbat boshida prezident Tramp:

  • “Sizga katta rahmat. O‘zbekiston prezidentining tashrifi biz uchun juda katta sharafdir. Janob prezident o‘z yurtida va butun dunyoda hurmatga sazovor kishidir. Biz ko‘p masalalarda, jumladan, savdo-sotiq bo‘yicha juda yaqin aloqadamiz. Ular bizga investitsiya keltirgan, biz ham ularga investitsiya kiritamiz. Janob prezident, siz juda hurmatli insonsiz. Rahmat”.  

Suhbatning birinchi qismidan ma'lumki, O‘zbekiston ham AQSh iqtisodiyotiga anchagina investitsiya kiritmoqda. O‘zbekiston uchun harbiy qurol-aslaha, samolyotlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish Amerikada o‘ng mingdan ziyod ishchi joylarning saqlamoqda. O‘z o‘rnida endi Amerika ham O‘zbekistonga sarmoyalar hajmini kengaytirish tarafdori. Suhbat tugagach, protokol talablaridan chiqib Tramp O‘zbekiston prezidentini mashinasigacha kuzatib qo‘ydi. Oq uy eshigi oldida prezidentlar yana bir muddat dildan va samimiy suhbatlashdilar. Ko‘rinib turardiki, ular bir birini yaxshi tushunishgan. Kayfiyatlari ham a'lo edi. Amerika prezidenti O‘zbekiston rahbarini mashina ketgandan keyin ham kuzatib turishda davom etdi. Yuzida qoniqish va umid hissiyotlari...

Foto: CNN

Davlat rahbari Amerikadan quruq qo‘l bilan qaytmadi. Amerikaga safar barakali bo‘ldi. Prezident o‘zi bilan yap-yangi Boeing-Dreamliner samolyotlarini olib keldi.  Dreamliner – bu orzular layneri degani. O‘zbeklarning orzusi doimo ushalsin, xalqimiz hayoti yo‘lini yanada yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlar bardavom bo‘lsin. Zotan, Amerika mo‘jizasining kaliti – bu Amerika orzusi, ya'ni o‘z kuchi va g‘oyasiga ishongan odamning g‘alaba qozonish hissidir.

Sherzodxon Qudratxo‘jayev
Xalqaro Press-klub raisi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid