Haftaning bir kunini "Sport va salomatlik kuni" deb belgilash taklif etildi
Haftaning bir kunini "Sport va salomatlik kuni" deb belgilash taklif etildi, shu bilan birga, bundan keyin muntazam ravishda "15 daqiqa jismoniy tarbiya uchun" aksiyasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
Ertalabki badantarbiya - nafaqat jismoniy salomatlik garovi, balki insonning ruhiyati va kayfiyatini ko‘taruvchi, kunni yangi kuch-quvvat va ishtiyoq bilan boshlashga turtki beruvchi muhim vosita. Bu, shubhasiz, oiladagi xotirjamlik, o‘qish jarayonidagi yangi yondashuv va qiziqishlar, mehnat jamoalarida esa foydali ish koeffitsiyentining keskin oshishida ham o‘z aksini topadi, deyiladi manbada.
23 sentabr erta tongdan Toshkent shahridagi barcha bolalar va o‘smirlar sport maktablarida atrofdagi hududlarda yashovchi aholi, ayniqsa, yoshlar ishtirokida ommaviy badantarbiya va gimnastika mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mazkur an'anani davom ettirib, aholini jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida Toshkent shahrida ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari, spartakiada va marafonlar hamda bellashuvlar o‘tkazib boriladi.
Sport bilan muntazam shug‘ullanish qator kasalliklarning oldini oladi, bu esa mamlakatdagi bemorlar sonini kamaytirib, uzoq umr ko‘rsatkichlarini oshiradi.
Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi shu jihatlarni e'tiborga olgan holda:
- poytaxtdagi barcha davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mehnat jamoalarida haftaning bir kunini "Sport va salomatlik kuni" deb belgilash taklifini ilgari suradi;
- ish vaqti uzoq davom etuvchi tashkilotlarda xodimlarning jismoniy va ruhiy toliqishining oldini olish, ularning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan gimnastika mashqlarini bajarish tizimini joriy etish, ish jarayonidan uzilmagan holda bir necha daqiqani barcha birgalikda sportga bag‘ishlash;
- "15 daqiqa jismoniy tarbiya uchun" aksiyasida faol ishtirok etishga chaqiradi.
"Unutmang! Jismoniy tarbiya va sport salomatligingizni yaxshilash yo‘lida xizmat qiladi", deyiladi xabarda.
Bundan avval KUN.UZ'da Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning sog‘liqni saqlash tizimida kutilayotgan o‘zgarishlarga doir intervyusi berilgan bo‘lib, unda sog‘lom turmush tarziga katta e'tibor qaratilishi, kasalliklarni davolash emas, ularning oldini olishga urg‘u berilishi ta'kidlangan edi.
Mavzuga oid
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024