O‘zbekiston | 17:00 / 12.06.2018
12432
2 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan hafta onlayn auksion orqali necha so‘mlik avtoraqamlar sotildi?

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 4 iyundan 8 iyungacha bo‘lgan davr mobaynida “O‘zRTXB” AJ da 639,9 mlrd so‘mlik bitimlar tuzildi. Bu esa o‘tgan haftadagi ko‘rsatkichdan 7,7%ga ko‘p ekanligini ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda "O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda birja savdolarining hajmi 573,4 mlrd so‘mdan 608,6 mlrd so‘mga ko‘tarildi. Sotuvlar bo‘yicha qurilish mollari birinchi o‘rinni 26,5% bilan egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda paxta tolasi joylashgan bo‘lib, birja bozorining 19,0%ni egalladi. Keyingi o‘rinda 11,7% ulush bilan neft mahsulotlari va kimyo mahsulotlari joylashgan bo‘lib, uning ulushi 12,7%ni tashkil qiladi.

Valyuta savdo maydonchasi orqali 912,1 ming AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar sotildi. Kelishuvlarning asosiy qismini Gach II tashkil etdi. Uning ulushi 56%. Kelishuvlarning keyingi qismi alyuminiyga tegishli. Uning ulushi 19%ga teng. Polietilenning ulushi - 13%. Texnik moy ulushi esa 12%ni tashkil qiladi.

O‘tgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 60ta avtomobil raqamlari sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 747,3 mln so‘mdan oshdi.
Bitimlarning 61,6% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 16,6% bitimlar ikkinchi toifa avtoraqamlar va 21,6% bitimlar 3-toifa avtoraqamlar bo‘yicha tuzilgan.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avtohavaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 36,6%ga teng. Keyingi o‘rinda Farg‘ona viloyati avtohavaskorlari 16,6% ulush bilan joylashdi. Uchinchi o‘rin Samarqand va Namangan viloyatlari avtohavaskorlariga tegishli bo‘lib, har birining ulushi 11.6%ni tashkil qiladi. Boshqa hududlarning ulushi 18,6%ga teng.

Eslatib o‘tamiz, bir hafta avval onlayn auksion orqali 6,5 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid