O‘zbekiston | 16:38 / 31.08.2018
41882
19 daqiqa o‘qiladi

XTV va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yagona maktab formasiga oid pozitsiyasini ma'lum qildi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonda yagona maktab formasining joriy etilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘z pozitsiyasini bildirdi. Quyida uning to‘liq matni keltiriladi.

O‘zbekistonda yagona maktab formasini joriy etilishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqarolar tomonidan yuzaga kelgan munozaralar, xususan diniy liboslar (hijob va b.qa) kiyishga belgilangan cheklovlar natijasida diniy erkinlik cheklanishi mumkin degan yondashuvlar mazkur masala yuzasidan fikr bildirilishini taqozo etmoqda.

Maktab formasini joriy etishga oid milliy qonunchilik, umume'tirof etilgan xalqaro qoida va standartlar, xorijiy davlatlar tajribasi, psixologik va fiziologik jihatlar chuqur o‘rganilib, quyidagilar ma'lum qilinadi.

Tasdiqlangan maktab formasi kiyinish madaniyati va estetik talablarga mos ravishda mo‘'tadil shaklda ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘quvchilar o‘rtasida ijtimoiy adolat va tenglikni ta'minlaydi, ularning salomatligi, psixologik, fiziologik jihatlariga to‘liq javob beradi, turli dinlarning kiyinishga oid qarashlari, qoida va me'yorlarini kamsitmaydi, shu bilan birga milliy mentalitetimizga zid ommaviy madaniyatga xos bo‘lgan ochiq-sochiq liboslarning o‘quvchi yoshlar o‘rtasida tarqalishini oldini oladi.

I. O‘zbekistonning milliy qonunchiligi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida O‘zbekiston xalqi insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlagani ko‘rsatilgan.

Shu bois, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan har qanday islohot, jumladan yoshlarni sifatli ta'lim olishlarini ta'minlashga qaratilgan islohotlar insonparvarlik va demokratik tamoyillarga asoslanishi lozim.

Konstitutsiyada O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengligi, shuningdek maktab ishlari davlat nazoratida va maktablarda amalga oshiriladigan islohotlar davlat tomonidan amalga oshirilishi alohida ko‘rsatilgan.

Binobarin, maktab ishlariga oid islohotlar davlat tomonidan amalga oshirilar ekan, bunda fuqarolarga ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar bir xil sharoit yaratilishi lozim.

“Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra ta'lim sohasidagi davlat siyosati ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi tamoyili asosida amalga oshiriladi hamda barcha yoshlarga bilim olishda teng huquqlar beriladi.

Ayrim fuqarolar O‘zbekiston aholisining asosiy qismi islom diniga e'tiqod qilishini ta'kidlab, maktablarda hijob yoki boshqa din bilan bog‘liq liboslarni kiyishga ruxsat berilishi kerakligini aytishgan.

Bunday fikrlar Konstitutsiyamizda belgilangan fuqarolarning vijdon va e'tiqod erkinligi hamda teng huquqliligi kabi tamoyillarni umuman hisobga olmaydi.

Qayd etish lozimki, fuqarolarning e'tiqodi, ularning diniy qarashlari davlatning siyosatida, jumladan ta'lim siyosatida va jarayonida, o‘qitiladigan predmetlarida qamrab olinishi mumkin emas. Bunga Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz yo‘l qo‘ymaydi.

Binobarin, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi Qonunning 7-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasida ta'lim tizimi dindan ajratilgan, ta'lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, fuqarolarining dunyoviy ta'lim olish huquqi ularning dinga bo‘lgan munosabatidan qat'i nazar ta'minlanadi.

Mazkur qonunga asosan dinga e'tiqod qilish yoki qilmaslik erkinligi jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning huquqi va erkinliklarini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan darajada cheklanishi mumkin.

Qisqa qilib aytganda, har birimizning huquqlarimiz, shu jumladan diniy huquqlarimiz, tenglik va davlatning dindan ajratilganligi prinsiplariga to‘qnash kelsa o‘sha yerda cheklanishi mumkin.

Bugungi kunda mamlakatimizda yagona shakldagi maktab formalarini joriy qilishda turli din vakillarining mushtarakligini saqlash ham dolzarb vazifa hisoblanadi. O‘zbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 160 millat vakillarining 5,2 mln. o‘quvchi yoshlar maktablarda ta'lim olmoqdalar.

Ba'zi fuqarolarning yagona maktab formasini kiritilishi va unda hijobga ruxsat etilmaganligi Konstitutsiyaning 31-moddasini poymol etishi to‘g‘risidagi qarashlari ham mavjud.

Vaholanki, Konstitutsiyaning 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga egaligi hamda diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Vijdon erkinligi nimaligini chuqurroq o‘rgansa, yuqoridagi qonunning 3-moddasiga asosan vijdon erkinligi bu fuqarolarning har qanday dinga e'tiqod qilish yoki hech qanday dinga e'tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan huquqidir.

Demak, maktab formasi bilan bog‘liq munosabatda fuqaroning u yoki boshqa dinga e'tiqod qilishiga cheklovlar qo‘yilayotgani yoki bu huquq boshqacha tarzda to‘xtatilayotgani yo‘q. Mazkur huquq har bir insonning o‘z shaxsiy huquqi va ushbu holatda shaxsning biron bir dinni tanlash yoki umuman dinni tanlamaslikka chorlaydigan holat mavjud emas.

Xalqaro huquq normalari ham, boshqa ko‘plab davlatlarning tajribasi ham ko‘rsatib o‘tilgan milliy qonunchilikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri keltirilgan normalari ham buni aniq isbotlaydi.

Yuqoridagi fuqarolarning sub'yektiv va asossiz qarashlari diniy huquqlar cheklanyapti degan uydirmalarni tarqatilishiga va keng ommada noto‘g‘ri fikr shakllanishiga olib kelishi mumkin.

II. Umume'tirof etilgan xalqaro qoida va standartlar

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va boshqa xalqaro hujjatlarda ta'kidlanganidek, ta'lim inson shaxsi va uning qadr-qimmatini to‘liq rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasining din va ta'lim sohalarida olib borilayotgan siyosat, shuningdek mazkur sohalardagi milliy qonunchilik Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa umume'tirof etilgan xalqaro hujjatlarga mos keladi.

Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 29-moddasiga ko‘ra har bir inson o‘z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda o‘zgalarning huquq va erkinliklarini demokratik jamiyatda yetarli darajada bo‘lishini hamda hurmat qilinishini ta'minlash, axloq, jamoat tartibi, umum farovonligining odilona talablarini qondirish maqsadida qonunda belgilangan cheklanishlarga rioya etishi kerak.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasiga ko‘ra, ta'lim inson shaxsini to‘liq shakllantirishga va inson huquqlari va asosiy erkinliklarga hurmatni yuksaltirishga xizmat qilishi lozim.

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Paktning 13-moddasiga ko‘ra, ta'lim erkin jamiyatda barchaning samarali ishtirok etishiga ko‘maklashadi, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasidagi tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

1989 yil 20 noyabrdagi “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konventsiya 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi asosiy xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi. Mazkur Konventsiyada bolalarga beriladigan ta'lim inson huquqlari va asosiy erkinliklariga, shuningdek BMT Ustavi bosh tamoyillariga hurmat ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerakligi qayd etilgan.

1960 yil 14 dekabrdagi Ta'lim sohasidagi kamsitishlarga qarshi kurash to‘g‘risida Konventsiyaning 5-moddasiga asosan ta'lim inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasidagi tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikka yo‘naltirilgan bo‘lishi lozimligi qayd etilgan.

III. Xorijiy davlatlar tajribasi

Tadqiqotlarga ko‘ra, asosan jamoat joylarida ayollarning diniy liboslarini kiyib yurish bo‘yicha cheklovlar dunyoning 50 ta davlatida, jumladan, Jazoir, Ummon, Singapur, Avstraliya, Belgiya, Fransiya, Shveytsariya, Germaniya, Daniya, Italiya, Niderlandiya, Ispaniya, Makedoniya, Bolgariya, Xorvatiyada va boshqa davlatlarda joriy etilgan.

Shu bilan birga, dunyoning ko‘plab davlatlarida maktab o‘quvchilari uchun yagona namunadagi formalar ham joriy etilgan. Jumladan, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Avstraliya, Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston va Tojikiston kabi qator davlatlarda.

Fransiyada davlat xizmatchilari, xususan o‘qituvchilarning diniy ramzlarni oshkorona taqib yurishi qonun bilan taqiqlangan, shuningdek, agar o‘quvchilar hijob, Sikx sallasi, yahudiycha bosh kiyimlar (kipa) kabi diniy ramzlarni taqib olsa davlat maktablariga borishlari mumkin emas.

Germaniyaning 16 viloyatidan 8 tasida parlamentdagi muhokamalar va tushuntiruvchi hujjatlarda hijob masalasiga oydinlik kiritilib, maktab o‘qituvchilariga jamoat joylarida oshkora diniy liboslar va ramzlar taqib yurishni taqiqlovchi me'yorlar qabul qilingan.

AQSh va Kanadada yagona maktab formasi deyarli barcha xususiy maktablarda tashkil etilgan. Davlat maktablarida yagona maktab formasi tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, kiyinish qoidalari (dress code) tasdiqlangan.

Yaponiyada ham o‘rta va yuqori maktab o‘quvchilari uchun yagona maktab formasi majburiy hisoblanadi. Har bir maktabda o‘zining yagona formasi mavjud. Biroq, odatda o‘rta maktabdan boshlab o‘g‘il bolalar harbiycha uslubda, qiz bolalar esa dengizchi uslubida kiyinishadi.

MDH davlatlari ichida Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlarida yagona maktab formasi mavjud. Xususan, Rossiyada o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini joriy etish masalasi qonun bilan tartibga solingan.

Mazkur ishlar amalga oshirilishi orqali o‘quvchilar o‘rtasidagi tengsizlik, o‘zaro kamsitilishga chek qo‘yilishi, ijtimoiy adolat o‘rnatilishi, o‘qituvchilarning dars davomida diqqatini o‘quvchilar o‘rtasida to‘g‘ri taqsimlanishi, shuningdek o‘quvchilarning o‘zlashtirishi va salohiyatini oshishiga olib kelgan.

IV. Xalqaro va chet davlatlar milliy sudlari amaliyoti

Xorijiy davlatlarda ta'lim muassasalarida diniy liboslar kiyib yurishni cheklash bo‘yicha nizolar sudlarda ko‘p marotaba ko‘rib chiqilgan va natijada ushbu masalada yakuniy qarorlar qabul qilingan. Mazkur qarorlarning deyarli barchasida ta'lim muassasalarida davlat tomonidan hijob kiyishning cheklanishi inson huquqlariga zid emac” degan to‘xtamga kelingan.

Xususan, Shveytsariyada boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi L. Dalab Jyenevadagi maktab ma'muriyatining dars vaqtida hijob kiyishni taqiqlash bo‘yicha qaroridan (Jyenevaning 1940 yil 6 noyabrdagi Davlat ta'limi to‘g‘risidagi qonuni 6-bo‘limiga muvofiq qabul qilingan) shikoyat qilgan, oxir oqibat 1997 yil Federal sud tomondan qaror o‘z kuchida qoldirilgan. Shikoyati qondirilmaganligi sababli, keyinchalik L. Dalab 1996 yilda maktab ma'muriyati tomonidan maktabda hijob kiyishni taqiqlash to‘g‘risida qabul qilgan qarori va ushbu qaror 1997 yilda Federal sud tomondan o‘z kuchida qoldirilganligini vaj qilib Yevropa sudiga Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Konventsiyasining 9-moddasi (Fikrlash, vijdon va din erkinligi) buzilganini ko‘rsatib o‘tgan holda shikoyat qilgan.

Konventsiyaning 9-moddasi fikrlash, vijdon va din erkinligiga bag‘ishlangan bo‘lib, butun dunyo davlatlari tomonidan umume'tirof etilgan norma hisoblanadi. Unga ko‘ra har kim fikrlash, vijdon va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq o‘z ichiga o‘z dinini yoki e'tiqodini almashtirish erkinligi va e'tiqod qilish erkinligi yoki yakka, shuningdek jamoat bilan birgalikda va yakka tartibda e'tiqod qilish, ibodat qilish, ta'lim olish, diniy va madaniy marosimlarda qatnashish huquqiga ega.

Moddaning 2-bandiga asosan o‘z e'tiqodi yoki diniga e'tiqod qilish erkinligi qonunchilikda nazarda tutilgan va demokratik jamiyatda jamoat xavfsizligi masalalarida, jamoat tartibini, sog‘ligi yoki axloqini muhofaza qilish yoxud boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish maqsadida cheklashga yo‘l qo‘yiladi.

Yevropa sudi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Konventsiyasi talablari har tomonlama o‘rganilib, Jyenevadagi maktab ma'muriyatining dars vaqtida hijob kiyishni taqiqlash bo‘yicha qarori Konventsiyaning 9-moddasiga zid emas deb topilgan.

Maktab ma'muriyati tomonidan qabul qilingan qaror Jyenevaning 1940 yil 6 noyabrdagi “Davlat ta'limi to‘g‘risida”gi Qonunining 6-bo‘limida davlat ta'lim tizimi o‘quvchilar va ota-onalarning siyosiy va diniy qarashlarini hurmat qilinishini ta'minlashi qayd etilgan. Shuningdek, Jyeneva Konstitutsiyasining 164-moddasi bilan Davlat va Cherkov bir-biridan ajratilganligi, Davlat dunyoviy ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning mazkur moddasidan kelib chiqib, Davlat ta'limi to‘g‘risidagi qonunning 120-2 moddasiga asosan davlat xizmatchilari dunyoviy bo‘lishi lozim, ushbu qoidani istisno etishga faqatgina universitet o‘qituvchilari jamoasini hurmat qilgan holda ruxsat etiladi.

Shuningdek, Tuba Aktas (o‘quvchi qiz, 1988 y.), Seref Bayrak (qizining vakili), Maxmud Sadek Gamaleddin (qizining vakili), Gazal (o‘quvchi qiz, ), J. Singx (o‘quvchi bola, 1989 y.) va R. Singx (o‘quvchi bola, 1987 y.)  kabi o‘quvchi yoshlar va ota-onalar Fransiyaga qarshi Yevropa sudiga shikoyat qilgan.

Nizoning kelib chiqishi qiz o‘quvchilarning hijob va ro‘molda, o‘quvchi bolalarning salla va keskida maktabga kelishidan boshlangan. Maktab ma'muriyati Fransiya qonunchiligiga asosan yuqorida keltirilgan o‘quvchilarning maktablarga diniy liboslarda kelishlarini taqiqlagan.

Ma'lumot uchun: Fransiyada 2004 yil 15 martda dunyoviylik va maktablarda oshkorona diniy ramzlarni taqib yurishni taqiqlovchi qonun qabul qilingan.

Sud tomonidan nizolar Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyaning 9 (Fikrlash, vijdon va din erkinligi), 14 (Kamsitishni taqiqlash) moddalari, Konventsiya doirasida qabul qilingan  1-Protokoldagi 2 (ta'limga bo‘lgan huquq) modda, Konventsiya doirasida qabul qilingan 7-Protokoldagi 4 (takroran sudlanish yoki jazoga tortilmaslik) moddalari bo‘yicha ko‘rib chiqilgan.

Natijada maktablarda diniy liboslar, ramzlarning taqib yurilishining cheklanganligi inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlar va Fransiya milliy qonunchiligi zid emas deb topilgan hamda yuqoridagi 6 ta nizoning barchasi sud tomonidan rad etilgan.

Ya'ni, davlat muassasalarida umumiy uniformalar, dress-kodlar kiritilishi mumkin va bu tartib barchaga bir xilda tatbiq etilishi zarur.

Sud tomonidan sekulyar davlatlarda, ya'ni dinning davlatdan ajralish prinsipi hukmron bo‘lgan davlatlarda davlat doimo neytralligini saqlab qolishi zarur va teng munosabatlarga zamin yaratishi kerak, u yoki boshqa dinga yonbosmasligi, yagona yondashuv asosida faoliyat yuritishi kerakligi ta'kidlangan.

Sud tomonidan eng muhim e'tirof etilgan prinsiplardan biri bu, qanday din bo‘lishidan qat'iy nazar, din erkinligi insonga din tomonidan belgilangan yoki buyurilgan barcha amallarni cheklovlarsiz bajarishga, shuningdek ommaviy munosabatlarda har qanday holatda diniy talablardan kelib chiqib o‘zini tutish va harakat qilish huquqini bermaydi.

V. Psixologik va fiziologik jihatlar

Yagona maktab formasini joriy etish nafaqat bugungi kundan balki, insoniyat tarixining qadimgi davrlaridan boshlangan. Barcha uchun barobar, ijtimoiy adolatni ta'minlovchi maktab formalari tarixan shakllanib kelgan. Qadimgi davrlarda ilk maktab formalari Gretsiyada, shuningdek Hindistonda joriy etilgan. Ularni joriy etishda iqlim sharoiti va aholining imkoniyatlari hisobga olingan.

Yagona maktab formasi joriy etilishining quyidagi psixologik va fiziologik jihatlari ham mavjud:

birinchi, maktab formasi boshqa har qanday forma singari intizomga chorlaydi, hamjihatlikka olib keladi, o‘quvchilarda jamoatchilik tuyg‘usi, umumiy maqsadlar sari olg‘a intilishga o‘rgatadi;

ikkinchi, yagona maktab formasi maktab o‘quvchilari (ularning ota-onalari) o‘rtasida kiyinish bo‘yicha raqobatni cheklaydi, turli xil ijtimoiy-iqtisodiy toifadagi oilalar farzandlari orasida tabaqalanishning vizual farqini keskin kamaytiradi;

uchinchi, yagona maktab formasi standartining davlat miqyosida joriy qilinishi o‘qituvchilar uchun ham o‘z kasblarini puxta bajarilishida, kiyinish va liboslar bilan bog‘liq vujudga keladigan ko‘plab muammolardan xolis etadi. Shuningdek, maktab formasiga yagona yondashuv diniy liboslar yuzasidan kelib chiquvchi ota-onalarning qarashlari va fikrlari natijasida yuzaga keladigan ta'lim jarayoniga ta'sir qiluvchi bahslar, munozaralar, tortishuvlar va kelishmovchiliklarni oldini oladi. Respublikaning va boshqa davlatlarning qariyb barcha pedagog xodimlari yagona maktab formasidagi tenglik va birxillik ularning ishini jiddiy ravishda osonlashtirishini ta'kidlashadi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan keltirilayotgan chaqiruvlarga nisbatan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi Qonuni 4-moddasidagi quyidagi normalari bilan rahbarlik qilish maqsadga muvofiqdir:

hech kim diniy e'tiqodini ro‘kach qilib qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortishga haqli emas;

dindan dushmanlik, nafrat, millatlararo adovat uyg‘otish, axloqiy negizlarni va fuqaroviy totuvlikni buzishda, bo‘hton, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatishda, aholi o‘rtasida vahima chiqarishda hamda davlatga, jamiyat va shaxsga qarshi qaratilgan boshqa xatti-harakatlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid