Sport | 15:10 / 03.10.2018
15629
22 daqiqa o‘qiladi

Ronaldusiz «Real»ning antirekordi va Ronaldusiz «Yuventus»ning yirik g‘alabasi. YeChLda ikkinchi tur

Chempionlar ligasining 2-turida katta sensatsiya qayd etildi. Seshanba oqshomidagi o‘yinlarda TsSKA Moskvada asosiy yetakchilarisiz qolgan «Real»ni mag‘lubiyatga uchratdi (1:0). Turinda esa Dibala Ronalduning yo‘qligini bildirmadi, u bir o‘zi «Yang Boyz» darvozasiga 3ta gol yo‘lladi. «Tribuna» 4ta guruhda 2-tur o‘yinlaridan keyin yuzaga kelgan vaziyatga to‘xtaladi.

E guruhi
Bavariya (Germaniya) – Ayaks (Niderlandiya) 1:1 
(1:1, 0:0)
Gollar: 1:0 – 4 Xummels, 1:1 – 22 Mazraui.
Bavariya – Noyyer, Kimmix, Boateng, Hummels (Zyule, 90), Alaba, Martines, Alkantara, Robben (Xames, 62), Myuller, Riberi (Gnabri, 74), Levandovski.
Ayaks – Onana, Mazraui, de Ligt, Veber, Talyafiko, van de Bek (de Vit, 75), Shene, Blind, Ziyesh, Tadich, Neres (Dolberg, 85).
Ogohlantirishlar: van de Bek (21), Martines (40), Blind (51), Xames (78), Gnabri (88).

Germaniya chempionining Bundesligadagi oxirgi yo‘qotishlari («Augsurg» bilan durang va «Herta»dan mag‘lubiyat) tasodif emasligi ma'lum bo‘lib qoldi. «Ayaks» «Bavariya» uchun jiddiy muammo tug‘dirdi va hatto Myunxendan g‘alaba bilan qaytishiga bir baxya qoldi. Ko‘rinishidan, nemislar jamoasining yangi bosh murabbiyi Niko Kovach jamoa futbolchilari bilan aloqani yo‘qotmoqda. O‘yindan oldin Mats Hummels, Xavi Martines va Xames Rodriges xorvatiyalik mutaxassis tomonidan o‘tkazilayotgan rotatsiyalardan noroziligini bildirgandi.

Lekin aynan Hummels o‘yinda hisobni ochdi, 4-daqiqadayoq Aren Robbenning uzatmasi golga aylandi. Keyin esa «Bavariya» maydonda sekin harakatlana boshladi, Hummels va Martines javobgar bo‘lgna himoya markazi va tayanch zonasida «yoriqlar» paydo bo‘ldi. Natijada Dushan Matichning pasidan keyin Nussayr Marzaui hisobni tenglashtiruvchi golni urdi. Niderlandlar o‘yin davomida bir necha xavfli vaziyatlarni yaratishdi, o‘yin oxirida Manuel Noyyer Lasse Shonening jarima nuqtasidan yo‘llagan kuchli zarbasini bazo‘r qaytardi va «Bavariya»ni sharmandalikdan saqladi.

AYeK Gretsiya – Benfika Portugaliya 2:3 (0:2, 2:1)
Gollar: 0:1 – 6 Seferovich, 0:2 – 15 Grimaldo, 1:2 – 53 Klonaridis, 2:2 – 63 Klonaridis, 2:3 – 74 Alfa Semedu.
AYeK – Barkas, Bakakis, Ikonomu (Chosich, 68), Chigrinskiy, Xult, Galanopulos, Simoynsh (Rodrigo Galo, 79), Bakasetas, Klonaridis, Mantalos, Ponse (Yakumakis, 60).
Benfika – Vlaxodimos, Andre Almeyda, Diash, Konti, Grimaldo, Pitstsi (Alfa Semedu, 62), Feysa, Jyedson Fernandesh, Salvio (Lema, 46), Seferovich, Rafa Silva (Servi, 84).
Ogohlantirishlar: Diash (8), Ponse (34), Bakasetas (40), Andre Almeyda (79), Grimaldo (90).
Chetlatish: Diash (45).

AYeK va «Benfika» jangovar va hujumlarga boy o‘yin ko‘rsatishdi, jamoalar maydonda teng harakatlanishdi. Faqat o‘yinning oxirgi 15 daqiqaligida portugallar raqibga imkon qoldirishmadi. O‘yin boshida greklar tezkor gollar o‘tkazib yuborishdi, avvaliga Xaris Seferovich bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi, 15-daqiqada esa Pitstsi Alexandro Grimaldoni qulay vaziyatga chiqardi.

45+4 daqiqada Ruben Diashning chetlatilishi o‘yindagi muvozanatni o‘zgartirib yubordi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar hujumda faolroq bo‘lishdi va bu tabloda ham aks etdi. Viktor Klonaridis 53 va 63-daqiqalarda dublni rasmiylashtirdi. Belgiya fuqaroligiga ega bo‘lgan ushbu grek het-trik qayd etishga yaqin bo‘lgandi, ammo Germaniya fuqaroligiga ega boshqa bir grek, «Benfika» darvozaboni Odisseas Vlaxodimas muqarrar gollardan qutqardi. Qolgan vaqt davomida esa Alfa Semedu g‘alaba golini urdi. Bu g‘alaba portugallar jamoasining YeChLdagi mag‘lubiyatli seriyasiga barham berdi. «Benfika» 10 kishi bo‘lgan holda YeChLning guruh bosqichi va pley-off bosqichlari hisobga olinganida qatorasiga 8 o‘yindan iborat bo‘lgan mag‘lubiyatli seriyaga chek qo‘ydi.

Endilikda guruhda «Ayaks» 4 ochko bilan birinchi o‘rinda, to‘plar nisbati nisbatan yomonroq bo‘lgan «Bavariya» shuncha ochko bilan ikkinchi o‘rinda. «Benfika» ilk ochkolar evaziga uchinchi o‘rinda, kutilganidek guruh autsayderi - AYeK.

F guruhi
Hoffenhaym (Germaniya) – Manchester Siti (Angliya) 1:2 (1:1, 0:1)
Gollar: 1:0 – 1 Belfodil, 1:1 – 7 Aguero, 1:2 – 87 Silva.
Hoffenhaym – Baumann, Brenet, Akpoguma, Posh, Kaderjabek, Demirbay (Xak, 89), Xogma, Grillich (Bitenkur, 82), Joelinton, Salai (Kramarich, 54), Belfodil.
Manchester Siti –    Ederson, Uoker, Kompani, Otamendi (Stounz, 64), Laport, Silva, Fernandino, Gyundogan (Bernardu Silva, 68), Sterling (Marez, 75), Aguero, Sane.
Ogohlantirishlar: Otamendi (12), Fernandino (36), Demirbay (57), Uoker (66), Aguero (90).

Xosep Gvardiola 1-turda «Lion»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin YeChLning guruh bosqichidagi 5 o‘yinning har birini finalga qiyosladi. Yulian Nagelsman esa «Man Siti»ga qarshi ochiq o‘yin ko‘rsatishga va'da berdi. Amalda ham shunday bo‘ldi – «Hoffenhaym» o‘z murabbiyini ham hayratga solib, 44-soniyadayoq gol urdi! Nemislar qanotda to‘pni egallab olishganidan keyin tezkor hujumga o‘tildi va Isak Belfodil ofsayd chegarasida harakatlanib, darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi. Shundan so‘ng maydon egalari ehtiyotkorlik bilan o‘ynashga o‘tishdi. Qanotlarda Kayl Uolker va Emerik Laport o‘z pozitsiyalarida qolib, himoyani ushlashga harakat qilishdi. Vingerlar Leroy Sane hamda Rahim Sterling qanot chizig‘iga yaqin o‘ynashdi va markazga intilishmadi.

Sane tezlik bilan «Man Siti»ning javob golini keltirdi. U Serxio Agueroga to‘p uzatganida himoyachilardan biriga tekkan to‘p yo‘nalishni o‘zgartirgandi, ammo argentinalik futbolchi baribir gol urishning uddasidan chiqdi. Angliya chempioni o‘yin davomida «Hoffenhaym» himoyachini pressing qildi, ko‘p vaziyatlarda darvozabon Oliver Bauman qutqardi. Ikkinchi bo‘limning yarmi o‘tganida Gvardiola jamoasi 3 nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynay boshladi va bu o‘z samarasini berdi. 87-daqiqada David Silva nemislar jamoasi himoyachisi Stefan Poshning xatosidan keyin to‘pni egallab oldi va darvozani ishg‘ol etdi. O‘yinning oxirgi daqiqasida Sane jarima maydonida yiqitildi va hakam penalti bermadi. Lekin Gvardiola o‘zining birinchi finalida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi.

Lion (Fransiya) – Shaxtyor (Ukraina) 2:2 (0:1, 2:1)
Gollar: 0:1 – 44 Morayes, 0:2 – 55 Morayes, 1:2 – 70 Dembele, 2:2 – 72 Dyubua.
Lion – Antoni Lopesh, Dyubua, Marselo, Denayyer, Mendi, Tuzar, Ndombele (Diop, 87), Traore (Depay, 63), Fekir, Auar, Dembele (Korne, 81).
Shaxter – Pyatov, Matviyenko, Krivtsov, Rakitskiy, Ismaili, Maykon, Stepanenko, Marlos (Fernando Pedro, 90), Alan Patrik (Kovalenko, 75), Tayson, Morayes (Kayode, 83).
Ogohlantirish: Fekir (46).

«Lion» va «Shaxtyor» bolboylar uchun o‘yin namoyish etishdi. Frantsuzlar klubi o‘tgan mavsumda Yevropa Ligasi 1/8 finalida TsSKA bilan o‘yinda muxlislar tomonidan keltirib chiqarilgan tartibsizliklar uchun jazolangandi. Bu o‘yin Chempionlar ligasi muhitida o‘tmadi, ammo «konchilar» uchun bu foydali bo‘ldi.

Muxlislarsiz kechgan bo‘lsada, jamoalar 90 daqiqa davomida hujumkor futbol ko‘rsatishdi. Birinchi bo‘limda «Shaxtyor» ustunlik qildi. Buning evaziga mehmonlar birinchi bo‘lib gol urishdi, Tayson, Ismaili va Morayes kombinatsiyasidan keyin hisob ochildi. Ikkinchi bo‘lim boshida «Lion» qarshi hujumni o‘tkazib yubordi – ukrainlar raqibning 4 futbolchisiga qarshi 6 kishi bo‘lib borishdi va Morayes ajoyib zarba bilan dublni rasmiylashtirdi. Ammo hisobdagi ustunlikni «Shaxtyor» ushlab qololmadi. Bu jamoa to‘psiz harakatlanishga majbur bo‘lgach, himoyada xatolar yuzaga keldi. «Lion» 2 daqiqada 2 gol urdi: Mussa Dembele – bosh bilan, Leo Dyubua esa – jarima maydoniga yorib kirib uzatilgan pasga oyoq qo‘ydi. O‘yinning qolgan qismida «Shaxtyor»da safardan 3 ochko bilan qaytish imkoni bo‘lgandi: oxirgi daqiqalarda Olarenvadju Kayodening zarbasi darvoza to‘sinidan qaytdi.

Ikkinchi tur o‘yinlaridan keyin guruhda kutilmaganda «Lion» peshqadamlik qilmoqda, «Manchester Siti» va «Shaxtyor» ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda, «Hoffenhaym»ning guruhdan chiqish uchun imkoniyatlari pasaygan.

G guruhi
TsSKA (Rossiya) – Real (Ispaniya) 1:0 (1:0, 0:0)
Gol: 1:0 – 2 Vlashich.
TsSKA – Akinfeyev, Fernandes, Rodrigo Bekao, Chernov, Nababkin, Biyol, Axmetov, Vlashich, Dzagoyev (Yefremov, 65), Oblyakov (Kyrnats, 90), Chalov (Sigurdsson, 78).
Real Madrid – Navas, Karvaxal (Odriosola, 43), Varan, Nacho, Regilon, Kroos, Kazemiro (Modrich, 58), Sebalos, Vaskes (Dias, 58), Benzema, Asensio.
Ogohlantirishlar: Biyol (66), Oblyakov (90), Akinfeyev (90).
Chetlatish: Akinfeyev (90).

Jamoalarning 2012 yilgi uchrashuvi ishtirokchilaridan bu safar faqat ikki kishi maydonda edi - Dzagoyev va Benzema. Aslida bu miqdor ko‘proq bo‘lishi mumkin edi, ammo madridliklar jamoasi sardori Serxio Ramosga jamoa bosh murabbiyi Xulen Lopetegi dam berishga qaror qildi, u asosiy futbolchi butun Yevropani bosib o‘tib, uzoq Moskvaga borib toliqishini istamadi. Shennikov esa xuddi Marselo kabi jarohat tufayli o‘ynamadi (Marselo 2012 yilning yanvaridagi o‘yinda ham 90 daqiqa davomida matonat bilan zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgandi). 

