O‘zbekiston | 17:28 / 08.10.2018
5762
3 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya: "Yashil" texnologiyalar 5-10 yildan keyin nimaga olib keladi?

Ekologik muammolarni faqat davlat yoki "yashil" texnologiyalar hal qila olmaydi, bu sayyorada yashovchi har bir insonga bog‘liq. KUN.UZ muxbiri Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi ijrochi direktori, professor Iskandar Abdullayev bilan shu mavzuda suhbatlashdi. 

Iskandar Abdullayev

"Ekologik muammolarni faqat davlat hal qila olishiga ishonmayman. Davlat - qoidalarni belgilovchi o‘yinchi, qolgan o‘yinchilar esa - biz, fuqarolar. Aksariyat holatlarda ekologik muammolar haqida gapiramizu, lekin uni bartaraf etish uchun hech narsa qilmaymiz. Ko‘chada mashina yuvamiz, atmosferani ifloslantiramiz. Albatta, bugun ishbilarmonlar ekologiyaga sarmoya kiritishidan manfaatdormiz, biroq boshqa tomondan ular bunga pul tikkani bilan ekologiya darhol yaxshilanib qolayotgani yo‘q. Jamoatchilikning o‘zi bunday yashashda davom etishni istamasligi, suv havzalari, atmosferani ifloslantirmasligi, bolalar kasal bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak", - deydi Iskandar Abdullayev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamiyat o‘z vazifasini bajarmas ekan, 5-10 yildan keyin ekologik muammolar hal bo‘lib qolmaydi. Shunchaki vaziyat yaxshilanadi, texnologiya takomillashadi, kamroq chiqindi tashlanadi. 

"Arktika va Antarktidada juda ko‘plab muzliklar erimoqda. Bu esa atomosferaga SO2 chiqishini ko‘p baravarga oshiradi. 6 yil davomida haroratning 1,5-2 darajaga isishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak, biroq agar vaziyat shunday jadallik bilan davom etaversa, uch yildan keyinoq bu chegarani xatlab o‘tamiz. Dunyoda shunday hodisalar bo‘ladiki, ularni inson va jamiyatning o‘zi to‘xtatishi kerak. Biznes ham jamiyatning bir bo‘lagi. Shunday ekan, faqat texnologiyalar yoki faqat davlatning o‘zi ekologiyadagi muammolarni bartaraf eta olmaydi, odamlar ham tabiat ne'matlaridan oqilona foydalanishlari kerak", - deya xulosa qiladi olim. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid