Jahon | 23:25 / 26.08.2018
7677
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy taksi xizmati haydovchining qotilligidan keyin o‘z xizmat turlaridan birini to‘xtatdi

Foto: AP Photo / Andy Wong

Xitoyning eng yirik onlayn taksi xizmati Didi haydovchilardan biri ayol yo‘lovchini o‘ldirgandan keyin 27 avgustdan butun mamlakat bo‘ylab “yo‘l-yo‘lakay mashina” xizmatini to‘xtatmoqda.

Shov-shuvli qotillik 24 avgustda Yuetsin shahrida sodir etilgan. Mahalliy vaqt bilan soat 14 atrofida 20 yoshli qiz taksi xizmatining “yo‘l-yo‘lakay mashina” xizmatidan foydalangan. Ma'lum vaqt o‘tgach vahimaga tushgan qiz dugonasiga haydovchi birorta mashina yo‘q bo‘lgan ovloq tog‘ yo‘li orqali ketayotgani va o‘zining joylashgan o‘rni haqida xabar jo‘natgan. Yana 5 daqiqadan keyin u “qutqaring” degan xabar jo‘natib, so‘ngra umuman aloqaga chiqmay qo‘ygan. Politsiya qizni zo‘rlab, o‘ldirganini tan olgan 27 yoshli haydovchini qo‘lga olgan. U qiz jasadini qayerga tashlab ketganini ko‘rsatgan.

Kompaniyada  ta'kidlanishicha, xizmat ishga tushgan 3,5 yil ichida undan millionlab marta foydalanilgan. Taksi xizmati xavfsizlik masalasi u uchun katta sinovga aylanganini tan olgan. “Biz tegishli idoralar va jamoatchilikning tanqidini samimiy qabul qilamiz”, deb aytilgan kompaniya  bayonotida.

Ushbu qotillik oxirgi bir necha oy ichida Didi haydovchilari tomonidan sodir etilgan ikkinchi qotillik bo‘ldi. May boshida Shandun viloyatida 21 yoshli styuardessa aeroportdan uyiga qaytayotganda taksi haydovchisi tomonidan o‘ldirilgan. Qotillikda gumon qilingan haydovchining o‘zi ham bir necha kun o‘tgach shahar kanalida o‘lik holda topilgan. Uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani ma'lum qilinmagan.

Takror qotillik taksi xizmatiga nisbatan jamoatchilikning noroziligini keltirib chiqargan. Odamlar kompaniyani navbatdagi qotillik uchun jazolashga chaqirishgan.

Mavzuga oid