Jamiyat | 11:20 / 23.10.2018
25848
5 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta'lim tizimidagi «o‘yinlar». Aslida nima bo‘lgan?

«Kun.uz» tahririyatiga Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta'lim tizimidagi muammolar, kamchiliklar va sodir bo‘layotgan noqonuniy holatlar haqida murojaat kelib tushdi.

Ushbu murojaatni o‘rganish davomida tuman hokimi A'zamxon Bahromov murojaatda keltirilgan holatlar tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilishi va xulosa qilinishini bildirgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, shundan keyin tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi va muassasalari faoliyati Samarqand viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi bo‘yicha ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Xulosalar murojaatchi va tegishli tashkilotlar mutasaddilariga taqdim etilgan. Bizga taqdim etilgan xulosa va ma'lumotlarni Samarqand viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi bo‘yicha ichki audit, moliyaviy va xuquqiy nazorat bo‘limi mas'ul xodimi ham tasdiqladi.

Ma'lumotda keltirilishicha, tumandagi 18-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi H.Otamurodova bepul tarqatilishi lozim bo‘lgan prezident Shavkat Mirziyoyevning portretining ikkitasini tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mutasaddilariga 20 ming so‘m berib olgan. «Ilk qadam» o‘quv dasturi uchun 28 ming so‘m bergan. Ushbu holatni 18-sonli MTM tarbiyachilari M.Berdiyeva, L.Baxtiyorova va G.Murtozayeva ham tasdiqlagan.

7-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida 2018 yil iyun oyida xodimlarga berilishi kerak bo‘lgan naqd pul shaklidagi 3 million 285 ming 680 so‘m ish xaqi xodimlarga tarqatilmasdan ikki nafar ishchi tomonidan imzolar qo‘yilib, tarbiyalanuvchilarning badal pullariga to‘langan.

23-sonli maktabgacha ta'lim muassasasining xodimlariga tarqatilishi kerak bo‘lgan 2018 yil fevral oyidagi naqd pul shaklidagi 3 million 600 ming so‘m mukofot puli tarqatilgani rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, xaqiqatda esa xodimlar mukofot pullarini olmaganliklarini ma'lum qilgan.

Ushbu holat yuzasidan muassasa mudirasi bilan suhbatlashilganda, u 2018 yil fevral oyida xaqiqatdan ham xodimlarga mukofot pullari tarqatilmagani, ushbu mukofot pullari mablag‘ini tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri F.Hamdamovaga berganini yozma ravishda ma'lum qilgan.

55-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida 2 nafar ishlamagan xodimga qo‘shib yozish evaziga va 18 million 235 ming 263 so‘m ishga kelmagan xodimlarga to‘langani rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 4 million 424 ming 207 so‘m ish haqi olishi kerak bo‘lgan ishchi-xodimlarga berilmagan.

26-sonli muassasada ham 14 million 174 ming 021 so‘m ishlamagan xodimlarga ortiqcha ish haqlari to‘langan. 3 million 598 ming 929 so‘m ishchi-xodimlarga berilishi kerak bo‘lgan naqd pul mablag‘lari tarqatilgani rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, xaqiqatda esa o‘sha naqd pullar xodimlarga berilmagan. Bundan tashqari, 19-sonli muassasada 2 million 339 ming 504 so‘m ishlamagan xodimga ortiqcha ish haqlari to‘langan.

Samarqand viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi bo‘yicha ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat bo‘limi ma'lumotida keltirilishicha, 46-sonli maktabgacha ta'lim muassasaning shaxsiy hisob varag‘idan «Marjona Dil Gulijon» MChJga 2017 yil 25 dekabrdagi shartnomaga asosan 2017 yil 28 dekabrda mebel jihozlari uchun 11 million 628 ming pul mablag‘i to‘lab berilgan. Ushbu mebel jihozlarini 46-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida  mavjud emas.

Ushbu mebel jihozlari 46-sonli maktabgacha ta'lim muassasasiga keltirilmagan bo‘lsa-da, markazlashgan hisobxona tomonidan muassasaga 2017 yil dekabr oyida kirim qilingani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan muassasa mudirasi Sh.Sanaqulova haqiqatan ham mebel jihozlari keltirilmaganini tasdiqlagan.

O‘rganishlar davomida arizada keltirilgan mudira va xodimlarni lavozimga tayinlashdagi bir nechta qonun buzilishlari ham o‘z tasdig‘ini topgan. Tumani maktabgacha ta'lim bo‘limining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassisning ish faoliyatini o‘rganilganda ham bu borada qator kamchiliklar aniqlangan.

 Shuningdek, tumandagi maktabgacha ta'lim muassasalaridagi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, tarqatish borasida ham kamomadlarga yo‘l qo‘yilgan.

O‘rganish natijasida tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi va maktabgacha ta'lim muassasalarida yuqoridagi holatlar bo‘yicha jami 78 million 121 ming 269 so‘m moliyaviy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Samarqand viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi bo‘yicha ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat bo‘limi mas'ul xodimi ushbu aniqlangan holatlar yuzasidan ma'lumot prokuratura organlariga taqdim etilganini bildirdi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li

Mavzuga oid