Jamiyat | 19:54 / 13.11.2018
4673
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Halol turizm» bo‘yicha trening tashkil etildi

Milliy turizm sanoatini va jahon turizm bozorida taklif etilgan milliy turizm mahsulotlarini, jumladan, ziyorat turizmini diversifikatsiya qilish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda «Halol turizm» mavzuida trening tashkil etildi. Mazkur treningni Islom hamkorlik tashkilotining Islomiy davlatlar ijtimoiy, iqtisodiy, statistik tadqiqotlar va trening markazi mutaxassislari Yosin Zulfiqor o‘g‘li va Tsem Tintin olib bormoqda.

Bugungi kunda turizm sohasi mamlakat byudjyetiga yaxshigina foyda keltirmoqda. So‘nggi yillarda musulmon davlatlarida ham aynan turizm, uni tashkil qilish, sayyohlarga barcha imkoniyatlarni yaratib berish, jahon standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Hozirda «Halol turizm» standarti jahon bo‘ylab tatbiq etilmoqda. «Halol turizm» musulmonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, dam olish islom shariatiga muvofiq bo‘lishiga imkon beradi. Ya'ni, «Halol turizm» mehmonxonalarda halol oziq-ovqat va xizmatlarni taklif qiladi. Bu tashkilot tomonidan tegishlicha sertifikatlanadi. Bundan tashqari, «Halol turizm» bo‘yicha musulmon ziyoratchilar uchun har bir mehmonxonada qibla tomonni ko‘rsatuvchi belgi, Qur'on kitobi, joynamoz hamda tahoratxonalar bo‘lishi belgilangan. Treningda aynan shu jihatlar alohida muhokama etildi.

Treningning birinchi kunida mutaxassislar yig‘ilgan tadbirkorlarga «Halol turizm» haqida ma'lumot berish bilan bir qatorda bu sertifikatga ega bo‘lish qanday imkoniyatlar berishini aytib o‘tishdi. Tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Bundan tashqari, treningda mutaxassislar «Halol turizm» normalari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan davlatlarda boshqa davlatlarga nisbatan turizm rivojlanganini o‘z taqdimotida ko‘rsatib o‘tishdi. Trening markazi mutaxassislari Yosin Zulfiqor o‘g‘li va Tsem Tintin o‘z tashriflari davomida Samarqand shahrida yangi ochilgan «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universitetiga tashrif buyurishi va universitet faoliyati bilan tanishishi kutilmoqda.

Treningda quyidagi mavzular: «Halolni tushunish: konsepsiyasi, ta'rifi», «Halol turizm va musulmon mehmondo‘stligi: ta'rifi va tushunchalari», «Jahon bo‘ylab halol turizm standartlari», «O‘zbekiston uchun halol turizm strategiyasi (rejalashtirish va munozarasi)» ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Trening davom etmoqda.

Mavzuga oid