Sport | 14:48 / 29.11.2018
20607
11 daqiqa o‘qiladi

YeChLda pley-offning 12 ishtirokchisi ma'lum. Yana kimda qanday imkoniyat?

Chempionlar Ligasida navbatdagi tur yakunlandi, muxlislar bu safar ham bir qator qiziqarli uchrashuvlar, chiroyli gollar va muhimi, so‘nggi tur oldidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli ssenariylarga ega bo‘lishdi.

5 turdan keyin 12 jamoa rasman keyingi bosqich masalasini hal qildi. Oxirgi turda yana 4 yo‘llanma egalari aniq bo‘ladi, bu yo‘llanmalarga 7 da'vogar klub qolgan - «Tottenhem», «Inter», «PSJ», «Napoli», «Liverpul», «Lion» va «Shaxtyor». Qo‘yida jamoalarning imkoniyatlari haqida batafsil o‘qishingiz mumkin.

A GURUHI

Bu guruhda pley-offga chiqqan jamoalar ham, Yevropa Ligasiga yo‘llanma beruvchi yupatuvchi o‘rin egasi ham rasman ma'lum. «Bryugge» bahorda ikkinchi darajali yevrokubokda o‘ynaydi, «Monako»ning xalqaro maydondagi ishtiroki yakunlandi. So‘nggi tur aniqlik kiritishi kerak bo‘lgan yagona masala – guruhdagi 1-o‘rin kimga nasib etadi?

Dortmundliklar «Bryugge»ni yenga olmay, bu o‘rinni boy berib qo‘yishdi va endi katta ehtimol bilan madridliklar vaziyatni qo‘ldan chiqarmaydi. Xullas, so‘nggi turda «Atletiko» va «Borussiya» bir xil ochko qo‘lga kiritadigan bo‘lishsa, turnir jadvali o‘zgarishsiz qoladi. Mabodo, nemislar yutib, «Atletiko» ochko yo‘qotsa, «Borussiya» 1-o‘ringa chiqib oladi. Sababi, o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik aynan Dortmund klubi tarafida. 

6-tur. Bryugge – Atletiko, Monako - Borussiya


V GURUHI

«Tottenhem»ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi londonliklarni nafaqat 2-o‘ringa olib chiqdi, shu bilan birga, o‘zaro o‘yinlarda «Inter»dan ustunlikni ta'minladi. Milandagi o‘yin 2:1 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘lgandi - londonliklar safardagi gol ustunligiga ega.

Ammo bu vazifaning yarmi. «Tottenhem» hozirgi o‘rnini saqlab qolishi uchun «Kamp Nou»da g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Chunki, o‘z maydonida «PSV»ni qabul qiladigan «Inter» uch ochkoni qo‘lga kiritishi haqiqatga yaqinroq. Xo‘sh, guruhda 1-o‘rinni muddatidan oldin naqd qilgan «Barselona» so‘nggi turda qanday motivatsiya bilan tushadi? V guruhidagi asosiy savol shu yerda va vazifani bajarib bo‘lgan kataloniyaliklar hamon bu guruhda bosh qahramon obrazida qolmoqda.

6-tur. Barselona – Tottenhem, Inter - PSV


S GURUHI

Qur'a paytidagi umidlar oqlandi, go‘yoki YeChL aynan shu yerda bor keskinligi bilan davom etmoqda. Hali biror jamoa ham vazifani rasman uddalamagan yagona guruh.

Tasavvur qiling, pley-off juftligida, «Napoli» birinchi o‘yinni o‘z maydonida 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlagan. Endi «Enfild»da javob uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Guruhdagi vaziyat va so‘nggi tur o‘yini aynan mana shunday holatda vujudga keltirdi. «PSJ» baribir so‘nggi turda Belgradda g‘alaba qozonishini taxmin qilsak, keyingi yo‘llanma uchun bahs «Liverpul» va «Napoli» o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinda kechadi.

«Napoli» kecha 3:0 hisobida g‘alaba qozonayotgan paytda, «Tsrvena Zvezda» yarim himoyachisi Al Fardu farqni qisqartirdi. Go‘yoki, hech narsani hal qilmagandek ko‘ringan bu gol, aslida «Liverpul» tomonidan «Napoli» darvozasiga urilgan gol deb hisoblasak ham bo‘ladi. Chunki, agar hisob 3:0 qolganida, to‘plar nisbati bo‘yicha ham «Napoli» ustunroq bo‘lar va «Liverpul»ni faqat 2 gol farqi bilan g‘alaba qoniqtirardi. Xuddi shu shaklda, Milnerning «PSJ» darvozasiga urgan goli ham, go‘yoki, «Napoli» darvozasiga urilgandek edi.

Xullas, vaziyat shundayki, endi «Liverpul» keyingi bosqichga chiqishi uchun 1:0 hisobida yoki 2 va undan ko‘p gol farqi bilan g‘alaba qozonishi shart. Durang yoki 2:1, 3:2 ko‘rinishidagi g‘alabalar mezbonlarga yetarli bo‘lmaydi, chunki bu holda safarda gol ura olgani uchun o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik «Napoli» tarafiga o‘tadi.

Qizig‘i, «Liverpul» g‘alaba qozonib, guruhda 1-o‘rinni olishi ham yoki mag‘lubiyatga uchrab, eng oxirgi o‘ringa tushib qolishi ham mumkin ekan.

6-tur. Liverpul – Napoli, Tsrvena Zvezda - PSJ


D GURUHI

Guruhda 1-o‘rin sohibi ham, ikkinchi yo‘llanma egasi ham rasman ma'lum. So‘nggi turda faqat Yevropa Ligasiga o‘tish imkoniyatini beruvchi 3-o‘rin uchun sirtqi kurash kechishi mumkin xolos. «Lokomotiv» turklar ustidan g‘alaba qozonib, bu o‘rin uchun kurashni qizitib yubordi.

«Lokomotiv» 3-o‘rinni qo‘lga kiritishi uchun avvalo, «Shalke» maydonida g‘alaba qozonishi shart. Durang qoniqtirmaydi, chunki o‘zaro o‘yinda «Galatasaroy»da ustunlik bor. Shu bilan birga, «Galatasaray» ham «Portu»ni yutmasligi lozim bo‘ladi.

6-tur. Shalke – Lokomotiv, Galatasaray - Portu


Ye GURUHI

Bu guruhda ham pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan ikkala jamoa ham aniq. «Benfika» bahorda Yevropa Ligasida kurashni davom ettiradi.

Guruhdagi 1-o‘rin masalasi esa, Amsterdamdagi o‘yinda hal bo‘ladi. Hozircha, «Ayaks» «Bavariya»dan 2 ochko ortda bormoqda. Guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritish uchun niderlandiyaliklar g‘alaba qozonishlari lozim.

Darvoqe, agar AYeK Portugaliyada ochko qo‘lga kirita olmasa, bu mavsumdagi guruh bosqichini ochkosiz tark etgan yagona jamoaga aylanadi.

6-tur. Ayaks – Bavariya, Benfika - AYeK


F GURUHI

So‘nggi turning eng markaziy uchrashuvlaridan biri Xarkovda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Serxio Agueroning goli «Lion»ni yo‘llanmani taqdim etuvchi uch ochkodan ayrildi. Germaniyadagi o‘yinning so‘nggi soniyalarida ukrainaliklar tomonidan urilgan gol esa, mehmonlarga g‘alaba va keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini taqdim etdi.

Endi «Shaxtyor» va «Lion» o‘zaro o‘yinda ikkinchi yo‘llanma masalasini hal qilishadi. Ukrainaliklar keyingi bosqichga chiqishlari uchun faqat g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi. Boshqa har qanday natija fransuzlarni yo‘llanma egasiga aylantiradi.

«Manchester Siti» ham bekorga maydonga tushmaydi. Gvardiola shogirdlari hali 1-o‘rin masalasini hal qilishgani yo‘q. Jamoa «Lion»dan uch ochkoga oldinda bo‘lsa-da, o‘zaro o‘yinlarda ustunlik fransuzlar tarafida, demak, manchesterliklar guruhda 1-o‘rinni naqd qilish uchun so‘nggi turda hech bo‘lmasa 1 ochko olishi kerak.

O‘sha kuni «Siti»ga raqib bo‘ladigan «Hoffenhaym»da ham Yevropa Ligasiga o‘tish uchun kichikkina imkoniyat bor. Buning uchun nemislar Manchesterda g‘alaba qozonishlari, shuningdek, «Lion» «Shaxtyor»ni ochkosiz qoldirishi kerak bo‘ladi. 

6-tur. Manchester Siti – Hoffenhaym, Shaxtyor - Lion


G GURUHI

O‘z maydonida qatorasiga ikki o‘yinni yutqazgan TsSKA nafaqat YeChL pley-off umididan mosuvo bo‘ldi, shuningdek, guruhda so‘nggi o‘ringa tushib ham qoldi. Endi Yevropa Ligasiga o‘tish ham armiyachilar uchun oson bo‘lmaydi.

Yuqorida hammasi aniq, «Real» birinchi, «Roma» esa, ikkinchi o‘rinni olib, nimchorak final masalasini hal qilishdi. So‘nggi turda «Viktoriya» «Roma»ni qabul qilsa, TsSKA Madridda mehmon bo‘ladi. Bu uchrashuvlarda guruh autsayderlaridan qaysi biri ko‘proq ochko olsa, o‘sha jamoa Yevropa Ligasida qatnashadi. Tenglik saqlanib qolganida, chexiyaliklar jadvlda yuqoriroqda joylashadi, chunki jamoa TsSKA bilan o‘zaro o‘yinlarda ustunlikka ega.

6-tur. Real – TsSKA, Viktoriya – Roma


N GURUHI

91-daqiqada Marvon Fellayni tomonidan ijro etilgan zarba guruhdagi barcha masalalarni uzil-kesil hal qilgan golga aylandi. Pley-off ishtirokchilari rasman ma'lum – «Yuventus» va «Manchester Yunayted». «Valensiya» esa Yevropa Ligasi bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

So‘nggi o‘yinlar oydinlik kiritishi kerak bo‘lgan yagona masala – guruh g‘olibi qaysi jamoa bo‘ladi? Hozircha «Yuventus» 2 ochkolik farq bilan oldinda bormoqda, ammo o‘zaro o‘yinlarda inglizlarda ustunlik bor. Demak, o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun «Yuventus» o‘ziga yetib olishlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak bo‘ladi. Buning uchun esa, Shveytsariyadagi o‘yinda ham g‘alaba qozonish talab etiladi. «Manchester Yunayted» esa, nihoyat mavsumda birinchi marotaba hech qanday bosimlarsiz, o‘z zavqi uchun maydonga tushishi mumkin. Bunday holatda Mourino jamoani qanday tayyorlaydi, bu ham o‘z holicha qiziq.  .

6-tur. Yang Boyz – Yuventus, Valensiya – Manchester Yunayted

Oxirgi tur o‘yinlari 11-12 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid