O‘zbekiston | 13:27 / 24.05.2018
41518
4 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining asosiy vazifalari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Byudjyet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmon bilan Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti (SVOJJDLQK) Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti etib qayta tashkil qilindi.

Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilandi:

Birinchidan, iqtisodiy jinoyatlarga va korrupsiyaga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni kompleks tahlil qilish hamda qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Ikkinchidan, insofli tadbirkorlar, chet el investorlarini ular faoliyatiga davlat organlari va tashkilotlarining noqonuniy aralashuvidan himoya qilish, biznesni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi sun'iy byurokratik to‘siq va g‘ovlarga chek qo‘yish, importni optimallashtirishga va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashish;

Uchinchidan, byudjyet tizimi byudjyetlari mablag‘larini talon-toroj qilish va ulardan maqsadsiz foydalanish, davlat xaridlarida narxlarni oshirib yuborish, davlat organlari va tashkilotlarida debitor hamda kreditor qarzdorlikning asossiz ortishi holatlarini aniqlash, yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha choralar ko‘rish;

To‘rtinchidan, yoqilg‘i-energetika kompleksida, bank-moliya, soliq, transport, qurilish va ijtimoiy sohalarda iqtisodiy jinoyatlar hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini, shuningdek, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

Beshinchidan, davlat manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish holatlariga qarshi kurashish, chet el valyuta mablag‘lari noqonuniy ravishda chiqib ketishi, olib kirilishi va olib chiqilishi, ularning noqonuniy muomalasi, “xufyona iqtisodiyot”ni shakllantirishning turli sxemalari va kanallarini aniqlash;

Oltinchidan, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar narxlarini manipulyatsiya qilish, ularga bo‘lgan sun'iy tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirish, shuningdek, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari aylanmasi bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarga qarshi kurashish;

Yettinchidan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining samarali ijro etilishini ta'minlash;

Sakkizinchidan, iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha chet davlatlarning vakolatli organlari, xalqaro ixtisoslashgan va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish va axborot almashish;

To‘qqizinchidan, iqtisodiy va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishni, terrorizmni moliyalashtirishni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishning oldini olish bo‘yicha keng tushuntirish va profilaktika ishlarini amalga oshirish.

Mavzuga oid