Light | 12:28 / 22.10.2018
12036
4 daqiqa o‘qiladi

Shaxs sifatida rivojlanish mavzusiga bag‘ishlangan kitoblardagi 7 asosiy g‘oya

Ko‘pchilik bunday kitoblarga mensimagan holda munosabat bildirishadi, bu bekorga emas. Chunki u yerda ikkilamchi fikrlar juda ko‘p bo‘ladi. Bu kabi yuzlab nashrlarning ma'nosiga teng bo‘lgan asosiy yetti jihat quyidagilardan iborat.

Foto: Layfxaker

Bunday kitoblarning har biri 10 foiz foydali maslahatlar, 90 foiz qo‘shimcha fikrlardan iborat. Muallif vaqtining ko‘p qismini nima uchun uning maslahatlariga amal qilishimiz kerakligini tushuntirishga bag‘ishlaydi. Odam shunday yaratilgan. Dastlab ishontirish, keyin esa biror narsa qilishga undash kerak.

Keling, har bir ana shunday rag‘batlantiruvchi kitobdagi o‘sha 10 foizni birlashtiramiz.

1. Aqlingizni nazorat qilsangiz, hayotingizni ham nazorat qilasiz

Bu muvaffaqiyatga erishish haqida yozilgan har qanday kitobdagi fikr. Mazkur oddiy haqiqatni yodda tutish  va unga amal qilish – oson ish emas. Axir aqlimiz ham doimiy emas.U injiq bola kabi intizomni yomon ko‘radi.

2. Fikrlaringizdan ustun bo‘ling, ana o‘shanda o‘z harakatlaringizni ham nazorat qila olasiz

O‘ylash amalga oshirishni anglatmaydi. Harakat qilmasangiz, hech narsaga erishmaysiz. Bo‘m-bo‘sh fikrlar sizni haqiqiy maqsaddan uzoqlashtirishiga yo‘l qo‘ymang. Diqqatingizni sizni divandan turish va harakat qilishga undaydigan fikrlarga qarating.

Orzu qilmang. Erishing!

3. Fikrlar nazorati kundalik amaliyotni talab qiladi

Bu tajriba qaysi shaklda o‘tishini o‘zingiz hal qiling. Meditatsiya, kundalik tutish – istalgan ko‘rinish. Muhimi – qadam-baqadam ijobiy fikrlashga o‘tish.

4. Maqsadga erishish  uchun foydali odatlarni shakllantirish kerak

Odatlarni nazorat qilish uchun tizim ishlab chiqish lozim. Besh kilogrammga ozish bu – maqsad. Kuniga 1200 kilokaloriya iste'mol qilish bu – tizim. Dastlab maqsadingizni aniqlang, keyin esa reja tuzing va unga har kuni amal qiling. Odatlaringiz kelajagingizni belgilaydi. Shuning uchun uni yaxshilab o‘ylash – muhim.

5. Natija uchun vaqt kerak

Sehrli tayoqchaning bir harakati bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Biroq chekinmang! Agar har kuni maqsadingiz sari olg‘a yursangiz, bir yildan keyin yutuqlaringizdan hayratga tushasiz.

6. Aybni o‘zgalarga to‘nkamang

Hayotingiz uchun  faqat o‘zingiz mas'ulsiz. Biz har doim ham baxtsizlik oldini ololmaymiz. Biroq u bizga qanday ta'sir qilishini aniqlash o‘z qo‘limizda. Har bir kun bizga ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi. Biz uchun har qanday yo‘llar ochiq, qadam qo‘ysak bo‘lgani. O‘zingizni oqlamang, harakat qiling.

7. Ezgulikka intiling

Dunyoda salbiy omillar shu qadar ko‘pki, unga o‘z hissangizni qo‘shmang. Kuningiz juda yomon o‘tgan bo‘lsa-da, alamingizni boshqalardan olib, jahl qilmaslikka harakat qiling.

Mavzuga oid