O‘zbekiston | 10:03 / 24.11.2018
7743
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish tartibi belgilanadi

Foto: Flickr

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Respublikada ozuqabop ekinlari urug‘chiligini tashkil qilish, ularni iste'molchi xo‘jaliklarga tizimli yetkazib berish hamda to‘lov tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan “Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarni tashkil etish va ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish tartibi to‘g‘risida” Nizom;

2019 yil hosili uchun asosiy maydonlarda ozuqabop ekinlar urug‘ini yetishtirish uchun joylashtirish, yetishtirish va doimiy monitoring yuritish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tarkibi;

2019-2021 yillarda ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan ozuqabop ekinlarning birlamchi urug‘larini yetishtirish prognoz hajmlari;

2019 yil hosili uchun ixtisoslashtirilgan urug‘chilik fermer xo‘jaliklarida asosiy maydonlarda cho‘l-yaylov ozuqabop ekinlar urug‘ini ekin turlari va navlari bo‘yicha joylashtirish;

2019 yilda ozuqabop ekinlar urug‘ini yetishtirish uchun talab etiladigan  yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va mineral o‘g‘itlar hajmi;

Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklarining birlamchi urug‘lik maydonlarini tashkil qilish uchun “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DUK tomonidan qaytarish sharti bilan beriladigan moliyaviy yordam hisobidan xarid qilinishi zarur bo‘lgan moddiy-texnika resurslari ro‘yxati tasdiqlanishi mumkin.

Respublika ishchi guruhi (Rasulov):

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos ravishda suv ta'minoti yaxshi bo‘lgan, unumdor yer maydonlariga ozuqabop ekinlar urug‘ini joylashtirishda;

ilmiy tadqiqot institutlari va fermer xo‘jaliklariga avans mablag‘larini o‘z vaqtida ajratish, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari, kimyoviy vositalarni yetkazib berish, agrotexnika tadbirlari muddatida, sifatli o‘tkazilishini tashkil etish, yetishtirilgan mahsulotlarni belgilangan narxlarda xarid qilish va yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirishda;

ozuqabop ekinlar urug‘ini yetishtiruvchi rivojlangan mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ozuqabop ekinlar urug‘ini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va soha mutaxassislarining malakasini doimiy ravishda oshirib borishni tashkil etishda amaliy yordam berilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi 20 kun muddatda hududlarning iqlim sharoitlariga mos, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli ozuqabop ekinlar urug‘larini xorijiy mamlakatlardan olib kelish yuzasidan ularning turlari va navlari, talab etiladigan hajmi bo‘yicha Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga o‘z takliflarini kiritadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar ozuqabop ekinlar urug‘ini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va buyurtmachilar o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining ro‘yxatdan o‘tkazilishini, sertifikatlangan urug‘liklarning ekilishini nazoratga oladi.

O‘z navbatida, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi ozuqabop ekinlar urug‘ini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga sertifikatlangan yuqori sifatli birlamchi urug‘larini yetkazib berilishi belgilab qo‘yiladi.

Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarni tashkil etish va ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar tuman hokimligi qoshida tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tanlov asosida tuman hokimining qaroriga muvofiq tashkil etiladi. Komissiyaning ish faoliyati tuman hokimining qarori bilan tartibga solinadi.

Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar fermer, tajriba va boshqa xo‘jaliklar negizida tuman hokimining qaroriga binoan tashkil etiladi.

Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarda bir mavsumda ikki turdan ko‘p bo‘lmagan ozuqabop ekin urug‘ligini yetishtirishga ruxsat etiladi.

Bir konturda bir turdagi ozuqabop ekinning ikkita navi urug‘ligini yetishtirishga ruxsat etilmaydi. Ozuqabop ekinlarni joylashtirishda mazkur hududlarning tuproq va iqlim sharoitlari va navlarning biologik xususiyatlari inobatga olinadi.

Tumanlarda ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish maydoni, urug‘lik uchun ekiladigan ozuqabop ekinlar urug‘ligi navlari va kutiladigan ozuqabop ekinlar urug‘ligi hajmlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq  xo‘jaligi vazirligi hamda viloyatlar qishloq  xo‘jaligi boshqarmalari tomonidan taklif etilgan rejaga asosan belgilanadi va tuman hokimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ozuqabop ekinlar urug‘ligini yetishtirish huquqiga ega bo‘lgan fermer, tajriba va boshqa xo‘jaliklar qaysi navdan necha gektar ekishi va qancha hajmda urug‘lik yetishtirishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimining kelgusi yillar hosili uchun talab etiladigan urug‘lik tayyorlash hajmlari va navlarni joylashtirish to‘g‘risidagi qaroriga asosan belgilab beriladi.

Ozuqabop ekinlar urug‘chiligiga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarning vazifa va funksiyalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilangan ekin maydonlarini urug‘ bilan ta'minlashda navlar bo‘yicha zarur miqdordagi, standart talablariga mos keluvchi nav urug‘larining avlodlarini hisobga olgan holda yetishtirish;

ko‘paytirilayotgan navning xo‘jalik va texnologik xususiyatlarini saqlab qolish;

yuqori sifatli va nav sofligiga ega bo‘lgan birinchi va keyingi avloddagi urug‘larni yetishtirish;

birinchi va keyingi avloddagi urug‘liklarni yetishtirish va qayta ishlash tartib va qoidalariga amal qilish;

nav mualliflari va nav originatorlari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va me'yorlarda sifatli o‘tkazilishini ta'minlash;

urug‘lik maydonlari yuqori unumdor, mexanizmlar yordamida ishlov berishga qulay, suv bilan yaxshi ta'minlangan, sho‘rlanmagan va tekis dalalarda joylashtirish;

almashlab ekish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish dasturini tuzish va ularning bajarilishini ta'minlash;

birinchi va keyingi avloddagi urug‘lik maydonlarini ixcham qilib joylashtirish, belgilangan tartibda va maqbul muddatlarda oraliq himoya masofani saqlagan holda ekish;

foydalanishga ruxsat etilgan kimyoviy preparatlar bilan zararsizlantirilgan urug‘larni ekish;

nav va tur tozaligi bo‘yicha dala ko‘rigi va begona nav turlari o‘tog‘ini o‘tkazishni tashkillashtirish.

Belgilangan navlarni o‘zboshimchalik bilan almashtirish ta'qiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan holda kelgusi yil hosili uchun ekiladigan ozuqabop ekinlar navlarining urug‘liklari hajmiga bo‘lgan talabni, navlarni hududlar bo‘yicha joylashtirilishini va undan olinadigan hosilning mo‘ljallanayotgan hajmlarini aniqlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid