Jamiyat | 13:00 / 08.09.2018
12223
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda kuzatuv kameralari orqali qayd qilingan qoidabuzarliklar uchun javobgarlikka tortish yo‘lga qo‘yildi

Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlari markazidagi chorrahalarida kuzatuv kameralari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari uchun ma'muriy javobgarlikka tortish yo‘lga qo‘yildi.

Bu haqda Xorazm viloyati IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. 

«Shu yilning 1 sentabr kunidan boshlab, Urganch shahri va tuman markazlaridagi chorrahalarda kuzatuv kameralari orqali qayd qilingan qoidabuzarliklar bo‘yicha ma'muriy javobgarlikka tortish yo‘lga qo‘yildi.

Bunda chorrahalardagi vaziyatni onlayn tarzda kuzatib o‘tiradigan mas'ul xodimlar yo‘l harakati xavfsizligi qoidasini buzgan haydovchi to‘g‘risida zudlik bilan shu yaqin oradagi inspektorga xabar jo‘natadi. O‘z navbatida, u transport vositasini to‘xtatib, haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Agar buning imkoni bo‘lmasa, qoidabuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma transport vositasi egasining pochta manziliga yuboriladi.

Rejaga ko‘ra, Urganch shahri va tumanlar markazidagi chorrahalarda 100% qamrov bilan kuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Bu chora-tadbirlar yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta'minlashga yordam berishi kutilmoqda» - dedi Xorazm viloyati IIB matbuot kotibi Zokir Ismoilov.

Mavzuga oid