Jahon | 23:55 / 21.07.2018
32085
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga nega kiritilmayapti?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudining 2017 yil 29 maydagi qaroriga asosan, Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi Yusufjiang Maimaitikari (Yusufuhiang Maimaitikari) O‘zR MJtKning 225-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Sud mazkur  MJtKning 21-moddasini qo‘llab, ogohlantirish berish bilan cheklanib ma'muriy javobgarlikdan ozod qildi. Unga nisbatan MJtKning 29-1-moddasi qo‘llanib, 3 (uch) yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish belgilandi.

Toshkent shahar ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasining 2017 yil 24 iyundagi qarori bilan sud qarori o‘zgarishsiz qoldirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2017 yil 5 oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi Yusufjiang Maimaitikari (Yusufuhiang Maimaitikari) 1-Respublika Tibbiyot kollejining 1-kursida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishligini, turmush o‘rtog‘i va bir nafar voyaga yetmagan farzandi bilan vaqtincha Toshkent shahrida yashashligini inobatga olib, sud qarorlarini o‘zgartirdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish va O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqini 3 yilga cheklash haqidagi qismini bekor qildi. 

 Oliy sudning ushbu qarori ijrosi 31.10.2017 yilda Uchtepa tumani Ichki ishlar boshqarmasi xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi (hozirda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi)ga yuborildi. 

Biroq, haligacha ushbu sud hujjati ijrosi ta'minlanmadi. Vaholanki, tegishli qonunda bunday qarorlar ijrosi tez fursatda ta'minlanilishi lozimligi uqtirilgan.

Hozirda sud hujjati ijrosini ta'minlash bo‘yicha tegishli idoralarga qilingan murojaatlar qanoatlantirilmayapti. 

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 114-moddasiga asosan, sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.

O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonunning 5-moddasida, “Sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart” deyilgan.

Bundan kelib chiqib, muayyan harakatlarni sodir etish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik choralari qonunlarda belgilangan bo‘lsa-da, mas'ul shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish bilan birga sud hujjati ijrosi ham ta'minlanishi kerak.

O‘ylaymizki, mazkur masala tez orada o‘z yechimini topadi va chet el fuqarosiga qo‘yilgan cheklovlar tegishli tashkilotlar tomonidan amaliyotda ham olib tashlanadi.

Mavzuga oid