Jahon | 13:13 / 01.11.2018
35588
2 daqiqa o‘qiladi

Juda katta qimmatbaho zumrad topildi

Zambiyada juda katta zumrad kristalli topildi. Bu haqda Fox News xabar bermoqda.

Foto: Gemfields

2 oktabr kuni geolog Debapriya Rakshit va konchi Richard Kapeyta Britaniyaning rangli qimmatbaho toshlar qazib olish bo‘yicha Gemfields kompaniyasiga qarashli Kagem konida og‘irligi 5655 karat (1,1 kg) bo‘lgan zumradni topishdi.

Kompaniya vakillari toshning «noodatiy» sofligi va uning «mutlaqo muvozanatga ega oltin-yashil rangi»ni qayd etishdi. Ularning ta'kidlashicha, so‘nggi oylar davomida konning o‘sha qismida ko‘plab noodatiy toshlar topilgan, biroq ular bu topilma bilan hajm, rang va sofligi bo‘yicha raqobatlasha olmaydi. Toshga «Inkalamu» nomi berildi, u bembu tilidan tarjima qilinganda sher ma'nosini beradi.

Foto: Gemfields

Gemfields gemmologi Elena Besalya buni sanoat uchun «muhim topilma», deb atadi. Uning qayd etishicha, Zambiyadan topilgan yuqori sifatli zumradlar Yevropaning yetakchi zargarlik uylarida katta talabga ega. Ayni paytda, «Inkalamu»dan qancha qirralangan zumradlar paydo bo‘lishini aytish qiyin, lekin «bu tosh gemmologiya tarixiga kirishi aniq».

Tosh noyabr oyida Singapurda savdolarga qo‘yiladi. Uning taxminiy qiymati ikki million funt sterling. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid