Jahon | 21:10 / 28.08.2018
11700
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik shartnomasini bekor qilishni buyurdi

Foto: EPA

Ukraina prezidenti Petr Poroshenko mamlakat tashqi ishlar vazirligiga Rossiya bilan do‘stlik, hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilishga tayyorgarlik ko‘rish topshirig‘ini berdi. U bu haqda 28 avgust kuni ma'lum qildi, deb xabar berdi «Yevropeyskaya pravda».

«Bugun biz yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilgan va yuridik jihatdan himoyalangan yana bir qadamni tashlashga – Moskva aybi bilan allaqachon eskilik sarqitiga aylangan Ukraina va RF o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilishga yetib keldik», — dedi u Ukraina xorijiy diplomatik muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda.

Ukraina prezidenti TIV allaqachon tegishli topshiriqni olganligini va Kiyev yaqin vaqt ichida kerakli qadamni tashlashini ma'lum qildi.

Poroshenko shuningdek, Ukrainaning Rossiyadan iqtisodiy va energetik mustaqillikka erishishi zarurligini eslatib o‘tdi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma 1997 yil mayda imzolangandi. 2008 yil oxirida hujjat yana 10 yil muddatga uzaytirilgan. Mart o‘rtalarida Ukraina TIV uni to‘xtatishning bir nechta variantlarini tayyorlagandi.  

Kiyev va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar 2014 yil martda Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi va o‘sha yilning aprelida Donbassda nizolar boshlanganidan so‘ng keskin yomonlashgandi. 

Mavzuga oid