Marseloning yo‘qligi «Qirollik klubi»ning nafaqat himoyasini, balki hujumini ham kuchsizlantirgan. Ushbu lateral hujumlar uyushtirishda ham, hujumlarni yakunlashda ham jamoaning asosiy futbolchilaridan sanaladi. Madrid derbisida ham uning yo‘qligi yaqqol sezilgandi. O‘sha o‘yinda braziliyalik futbolchi o‘rnini Nacho egallagandi, ammo u amplua bo‘yicha qanot himoyachisi emas, markaziy himoyachidir. Unga qanot o‘yinchisiga xos xususiyatlar yetishmasligi bilinib qoldi, chap qanotda faollik sezilmadi, faqat Sebalos tushishi bilan chap qanotdan ham hujumlar uyushtirilgandi. 

Moskvadagi o‘yinda esa Nacho boshqa bir jamoadoshi Ramos o‘rnini egalladi va madridliklarning chap qanoti butunlay bo‘shab qoldi. Rossiya chempionatidagi eng hujumkor o‘ng qanot himoyachisi bo‘lmish Fernandes qarshisida «Real»ning asosiy tarkibida bir daqiqa ham o‘ynamagan Regilon qoldi. Bu ikki omil moskvaliklar jamoasi o‘yinni hujumkorlik bilan boshlash uchun yetarli edi.

Tanaffus arafasida Karvaxal majburan almashtirilishi «Real»ning ikkinchi qanotini ham sustlashtirdi. O‘ng qanotda paydo bo‘lgan Odriolosa hali jamoa o‘yiniga kirishib ketmagani ko‘rinib qoldi - u shu kungacha Primera o‘yinlarida «Real» safida faqat bir o‘yinda maydonga chiqqandi.

Vlashich Modrichdan zo‘rroq chiqdi
Lopetegining o‘yin uchun zayavkasi Moskva klubi murabbiyini hayron qoldirgani aniq. Beyl, Isko, Ramos va Marselo o‘yinda bo‘lmasligi oldindan ma'lum edi, ammo jamoa Modrichsiz ham o‘yinga chiqishi to‘g‘ri qaror emasdi, ispanlar klubi bosh murabbiyi jamoaning Moskvaga kelgan tarkibidagi eng kuchli futbolchisini zaxirada qoldirdi. JCh-2018 finalchilaridan faqat Rafael Varan maydonda edi.

Xulen Lopetegi boshlang‘ich tarkib uchun Kazemiro va Kroosning klassi yetarli deb hisoblagandi. Ammo «Real»ning miyasi bo‘lmish Luka Modrichning yo‘qligi ilk daqiqalardanoq sezildi. Mezbonlar safida boshqa bir xorvatiyalik futbolchi Nikola Vlashich Kroosning ortga uzatgan to‘pini egallab olib, tezlik bilan oldinga harakatlandi va 2-daqiqadayoq hisobni ochdi.

Zarbalar bo‘yicha 4:14, gollar bo‘yicha 1:0
Bunday debyutni maydon egalari ham, mehmonlar ham kutishmagandi. «Armiyachilar» o‘yinning qolgan qismida g‘alabani saqlab qolish uchun o‘ynashdi. Ispanlar esa harchand oldinga intilishmasin, gol ura olishmadi. Birinchi bo‘limda Kazemiro va Benzemaning zarbalaridan keyin mezbonlar omad tufayli goldan saqlanishdi. Yana bir qancha zarbalarni Akinfeyev bartaraf etib turdi. Tanaffusgacha «Real» darvoza tomon zarba berish borasida Goncharenko jamoasini katta ustunlik bilan ortda qoldirgandi - 14:4, ammo gollar bo‘yicha 1:0 hisobi saqlanib qoldi.

Lopetegining befoyda urinishlari
Yaqindagina jahonning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan Luka Modrich uchun to‘liq dam berilmadi. Lopetegi ikkinchi bo‘limda baribir uni maydonga tushirishga qaror qildi. U bilan birga maydonga Mariano ham chiqib keldi. U o‘tgan mavsumda «Lion» safida «armiyachilar»ni ranjitishga ulgurgandi. Modrich va Mariano 58-daqiqada Kazemirov va Vaskesni almashtirishdi va ispanlar bosh murabbiyi o‘yin yakuniga yarim soat vaqt borligida barcha o‘zgarishlarni amalga oshirib bo‘ldi. Goncharenko esa bu almashtirishlarga tezkor reaksiya bildirdi - Dzagoyev o‘rniga Yefremov tushirildi. TsSKA uchun qo‘shimcha himoyachi ortiqchalik qilmadi.

Akinfeyev nima degandi?
O‘yinning oxirgi daqiqalari juda keskin kechdi. Bu dejavyuga ham o‘xshardi: 3 oy muqaddam Ispaniya terma jamoasiga qarshi o‘yinning asosiy vaqti yakunida, hisob 1:1 ko‘rinishida ekanida ruslar qamal holatida qolishgan va qiyinchilik bilan qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tishgandi.

Bu o‘yinning oxirgi daqiqalarida esa Akinfeyev qurbon qilinishi evaziga g‘alaba saqlab qolindi. Darvozabon rumniyalik hakam tomonidan «sportga xos bo‘lmagan xatti-harakatlari» uchun chetlatildi. Uning o‘rniga 19 yoshli darvozabon, TsSKA tarbiyalanuvchisi Kirnats o‘yinni yakunlab qo‘ydi.

Antirekordning takrorlanishi
Shu tariqa, Madrid jamoasi golsiz seriyani davom ettirdi. Bundan avval «qaymoqranglilar» «Sevilya»ga yutqazib (0:3), «Atletiko» bilan durang (0:0) qayd etishgandi. Ketma-ket uch o‘yinda gol kiritilmaslik holati «Real»da so‘nggi marta 2006/07 yillar mavsumida kuzatilgan, o‘shanda Fabio Kapello jamoa dekabr-yanvar oylaridagi 3 ta o‘yinni ketma-ket golsiz o‘tkazgan edi.

Qolaversa, bu o‘yinda «Real»ning YeChLdagi 29 o‘yin davom etgan golli seriyasiga barham berildi. 

Roma (Italiya) – Viktoriya Plzen (Chexiya) 5:0 (2:0, 3:0)
Gollar: 1:0 – 3 Jyeko, 2:0 – 40 Jyeko, 3:0 – 64 Under, 4:0 – 73 Klyuyvert, 5:0 – 90 Jyeko.
Roma – Olsen, Florentsi, Fasio, Jyezus, Kolarov (Pellegrini, 74), Kristante, Nzonzi, Under (Dzanolo, 74), Pellegrini (Shik, 74), Klyuyvert, Jyeko.
Viktoriya Plzen – Kozachik, Rjyeznik, Geyda, Gubnik, Limberski, Proxazka, Groshovski, Zeman (Ekpay, 71), Gorshava (Kolarj, 64), Kovarjik, Krmenchik (Rjyeznichek, 78).
Ogohlantirishlar: Geyda (51), Shik (88).

Bu uchrashuvda intriga deyarli yo‘q edi. Kutilganidek, «Roma» «Viktoriya»ni osonlik bilan mag‘lub etdi. Rimliklar jamoasi A Seriya o‘yinlari bilan qo‘shib hisoblaganda, qatorasiga uchinchi uchrashuvda g‘alaba qozondi va bosh murabbiy Eusebio di Francheskoning iste'fosi masalasi keyinroqqa qoldirildi.

2016 yilning kuzida ham Edin Jyeko «Viktoriya» darvozasiga 3ta gol urgandi, faqat bu o‘yin Yevropa Ligasi doirasida kechgandi. Bosniyalik hujumchi endi bu natijasini YeChLda takrorladi. 2005-2007 yillar mobaynida Chexiyaning «Usti-nad-Labem» va «Teplitse» klublarida o‘ynagan futbolchi chex klubiga urgan gollarini aytarli nishonlamadi - u o‘z gollarini o‘ta osonlik bilan urdi ham. U shuningdek, Jyengiz Underning golida ishtirok etdi. Bu o‘yinda rimliklar safida 19 yoshli Jastin Klyuvert debyut golini nishonladi.

Endilikda guruhda kutilmaganda TsSKA peshqadam bo‘lib olgan, «Real» va «Roma» 3tadan ochko jamg‘argan, «Viktoriya» oxirgi o‘rinda.

H guruhi
Manchester Yunayted (Angliya) – Valensiya (Ispaniya) 0:0 (0:0, 0:0)
Manchester Yunayted – De Xea, Valensiya, Bayi, Smolling, Shou, Fellayni, Matich, Pogba, Sanches (Marsiyal, 76), Lukaku, Reshford.
Valensiya – Neto, Pichchini, Garay, Gabriel, Gayya, Koklen (Soler, 78), Parexo, Kondogbia, Gedesh (Cheryshev, 83), Rodrigo, Batshuayi (Gameyro, 73).
Ogohlantirishlar: Koklen (21), Rodrigo (32), Parexo (45), Pichchini (85), Lukaku (86), Gayya (87), Kondogbia (90).

«Old Trafford»dagi o‘yin «Manchester Yunayted» avtobusi yo‘lda tirbandlikda qolib ketishi tufayli biroz kechikib boshlandi. Ehtimol, Joze Mourino buni yomon alomat sifatida qabul qilgandir. Jamoa 3 o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayotgandi, u bu voqeani ham taqdir belgisi sifatida qabul qilgan bo‘lishi mumkin. YeChLning 1-turida «Yang Boyz» ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabadan keyin jamoa ichki chempionatda 2 o‘yinda 1 ochko to‘pladi, Angliya ligasi kubogida chempionship vakili «Derbi Kaunti»ga yutqazib, turnirni tark etdi.

To‘rtinchi o‘yinda ham Mourino jamoasining g‘alabasiz seriyasi davom etdi. Bu o‘yin YeChLning joriy mavsumida gol urilmagan birinchi o‘yini bo‘ldi. Birinchi bo‘lim uchun muxlislar pul to‘lab o‘yinga tushganliklari uchun afsuslanishsa arziydi - jamoalar ochiqchasiga zerikarli o‘yin namoyish etishdi. Tanaffusdan keyin «MYu» hujumdagi faollikni oshirdi va o‘z uyida 3 ochko olish uchun harakat qildi. O‘yinning oxirgi daqiqalarida Markus Reshford gol urishga yaqin keldi, ammo uning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘sinidan qaytdi. 

YeChLdagi yubiley - yuzinchi o‘yinini o‘tkazgan «Valensiya»da endi «Old Trafford»da o‘tkazilgan 5 o‘yindan 4ta durang mavjud. «MYu»ni esa YeChLning keyingi turlarida «Yuventus»ga qarshi safardagi va uydagi o‘yinlar kutmoqda.

Yuventus (Italiya) – Yang Boyz (Shveytsariya) 3:0 (2:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 5 Dibala, 2:0 – 33 Dibala, 3:0 – 69 Dibala.
Yuventus – Shchensni, Bardzali, Bonuchchi, Benatiya, Kuadrado, Pyanich (Xedira, 70), Matyuidi (Djan, 46), Aleks Sandro, Bernardeski, Dibala, Manjukich (Kin, 78).
Yang Boyz – fon Ballmos, Shik, Kamara, fon Bergen, Benito, Sanogo (Lauper, 46), Suleymani (Ngamale, 70), Bertone, Sou, Fassnaxt (Assale, 71), Oaro.
Ogohlantirishlar: Bertone (24), Sanogo (41), Kamara (75).
Chetlatish: Kamara (78).

Agar «Yuventus»dan Krishtianu Ronaldu qaysi o‘yinni o‘tkazib yuborishiga rozi bo‘lishi so‘ralganida, «Yang Boyz» nomi aytilgan bo‘lardi. Turinliklar bu klubni portugaliyalik yulduzsiz o‘ynab ham hech qanday muammosiz mag‘lub etishdi. Italiya chempioni uchun guruh autsayderi hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadi. Bu o‘yin ishonchlarni oqlamasdan, zaxira futbolchisiga aylanib borayotgan Paulo Dibala uchun atalgandi. U avvaliga Leonardo Bonuchchining maydonning ikkinchi qismidan uzatgan to‘pini to‘xtatmasdan shveysariyaliklar darvozasiga joyladi. Keyin Matyudining kuchli zarbasidan keyin ustunga tegib qaytgan to‘pni darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi. Uchinchi gol urilgan vaziyatda esa asosiy ishni Kuadrado amalga oshirdi - u darvoza chizig‘i oldida turgan argentinalik hujumchiga to‘pni tashlab berdi.

O‘yinni boshqarib borgan rossiyalik hakam Sergey Karasev ikkinchi bo‘lim oxirida Dibalaning yuziga urgan Muhammad Alini maydondan chetlatdi.

Bu natijalardan keyin «Yuventus» 100 foizlik natija bilan guruhda peshqadam bo‘lib qolmoqda, «MYu»da 3, «Valensiya»da 1 ochko bor, «Yang Boyz» Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun harakat qilib ko‘radi.

Mavzuga oid