Sport | 13:30 / 27.09.2018
13866
8 daqiqa o‘qiladi

«Real» va «Barselona» bir kunda yutqazdi. Ispaniya chempionatida tur o‘yinlari

Ispaniya chempionatida hafta o‘rtasida navbatdagi tur uchrashuvlari davom ettirildi. Oltinchi turda ikki favorit ham mag‘lubiyatga uchradi.

«Leganes»ga Oskar
«Leganes» - «Barselona» - 2:1
 (0:1)
Gollar: Koutinyu, 12 (0:1). El-Jar, 52 (1:1). Oskar Rodriges, 53 (2:1). 
«Leganes»: Kuelyar, Xuanfran, Bustinsa, Raul Garsiya, Tarin, Silva, El-Jar (Nom, 86), Vesga (Merino, 82), Ruben Peres, Oskar Rodriges (Xerard Gumbau, 74), En-Nesiri.
«Barselona»: ter Shtegen, Serxi Roberto, Pike, Yumtiti, Fermalen (Jordi Alba, 70), Rakitich, Buskets, Koutinyu, El-Haddodi (Suares, 61), Messi, Dembele (Malkom, 71).
Ogohlantirishlar: Ruben Peres, 40. Bustinsa, 49. Yumtiti, 60. Fermalen, 64. Nom, 88. En-Nesiri, 90+2. 
Hakam: Undiano Malenko (Ispaniya).
26 sentabr. Leganes. «Estadio Municipal de Butarque» stadioni.

O‘tgan mavsumda barcha «Barselona»ning La Ligadagi mag‘lubiyatsiz seriyasidan hayratlangandi. Bu rekord yana uzoqroq davom etishini ham kutishgandi. Kataloniyaliklar ishonch bilan seriyani davom ettirishgan, mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlab, «Arsenal»ning 2004 yilgi rekordni yangilash tomon borishayotgandi. Ammo bu ro‘y bermadi. May oyi oxirida, mavsum yakuni arafasida «Barsa» «Levante»ga safar o‘yinida 4:5 hisobida yutqazdi. Bu o‘yinda jamoa ikkinchi bo‘lim boshida 1:5 hisobida ortda qolayotgandi. London jamoasi rekordi yana uzoq vaqt saqlanib qoladigan bo‘ldi.

Bu mavsumda esa ko‘k-anorranglilar jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi atigi 5 tur davom etdi. Oltinchi turda yana bir kuchsiz raqib, turnir jadvalida oxirgi o‘rinda borayotgan «Leganes»ga mag‘lub bo‘lindi - 1:2. Jamoa o‘yinida pasayish o‘tgan turda, shanba kuni «Jirona»ga qarshi uy o‘yinida ham sezilgandi. Jamoa Kataloniya derbisi maqomidagi o‘yinda ochko yo‘qotgandi - 2:2.

Madrid yaqinidagi hudud sharafini himoya qiladigan «Leganes» esa oltinchi turga qadar faqat bir o‘yinda durang o‘ynab, 4 marta mag‘lub bo‘lgandi va turnir jadvalida oxirgi o‘rinni egallab turgandi. Bu jamoa shu vaqtga qadar hech qachon ko‘k-anorranglilar jamoasini mag‘lub etishmagandi. Ammo hech qachon hech qachon demaslik kerak ekan.

«Leganes» ikkinchi bo‘limda 69 soniya ichida mehmonlar himoyachilari Fermalen va Pikening ikki qo‘pol xatosidan unumli foydalandi. El-Jar va «Real» tarbiyalanuvchisi, «Leganes»ga ijaraga berilgan 20 yoshli Oskar Rodrigesning zarbalari golga aylandi. Rodrigesning goli «Barselona»ni nokaut holatiga tushirdi. Bu Messining ko‘k-anorranglilar jamoasi libosida o‘tkazgan 700-o‘yini bo‘ldi. 

Ikki kun ichida kuchsiz raqiblar bilan o‘yinlarda 5 ochko yo‘qotgan «Barselona» juda saxiylik qilib yubormoqda va bu jamoaga keyinchalik qimmatga tushishi mumkin.

Sevilya uchburchagi
«Sevilya» - «Real» - 3:0 
(3:0)
Gollar: Andre Silva, 17 (1:0). Andre Silva, 21 (2:0). Ben Yyedder, 39 (3:0). 
«Sevilya»: Vatslik, Karrisu, Gomes, Ker, Xesus Navas, Sarabiya, Banega (Mesa, 90+1), F.Vaskes, Arana (Nolito, 85), Ben Yyedder (Promes, 69), Andre Silva.
«Real»: Kurtua, Nacho (L.Vaskes, 59), Varan, Serxio Ramos, Marselo, Modrich (Sebalos, 70), Kazemiro, Kroos, Beyl, Benzema (Dias, 59), Asensio.
Ogohlantirishlar: Beyl, 27. F.Vaskes, 34. Kroos, 64. Modrich, 65. Banega, 74. Sarabiya, 79. Dias, 87. 
Hakam: Ernandes Ernandes (Ispaniya).
26 sentabr. Sevilya. «Ramon Sanches Pisxuan» stadioni.

Keyingi 3 mavsumda «Real» dunyoning eng kuchli klubi bo‘ldi - jamoa Chempionlar ligasida qatorasiga 3 marta g‘olib chiqdi. Shu bilan birga, Madrid jamoasi bu 3 yil davomida «Ramon Sanches Pisxuan» stadionida bir marta ham g‘alaba qozona olmadi, uch mavsumdagi uch o‘yin ham «Sevilya»ning g‘alabasi bilan yakunlandi. Ko‘rinishidan, «qaymoqranglilar» jamoasi Sevilya uchburchagiga duch kelgandi.

Chorshanba oqshomida «Real»da bu vaziyatni o‘nglash uchun imkoniyat paydo bo‘lgandi. Sevilyadagi o‘yindan avval madridliklar «Barselona» bilan birga turnir jadvalida qo‘shhokimlik o‘rnatib turgandi. Sevilyaliklar esa o‘tgan turlarda «Betis»ga safarda, o‘z uyida «Xetafe»ga yutqazishgandi va turnir jadvalida 11-o‘rinda joylashgandi. Ammo jamoa «Qirollik klubi»ga qarshi boshqa kayfiyatda tushishi aniq edi.

Bu kayfiyat o‘yinda ham aks etdi - tanaffusga qadar «Sevilya» 3 bor mehmonlar darvozasini ishg‘ol etib ulgurdi. Avvaliga jamoaning yangi hujumchisi Andre Silva dublni rasmiylashtirdi va Ispaniya chempionati to‘purarlar poygasida birinchi o‘ringa chiqib oldi (6 gol).

Tanaffus arafasida Ben Yyedder raqib jarima maydonida erkin harakat qilib, Tibo Kurtuani dog‘da qoldirdi.

Oxirgi marta «Real» birinchi bo‘limda bunday yirik hisobda mag‘lub bo‘lishi 15 yil muqaddam, 2003 yil noyabrida kuzatilgandi. Bu o‘yin ham «Ramon Sanches Pisxuan»da kechgan va madridliklar sevilyaliklarga 0:4 hisobida yutqazishgandi. Ammo bu safar maydon egalari 3tadan ortiq gol ura olishmadi, Modrichning ofsayddan urgan goli inobatga olinmadi.

Sevilyaliklar bosh murabbiyi Pablo Machin qatorasiga ikkinchi o‘yinda «Real»ni mag‘lub etmoqda. O‘tgan mavsumda u «Jirona» rahbarligida madridliklar ustidan g‘alabaga erishgandi.

Chempionat yetakchilari bir kunda mag‘lub bo‘lishdi. Ikki jamoa chempionat o‘yinida bir kunda mag‘lubiyatga uchrashi keyingi 3 yilda ilk marta kuzatildi - 2015 yilning 4 yanvarida ko‘k-anoranglilar safarda «Real Sosedad»ga yutqazgandi (0:1), «Qirollik klubi» esa «Valensiya»dan mag‘lub bo‘lgandi (1:2).

Bu jamoalar endi atrofdagilarga o‘zlarining ojiz jihatlarini oshkor etib qo‘yishdi. Ispaniyada sovrin uchun kurash davom etadi.

Endilikda «Barselona» va «Real» 13tadan ochko bilan birinchi va ikkinchi o‘rinlarda joylashgan, bu turda «Ueska»ni ishonchli tarzda mag‘lub etgan «Atletiko» 11 ochko bilan uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Ispaniya chempionati
6-tur
Atletiko – Ueska 3:0 
(3:0, 0:0)
Gollar: 1:0 – 16 Grizmann, 2:0 – 29 Parti, 3:0 – 33 Koke.
Atletiko – Oblak, Karlos Isaak, Ximenes (Lyuka Ernandes, 39), Godin, Filipe Luis, Korrea, Parti, Koke, Lemar, Diyego Kosta (Jyelson Martinsh, 65), Grizmann (Kalinich, 53).
Ueska – Verner, Miramon, Echeyta, Ruben Semedu, Luizinyu (Akapo, 69), Aleks Galyar, Melero, Musto, Ferreyro, Ernandes (Agilera Nunes, 46), Longo (Avila, 56).
Ogohlantirishlar: Ruben Semedu (45), Musto (67).

Valensiya – Selta 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 25 Batshuayi, 1:1 – 82 Aspas.
Ogohlantirishlar: Aspas (45), Malo (48), Batshuayi (56), Beltran (75).

Atletik – Vilyarreal 0:3 (0:0, 0:3)
Gollar: 0:1 – 65 Fornals, 0:2 – 80 Funes Mori, 0:3 – 89 Toko-Ekambi.
Ogohlantirishlar: De Markos (73), Ruis (76).

Espanol – Eybar 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 68 Ermoso.
Ogohlantirishlar: Garsiya (25), Baptistao (60), Jordan (66), Bigas (74).

Real Sosedad – Rayo Valekano 2:2 (1:2, 1:0)
Gollar: 1:0 – 5 Bautista, 1:1 – 31 Advinkula, 1:2 – 36, penalti Trexo, 2:2 – 78 Villian Joze.
Ogohlantirishlar: Subeldiya (15), Advinkula (61), Kakuta (62), Moreno (77), Merino (81), Saldua (89), Trexo (90).

Mavzuga oid