Jamiyat | 22:08 / 07.11.2018
44340
16 daqiqa o‘qiladi

Xorazmlik jurnalist o‘zining qo‘lga olinishi tafsilotlarini so‘zlab berdi

Xorazmlik jurnalist, Qo‘shko‘pir tumanida istiqomat qilayotgan va «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Davlatnazar Ro‘zmetov 29 oktabr kuni hibsga olinib, Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudi tomonidan 7 sutkalik qamoq jazosiga mahkum qilingan edi.

5 noyabr kuni Ro‘zmetov ozodlikka chiqdi va bo‘lib o‘tgan voqealar to‘g‘risida KUN.UZ muxbiriga batafsil intervyu berdi.

«Avvalo meni va oilamni qo‘llab-quvvatlab turgan do‘stlarimga, hamkasblarimga va umuman barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. 29 oktabr kuni Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudi hukmiga asosan 7 sutkaga qamaldim. Muddat tugagach, Xudoga shukr, 5 noyabr kuni ozod bo‘ldim» — deb so‘zini boshladi Davlatnazar Ro‘zmetov.

«Bo‘lib o‘tgan voqea Qo‘shko‘pir tumani hokimi Jo‘rabek Rahimov bilan oramizda yuzaga kelgan ziddiyat natijasi deb hisoblayman.

U bilan ish jarayonimda tanishganman. Jo‘rabek Rahimov Bog‘ot tumani hokimi bo‘lib ishlaganida men jurnalistik surishtiruvini o‘tkazib, aholi uchun mo‘ljallangan ko‘mirning noqonuniy ravishda sotilayotgani haqida «Qog‘oz bilan isinib bo‘lmaydi», degan maqola yozgan edim. Maqola 2018 yil 31 yanvar kuni «Xorazm yoshlari» gazetasida chop etildi.

Shundan so‘ng, Bog‘ot tumani IIB tergovchisi gazetamiz muharriri Erpo‘lat Baxtga bosim o‘tkazishga, uni xorijdagilar bilan aloqadorlikda, u yerdan moddiy yordam olayotganlikda ayblashga urinib ko‘rdi. Biroq, hech narsa qilolmadi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, Jo‘rabek Rahimov Qo‘shko‘pir tumaniga hokim qilib tayinlandi.

25 oktabr kuni do‘stim qizini uzatayotgani tufayli, to‘yga bordim. Davrada o‘tirib, bir piyola aroq ichdim. Suhbatlashib o‘tirganimizda, menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Qo‘shko‘pir tumani hokimiyatida o‘qituvchi va shifokorlarni paxtaga jalb qilish masalasi ko‘rilayotganini eshitdim. Keyin tezda majlisga yetib keldim. Majlislar zalining eshigi oldida 3-4 nafar yigit turgan ekan.

Ichkariga kirmoqchi bo‘lganimda, orgotdel boshlig‘i Bahodir degan yigit to‘sqinlik qilishga urindi. Shunda hokim biz tortishib turganimizni eshitib: «Siz nima qilib yuribsiz?» deb so‘radi. Men «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri o‘rinbosariman, bu ochiq majlismi yoki yopiqmi? Agar ochiq bo‘lsa, kirib o‘tirmoqchiman, yopiq bo‘lsa chiqib ketaveraman», — dedim. «Ochiq majlis, o‘tiring», — dedi. Men o‘tirdim. Shunda hokim: «Qisqasi, bor gap shu, boshqa narsalarni ertaga so‘zlashamiz, majlis tamom», — dedi va chiqib ketdi. Orqasidan borib, hokim oldiga kirmoqchi edim, ruxsat berishmadi.

Shu payt fuqarolik kiyimidagi ikki yigit qo‘limni qayirib, tashqariga olib chiqib ketdi. Kuch bilan «DAMAS» mashinasiga o‘tqazishdi. Ulardan biri «Sen kimsan?», — dedi. Guvohnomamni ko‘rsatib: «Men jurnalistman, gazeta muharriri o‘rinbosariman», — dedim. «Nega burnimga guvohnomangni tiqishtirasan», — dedi va kutilmaganda qornimga musht tushirdi. «Senga kim huquq berdi bunday qilishga?», — dedi. «Menga qonun huquq bergan, prezident huquq bergan», — dedim. «Sen mening sovunimga kir yuvmabsan, endi daf bo‘lasan, sen kimlar bilan o‘ynashganingni bilasanmi?», — dedi. Bu yigit o‘zini tanishtirmadi, ammo uning kimligini keyinchalik bilib oldim.

Shundan so‘ng, kechki soat 22.00 atrofida Qo‘shko‘pir tumani markaziy shifoxonasiga olib borishdi. Navbatchi shifokor menga «qo‘lingni burningga tekkiz, yuqoriga ko‘tar, pastga tushir, o‘tir, tur», degan buyruqlar bilan mastlik darajamni tekshirib ko‘rdi. Men mast holatda emasdim va unga «qon tahlili olinglar, mastlik darajasi ma'lum bo‘ladi», — dedim. Shunda shifokor kuldi va xonadan chiqib turishimni so‘radi. Yo‘lakda turib, shifokorning xonadagi so‘zlarini eshitib turdim. Shifokor meni olib kelgan IIB xodimiga: «Buni nima qilmoqchisizlar?», — deb so‘radi. IIB xodimi: «Buni hushyorxonaga olib borish kerak, xulosa yozib bering», — dedi. Shifokor unga: «Agar bundan qon tahlili olib, tekshirib, xulosa bersam, hushyorxona buni qabul qilmaydi. Ichgan bo‘lishi mumkin, lekin mastlik darajasi juda past. Qon olish uchun menda asos bo‘lishi kerak, xatti-harakatlari bejo bo‘lishi kerak, shubhali bo‘lishi kerak. Bundan qon olmayman», — dedi.

Keyin Qo‘shko‘pir tumani IIB binosiga olib ketishdi va jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i xonasiga olib kirishdi. U yerda meni «DAMAS» avtomobili ichida urgan shaxsni ko‘rdim. Xodimlar uni «Jur'at og‘a», deb chaqirishlaridan, ismini ham bilib oldim. Kirganim zahoti u meni qattiq tepdi. Tentirab ketdim, telefonim ham tushib ketdi. Jur'at telefonni qo‘liga olib, «Kodni ayt», — dedi. Aytdim. Keyin telefonimdagi yozishmalarni o‘qidi. Shundan so‘ng, yana bir xodim bilan telefonimdagi materiallarni o‘chira boshladi. Unda Qo‘shko‘pir tumanidagi shikoyatlar bo‘yicha o‘rganilgan materiallar, intervyu videolari, xususan, hokim majlisida tushirilgan voqealar ham bor edi. 1,5 soat vaqt davomida barcha materiallarni o‘chirishdi.

Shundan so‘ng, Jur'at: «Qisqasi, ichganman deb yaxshilikcha yozasanmi yo bo‘lmasa yana «ishlaymizmi»? Agar tonsang, seni uzoq muddatga «tiqaman», hozirni o‘zida cho‘ntagingga «tashlayman». Yaxshilikcha yoz, «ichganman, kirib majlisni buzdim», deb yoz», — dedi.

Men: «Mayli, yozaman, ammo bir kun kelib chiqaman-ku?» — dedim. «Menga do‘q urma!» — deb qornimga yana bir zarba tushirdi. Shundan so‘ng aytganlarini yozib berishga majbur bo‘ldim.

Keyin meni Xiva tumanidagi narkologiya dispanseriga olib borishdi. U yerda shifokor meni qabul qilishni istamadi. Chunki mastligim haqida Qo‘shko‘pir tumani shifokori xulosasi yo‘q edi. Hushyorxonaga topshirish uchun odam uyini topolmaydigan darajada mast bo‘lishi kerak ekan. Meni olib borgan uchastka noziri shifokorni kim bilandir telefonda gaplashtirdi, menimcha, Jur'at bilan. Keyin hushyorxona olib qolishga rozi bo‘ldi.

Shundan so‘ng, profilaktika inspektori meni chetga tortib: «Davlat og‘a, hech qayerga shikoyat qilmang, bo‘lib o‘tgan voqealarni oshkor qilmang, bor gap shu yerda qolsin. Yoshullini aytganiga qaramay, sizni qo‘yib yuboramiz. Sizga hech narsa bo‘lmaydi, jarimaga ham tortilmaysiz. Sizga e'tirozimiz yo‘q, ertaga qo‘yib yuborishadi, faqat kelishaylik», — dedi. Men hech qayerga shikoyat qilmaslikka rozi bo‘ldim.

Ertalab hushyorxonadan chiqib, ishga ketdim. Oradan bir necha kun o‘tdi. 29 oktabr kuni Urganch shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro matematika olimpiadasini yoritish uchun bordim. Shunda profilaktika inspektori menga qo‘ng‘iroq qilib, qayerdaligimni so‘radi. «Urganchdaman», deganimdan so‘ng, Qo‘shko‘pir tumani IIB xodimlari yetib kelishdi. «Sizni tuman IIB boshlig‘i Temur og‘a chaqiryapti. Bir og‘iz gapi bor ekan, keyin qaytib kelasiz. O‘zimiz opkelamiz, tezda qaytasiz», — deyishdi.  

Mashinaga o‘tirganimizdan so‘ng, sudga olib ketishayotganini bildim. Bundan hayron qoldim, chunki menga hech qanday chaqiruv qog‘ozi ko‘rsatilmadi.

Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudiga bordik. Uchastka noziri menga ijro varaqasi degan hujjatga imzo qo‘ydirmoqchi bo‘ldi. Shunda ish jiddiy tus olganini, meni qamashmoqchi ekanini tushundim. Ammo, imzo chekishdan bosh tortdim.

Soat 16:30da sud boshlandi. Unda prokuror qatnashdi, hokimiyatda ishlaydigan uch yigit guvoh sifatida ishtirok etishdi. Dastlab so‘z menga berildi.

Men sud raisiga murojaat qilib, menga hech kim ma'muriy sudlanishim haqida xabar bermaganini, chaqiruv qog‘ozi yuborilmaganini, ish joyimdan aldab olib ketishganini, sudga ketayotganimni yo‘lda bilganimni aytdim. Menda ham o‘zimni himoya qilish huquqi bo‘lsa kerak?

Sud raisi mendan: «Axir siz bugun ichmaganmisiz? (hozirgina ushlab kelishmadimi, degan ma'noda)», — deb so‘radi. «O‘zingizni o‘zingiz himoya qila olasizmi yo advokat kerakmi?», — dedi. «O‘zimni o‘zim himoya qilaman, ammo men guvohlarimni olib kelishim mumkin edi. Telefonda isbotlarim bor edi, uni o‘chirib tashlashdi. Bu ma'lumotlarni tiklash uchun vaqt kerak edi», — dedim.

«Bundan tashqari, mana prokuror yonida aytishim mumkin, Jur'at ismli xodim meni urib, o‘z aybimga iqrorligimni majburlab yozdirdi. Men hech kimni so‘kmadim, haqorat qilmadim. O‘zimni aybsiz deb hisoblayman. Aybim — to‘yda bir piyola aroq ichganim bo‘lishi mumkin, bundan boshqa aybim yo‘q», — dedim.

Keyin guvohlarning ko‘rsatmalari eshitildi. Ulardan biri meni zalga kirib «Hammani yoraman!» (boplayman) deb baqirdi» — deb ko‘rsatma berdi. Men sud raisiga murojaat qilib, kimdan so‘rasangiz so‘rang, mening lug‘atimda «yoraman» degan so‘z yo‘q, men «dobrdataman» degan so‘zni ishlataman, buni zalga kirmasdan oldin aytganman. Bu bilan birovni haqorat qilishni ko‘zlamadim, balki jurnalistik tekshiruvini o‘tkazishni o‘z shevamda shunday izohladim, xolos», — dedim.

Sud raisiga bu guvohlar hokimiyatda ishlaydigan xodim ekanini, ular hokimiyat nuqtai nazariga qarshi gapirmasligini aytdim. Hokimiyat xodimi bo‘lmagan boshqa guvohlarni olib kelishga imkoniyat berishini so‘radim. Biroq, bu iltimosimga e'tibor berilmadi.

Sud yakunida prokuror meni «o‘ta xavfli harakatlarni sodir qilgani, jamoatchilik tinchini buzgani» uchun Ma'muriy javobgarlik haqidagi kodeksning 183-moddasiga asosan 15 sutkaga qamashni so‘radi. Sud raisi 7 sutka berdi. Shu yerning o‘zida qo‘limga kishan solindi.

Tashqariga chiqqanimizda, IIB xodimlaridan uydagilar bilan bog‘lanishimga ruxsat berishlarini, nima voqea yuz berganini aytib berishim kerakligini, ularni xabardor qilishim lozimligini iltimos qildim. Ammo, ruxsat berishmadi.

«Nimaga menga nisbatan bunday nohaqlik qilyapsizlar, nega meni qamayapsizlar?» — deb so‘rasam, profilaktika inspektori — uchastka noziri: «Bu ish hokimiyat arizasi bilan qilindi», — dedi.

Shundan so‘ng, meni Qo‘shko‘pir tumani IIB binosiga olib borishdi. U yerda boshliq o‘rinbosari qandaydir qog‘ozga imzo chekishi kerak ekan. Qo‘limda kishan bilan xonasiga olib kirishdi. Yosh yigit ekan. U yonimga kelib: «Xo‘sh, sud bo‘ldimi? Sen o‘zi nima qilib yuribsan», — dedi va qornimga musht tushirdi. Ikki buklanib qoldim. «Qo‘limga tushding, endi bir yil nazoratimda turasan», — dedi. Yana bir musht tushirmoqchi bo‘lganida, telefon jiringlab qoldi. Shundan so‘ng, bizni xonasidan chiqarib yubordi.

Keyin Xazorasp tumani IIB binosidagi izolyatorga olib borishdi. 7 kunlik qamoq jazosini o‘sha yerda o‘tashim kerak ekan, chunki Qo‘shko‘pir tumani IIB izolyatorida joy yo‘q ekan. 

Qamoqdagi dastlabki kuniyoq «endi tamom bo‘lding, bu yerdan ozodlikka chiqmaysan», degan gaplarni eshitdim. Ammo, bir kun o‘tgach, vaziyat o‘zgardi, ancha yumshadi. Keyin bilsam, men haqimda KUN.UZ saytida xabar chiqqan ekan. Buni IIB xodimidan eshitdim. «Davlat og‘a, KUN.UZ siz haqingizda yozibdi», — dedi.

Qamoqxonada menga nisbatan tazyiq yoki bosim uyushtirilmadi. Hech qanday qiynoqqa solinmadim. 7 kundan so‘ng ozod qilindim. Hibsda o‘tirganimda taqdiri menikiga o‘xshash odamlarni uchratdim, ular bilan gaplashdim. Bu haqdagi taassurotlarim — alohida mavzu.

Ozod bo‘lganimdan so‘ng, ko‘plab odamlar mening taqdirim bilan qiziqqani, qayg‘urganini eshitdim, ulardan minnatdorman.

Ma'muriy javobgarlik haqidagi kodeksini o‘rganib chiqdim, huquqshunoslar bilan maslahatlashdim. Aslida, 183-modda bilan menga qo‘yilgan ayb juda kulgili. Mayda bezorilikda ayblanish uchun avvalo jabrlanuvchi bo‘lishi kerak, u ariza yozishi kerak. «Meni so‘kdi, urdi, shilqimlik qildi», — deb ko‘rsatma berishi kerak ekan. Yoki jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan bo‘lishim, biror narsani otib yuborishim, sindirishim kerak ekan. Bu ishlarni qilmaganman.

Sud qarorini olgach, darhol apellyatsiya berib, oqlanishimni talab qilmoqchiman. Huquqshunos tanishlarim, advokatlar menga beg‘araz yordam berishga tayyor ekanini bildirishgan. Hech qanday aybsiz jazolanganimga ishonchim komil.

Endi o‘z ishimni, jurnalistik faoliyatimni davom ettiraman», — deb so‘zlarini yakunladi Davlatnazar Ro‘zmetov.

Nurmuhammad Said suhbatlashdi

Tahririyatdan: Albatta, o‘z xizmat vazifasini ado etayotgan jurnalistga ichki ishlar idoralari xodimlarining bunday munosabatda bo‘lishi xizmat vazifasini suiiste'mol qilish hisoblanadi. KUN.UZ mazkur voqeani o‘rganishda davom etadi va haqiqatning qaror topishida Xorazm viloyat ichki ishlar boshqarmasining ko‘magiga tayanishdan umid qiladi.

Mavzuga oid