O‘zbekiston | 20:49 / 02.10.2018
7419
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi baland qavatli binolarda yong‘inlarni monitoring qilish uchun kuzatuv kameralari o‘rnatildi

Toshkent shahrining 12ta baland qavatli binolarida sodir bo‘lgan yong‘inlarni tezlikda va telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lishidan avval aniqlash maqsadida 14ta yuqori sezgirlikdagi kameralar o‘rnatildi.

«Toshkent shahridagi 12ta baland qavatli binolarga va teleminoraga yuqori sezgirlikdagi, 360 darajadagi ko‘rish burchagiga hamda ularni dispetcher ish joyidan boshqarish imkoniyatiga ega 14ta IP kamera o‘rnatildi. Ushbu kameralar real vaqtda sodir bo‘lgan yong‘inlarni aniqlash va kuzatish imkonini beradi. Qisqa vaqt ichida ular olovning dastlabki bosqichida 20dan ortiq yong‘inni «101» raqamiga qo‘ng‘iroqlardan oldin aniqlashga yordam berganini ta'kidlash joiz. Shuningdek, bunday kameralar Toshkent, Samarqand va Namangan viloyatlarida pilot rejimda o‘rnatildi», deyiladi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YoXBB Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa markazi boshlig‘i Ulug‘bek Qosimovich Jo‘raboyevning ma'lum qilishicha, qayd etilgan viloyatlardagi yong‘in o‘chirish avtomobillari navigatorlar bilan jihozlangan bo‘lib, ularning harakatini onlayn rejimida kuzatish mumkin.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 maydagi «Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatida Yong‘in o‘chirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markazlari, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa markazlari tashkil etildi.

Bugungi kunda Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi Kuch va vositalarni boshqarish va muvofiqlashtirish markazida yong‘in o‘chirish samaradorligini, tezkorligini oshirishga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqildi. Ushbu tizim dasturiy-texnik komplekslarni, avtomatlashtirilgan vositalarning tezkor monitoringini, kuch va vositalarni boshqarishni hamda mavjud va istiqbolli avtomatlashtirilgan tizimlarni o‘z ichiga oladi», deyilgan xabarda.

Ayni vaqtda ushbu dasturni Samarqand, Namangan va Toshkent viloyatlari IIBlari Kuch va vositalarni boshqarish va muvofiqlashtirish markazlariga tatbiq qilish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid