Jahon | 07:30 / 12.06.2018
68218
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kim Chen In bilan uchrashdi

Singapurda AQSh prezidenti Donald Tramp va KXDR yetakchisi Kim Chen In o‘rtasidagi uchrashuv boshlandi, deb xabar qilmoqda ABC.

Foto: REUTERS
Foto: REUTERS
Foto: REUTERS
Foto: REUTERS
Foto: REUTERS

Ta'kidlanishicha, sammit Singapurning qolgan qismidan ko‘prik bilan ajratilgan Sentos kurort orolda bo‘lib o‘tmoqda. Davlat rahbarlari «Kapella» mehmonxonasida uchrashishgan. Tramp va Kim Chen In har ikki davlat bayrog‘i fonida, qizil yo‘lakchada uzoq vaqt qo‘l siqishib turishgan. Tramp KXDR yetakchisi bilan uchrashgan AQShning birinchi prezidentiga aylandi.

Donald Tramp va Kim Chen In muzokaralar boshlanishidan avval jurnalistlar bilan ham uchrashishgan.

Foto: REUTERS

Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, bu sammitni tashkillashtirish yo‘lida ko‘plab to‘siqlar paydo bo‘ldi, ammo ulardan muvaffaqiyatli o‘tildi. Tramp har ikki davlat yetakchilarining uchrashuvini juda katta yutuq, deb atagan.

«Men uchun bu juda katta sharaf va ishonchim komilki, biz ajoyib munosabatlarni o‘rnatamiz», - deya ma'lum qildi Tramp.

ABC xabariga ko‘ra, Donald Tramp va Kim Chen In yakkama-yakka uchrashuvni tugatishgan. Trampning ma'lum qilishicha, muzokaralar «juda yaxshi» o‘tdi. Shu bilan birga, Tramp KXDR yetakchisi bilan «ajoyib munosabatlarda» ekanini qayd etgan.

Ayni damda yetakchilar va mamlakatlar vakillari o‘rtasida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar davom etyapti. AQSh tomonidan, Trampdan tashqari, davlat kotibi Mayk Pompeo, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton hamda Oq uy apparati rahbari Jon Kelli qatnashmoqda. KXDR tomonidan muzokaralar stolida Koreya Mehnat partiyasi raisi o‘rinbosari Kim Yon Chxol, KMP MQ xalqaro bo‘limi mudiri Li Su Yon, KXDR tashqi ishlar vaziri Li Yon Xo bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen In Trampga taklif bilan chiqqani xabar berilgandi.

Mavzuga oid