Iqtisodiyot | 16:34 / 28.05.2018
147471
11 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi byudjyet tashkilotlarida ishlovchi xodimlar ish haqlari to‘g‘risida ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy soha xodimlarining ish haqi to‘loviga Davlat byudjyetidan ajratilgan mablag‘lar va ularning miqdorlari to‘g‘risida jamoatchilikning xabardorligini oshirish maqsadida Moliya vazirligi quyidagilarni ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2018 yilda ijtimoiy sohani moliyalashtirish uchun Davlat byudjyetidan 35 034 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, shundan 68 foizi ish haqi to‘lovlari uchun yo‘naltirilgan. Jumladan, ish haqi to‘lovlari quyidagicha taqsimlangan:

xalq ta'limiga – 12 169,8 mlrd so‘m;

oliy va o‘rta maxsus ta'limga – 4 007,9 mlrd so‘m;

sog‘liqni saqlashga – 6 835,3 mlrd so‘m;

madaniyat va sportga – 741,5 mlrd so‘m.

Byudjyet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning ish haqlari (bazaviy) tarif stavkalaridan, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlardan iborat.

Misol uchun:

1. Umumta'lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining (malaka toifalarisiz) ish haqi bazaviy tarif stavkasi 1 133 ming so‘mni tashkil etadi. Sinf rahbarligi biriktirilgan o‘qituvchilar uchun 172,2 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov, daftar tekshirishganlik uchun qo‘shimcha 86,1 ming so‘m hamda o‘rtacha 20 foiz – 226,7 ming so‘m (eng yuqori miqdori 40 foiz) miqdorida direktor jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamani hisobga olgan holda 1 618,8 ming so‘mni tashkil etadi.

Umumta'lim maktablaridagi xuddi shunday qo‘shimcha to‘lovlarga ega bo‘lgan oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining ish haqi oliy toifa uchun qo‘shimcha to‘lovlarni qo‘shib hisoblaganda 1 908,8 ming so‘mni tashkil etadi.

Belgilangan to‘lovlar bilan bir qatorda chet tili o‘qituvchilari uchun quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha oylik ustamalar belgilangan:

qishloq joylarda joylashgan ta'lim muassasalarida – bazaviy tarif stavkaning 30 foizi miqdorida;

boshqa ta'lim muassasalarida –15 foiz.

2. Oliy ma'lumotga ega, malaka toifasiz, bir stavkada ishlovchi (haftasiga 36 soat) maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisining ish haqi moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasidan 15 foiz ustama bilan qo‘shib hisoblaganda 999,2 ming so‘mni tashkil etadi. 9 soatlik ish rejimida 1,25 stavkada (9 soat * 5 kun = 45 soat; 45 soat / 36 soat = 1,25 stavka) ishlovchi tarbiyachining ish haqi miqdori 1 249,0 ming so‘mni tashkil etadi.

Bir stavkada ishlovchi tarbiyachi yordamchisining ish haqi moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasidan to‘lanadigan 15 foizlik ustama bilan birga 701,7 ming so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi «Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3571-son qaroriga muvofiq 2018 yil 1 sentabrdan boshlab oliy ma'lumotga ega tayyorlov guruhlaridagi tarbiyachilar, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlarning bazaviy tarif stavkasi (moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan 15 foiz ustama bilan) 1 302,9 ming so‘mni tashkil etadi.

3. Oliy ta'lim muassasasining ilmiy darajaga ega bo‘lmagan katta o‘qituvchisining bazaviy lavozim maoshi 2 085,4 ming so‘mni tashkil etadi. Maxsus moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan o‘rtacha 15 foiz 312,8 ming so‘m va guruh kuratorligi uchun (agar kuratorlik amalga oshirilsa) 25 foiz 521,3 ming so‘m ustamalarni hisobga olganda ushbu katta o‘qituvchining oylik ish haqi 2 919,6 ming so‘mni tashkil etadi.

Fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasasi professorining bazaviy lavozim maoshi 2 408,8 ming so‘m bo‘lib, maxsus moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan o‘rtacha 15 foiz 361,3 ming so‘m va guruh kuratorligi uchun (agar kuratorlik amalga oshirilsa) 25 foiz 602,2 ming so‘m ustamalarni hisobga olganda oylik ish haqi 3 372,3 ming so‘mni tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 apreldagi «Respublika oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3655-son qaroriga muvofiq, 2018 yil 1 sentabrdan boshlab, xuddi shunday ustamalarni olayotgan ilmiy darajaga ega bo‘lmagan oliy ta'lim muassasasi katta o‘qituvchisining ish haqi 3 080,0 ming so‘mni tashkil etadi yoki 5,5 foizga oshadi, fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasasi professorining ish haqi esa 4 844,0 ming so‘mni tashkil etib, 43,6 foizga oshiriladi.

Oliy ta'lim muassasasi rahbariyati qarori bilan ixtisoslashgan fanlarni chet tillarda o‘rgatuvchi o‘qituvchiga bazaviy lavozim maoshidan 25 foizdan 40 foizgacha ustamalar belgilanishi mumkin.

Oliy tibbiyot ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchi tarkibiga, klinik bazalari hisoblangan klinikalarda davolash-diagnostika ishlarini bajarganligi uchun, egallagan lavozimiga qarab, bazaviy lavozim maoshiga 20 – 30 foiz qo‘shimcha to‘lovlar belgilanadi.

Madaniyat vazirligining oliy ta'lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar tarkibiga uzoq muddat ishlaganligi uchun har oylik ustamalar (bazaviy lavozim maoshining 10 foizidan 50 foizgacha) belgilanadi. Masalan, 25 yildan ortiq ishlagan fan doktori unvoniga ega bo‘lgan professorning bazaviy lavozim maoshiga (2 504,8 ming so‘m) har oylik 1 252,4 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov hisoblanadi.

4. Malaka toifasiga ega bo‘lmagan qishloq vrachlik punkti umumiy amaliyot shifokorining tarif stavkasi 960,8 ming so‘mni tashkil etadi hamda ishlagan davri uchun o‘rta hisobda 25 foiz (eng yuqorisi 50 foiz) va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasidan 10 foiz miqdorida ustamalarni hisobga olgan holda uning ish haqi 1 297 ming so‘mga yetadi.

Xuddi shunday foizdagi ustamalarni oluvchi oliy toifali umumiy amaliyot shifokorining ish haqi esa 37 foizga ko‘proq yoki 1 774 ming so‘mga yetadi.

Malaka toifasiga ega bo‘lmagan patronaj tibbiyot hamshirasi ishlagan davri uchun o‘rtacha 20 foiz – 119,3 ming so‘m (10 yildan ortiq ishlasa 40 foizgacha) ustama olishga haqli. Uning ish haqi miqdori moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan oladigan o‘rta hisobda 10 foiz – 59,7 ming so‘m ustama bilan 775,6 ming so‘mni tashkil qiladi. Agar ushbu tibbiyot hamshirasining oliy toifasi bo‘lganda, uning ish haqi 53 foizga ko‘payadi yoki 1 190,8 ming so‘mni tashkil qiladi.

Tuman markaziy shifoxonasida ishlaydigan malaka toifasiga ega bo‘lmagan shifokor-xirurgning tarif stavkasi tuzatish koeffitsiyenti bilan 989,6 ming so‘mni tashkil etadi. Ish staji uchun o‘rtacha beriladigan 10 foiz (eng ko‘p miqdori 20 foiz), alohida mehnat sharoitlari uchun 15 foiz va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan o‘rta hisobda 10 foiz ustamalar bilan ish haqi 1 335,9 ming so‘mni tashkil etadi. Oliy toifaga ega bo‘lgan shifokor-xirurgning ish haqi esa – 1 827,1 ming so‘m.

Xirurgiya bo‘limi tibbiyot hamshirasining lavozim maoshi xuddi shu shartdagi ustamalar bilan: malaka toifasiga ega bo‘lmaganda – 912,3 ming so‘m va oliy toifasi bo‘lganda – 1 214,3 ming so‘mni tashkil etadi.

Tibbiyot muassasalarining har xil guruhlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlarining ish haqlarini, tuzatish koeffitsiyentlarini hisobga olgan holdagi tarif stavkalarini, ish staji uchun ustamalarini, sog‘lik uchun zararli va o‘ta og‘ir mehnat sharoitlarda ishlaganligi uchun quyidagi

miqdorlardagi ustamalarni jamlagan holda hisoblash mumkin:

OITSga qarshi kurashish muassasalarida, shifokorlar-patalogoanatomlarga – 75 foiz;

sil kasalliklari muassasalarida (silga qarshi kurashish muassasalarida) tibbiyot xodimlariga – 50 foiz;

barcha tibbiyot muassasalari laborantlari, rentgenologlar, anestiziologiya-reanimatsiya va sud-tibbiy ekspertiza bo‘limlari shifokorlariga – 40 foiz;

asab kasalliklari, narkologiya bo‘limlari, patologoanotom markazlari shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari, shifokor-kardioxirurg, mikroxirurg, shifokor-neonatologlarga – 25 foiz;

psixoterapiya, teri-tanosil, yuqumli, xirurgiya, travmatologiya bo‘limlari, qon quyish stansiyalari shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlariga – 15 foiz va boshqalar.

5. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 14 maydagi PQ-3727-sonli «Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2018 yilning 1 iyunidan davlat madaniyat muassasalari artistlari, ma'muriy-boshqaruv, badiiy rahbar, ijodiy va boshqa xodimlarining, shuningdek, davlat arxivlari boshqaruv xodimlari va mutaxassislarining mehnat haqi miqdorlari o‘rtacha 45 foiz oshirildi.

Viloyat darajasidagi teatrda ishlaydigan birinchi toifali artistning tarif stavkasi 1 296,4 ming so‘m etib belgilandi. Uzoq muddat ishlagani uchun 20 foiz (eng ko‘pi 40 foizgacha) miqdorida ustama – 259,3 ming so‘m hamda moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan beriladigan 15 foiz ustama – 194,5 ming so‘mni bilan uning ish haqi 1 750,2 ming so‘mni tashkil etadi.

Viloyat darajasidagi muzey fond saqlovchisining lavozim maoshi 1 178,6 ming so‘m miqdoridagi bazaviy lavozim maoshi hamda 15 foiz miqdorida moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan beriladigan 176,8 ming so‘m ustama bilan 1 355,4 ming so‘mni tashkil etadi.

Tuman madaniyat va aholi dam olish markazi badiiy rahbarining lavozim maoshi 1 071,5 ming so‘m tarif stavkasidan, 15 foiz – 160,7 ming so‘m miqdorida moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamalar bilan 1 232,2 ming so‘mni tashkil etadi.

Yuqorida qayd etilgan ish haqi miqdorlarida byudjyet tashkilotining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobga olinmagan, sababi barcha byudjyet tashkilotlari ham aholiga pullik xizmat ko‘rsatish yoki ajratilgan byudjyet mablag‘larini tejash imkoniga ega emas. Byudjyetdan tashqari mablag‘lar mavjud hollarda byudjyet tashkilotlari rahbarlari qo‘shimcha rag‘batlantirish (mukofot pullari, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va boshqalar) uchun to‘lovlarni amalga oshirish huquqiga ega.

Moliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari byudjyet tashkilotlari xodimlarining ish haqlarini moliyalashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmoqda va ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanishi bo‘yicha har oylik monitoring olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moliya vazirligi ish haqi to‘lovlarining to‘lanish ahvoli bo‘yicha axborot bergandi.

Mavzuga oid