Jamiyat | 17:50 / 19.07.2018
12736
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda “Gashish” giyohvand moddalarini olib kirish kanaliga barham berildi

Chegaralar ochilib, yillar davomida diydorlasha olmayotgan quda-andalar, qavmi-qarindoshlar murodu maqsadlari yetmoqdalar. Azaliy qardoshlik rishtalari tiklandi va ikki elning umumiy manfaatiga xizmat qilyapti. Afsuski, shunday emin-erkin zamonda yaratilgan imkoniyatdan g‘arazli niyatda foydalanuvchi kimsalar ham bor.

Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi og‘ufurushlik bilan shug‘ullanuvchi ana shunday jinoiy zanjir a'zolarini fosh etdi.

Andijon shahri, Birlik mahallasida istiqomat qiluvchi Alisher Nazarov tanishi Bahodirjon Kasimovga 3,68 gramm “gashish”ni 800 ming so‘mga pullayotganida qo‘lga olindi. Ushbu giyohvand moddaning kelib chiqishi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida “kalavaning uchi” Qirg‘izistonga borib taqalishi aniqlandi va uyushgan jinoyatchilik to‘dasi faoliyatiga chek qo‘yildi..

Ma'lum bo‘lishicha zahri qotilni Alisher Nazarov Andijon shahrida yashovchi Shohrux Kasimovdan 150 AQSh dollariga sotib olgan. U esa inkor qilib bo‘lmas dalillar ostida “gashish”ni Azat Shayatovdan xarid qilganini tan olishga majbur bo‘ldi.

Azat aslida kim? Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi Azat Shayatov O‘sh viloyati Qara-suu shahrida istiqomat qiladi. Baxram ismli shaxsdan ko‘p miqdorda “gashish” moddasini olib, Andijonga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazishni tashkil qilgan. Bu ishda kurerga Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida yashovchi Sherzodbek Fozilov va Elyorbek Tohirovlar yaqindan yordam berishgan. To‘da a'zolari og‘uni Shahrixonsoy orqali olib o‘tganliklari aniqlandi. “Yuk”ning chakana savdosini tashkil qilish uchun Azat Andijonga kelib, singlisining uyida vaqtincha yashab yurgan.

Tezkor tadbirlar davomida Shohrux Kasimov va Azat Shayatovdan umumiy og‘irligi yarim kilogramm atrofidagi “gashish” moddasi daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. To‘plangan materiallar asosida Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid