O‘zbekiston | 15:00 / 29.11.2018
21752
5 daqiqa o‘qiladi

Suv uchun hisoblagich bo‘yicha oldindan haq to‘lash: tartib belgilandi

Foto: RIA Novosti

Iste'molchilarga suv ta'minoti va oqava suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Oldindan haq to‘lash qoidalari belgilandi
 
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil boshidan barcha guruh iste'molchilariga suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Biroq hisobga olish priborlari o‘rnatilgan iste'molchilarning oldindan haq to‘lash tartibi belgilanmagan edi. 
 
Kiritilgan tuzatishlar bilan ushbu nuqson bartaraf etildi:

• hisobga olish priborlari mavjud bo‘lganda – oxirgi 3 oyning o‘rtacha sarfi bo‘yicha;
• hisobga olish priborlari mavjud bo‘lmaganda oylik iste'mol normasi bo‘yicha oldindan haq to‘lash amalga oshiriladi.
 
Agar iste'molchi (qaysi guruhga mansubligidan qat'i nazar) yozma xabarnoma olgan paytdan boshlab 5 kun ichida keyingi oy uchun 10-sanaga qadar 100% oldindan haqni to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi uni suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati tarmoqlaridan uzib qo‘yadi.
 
Yangi mulkdor avvalgi egalarning debitorlik qarzi uchun javob beradi
 
Qoidalarning 115-bandiga o‘zgartirishlar kiritildi. Endi obekt egasi o‘zgarganda iste'molchi chiqib ketishidan 7 kun avval debitorlik qarzlarini uzib, bu haqda Byuro (ilgari – suv quvuri-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkiloti bilan, ISKX) bilan dalolatnoma imzolashi shart. Iste'molchi chiqib ketgach, suvni hisobga olish pribori, plombalarning butligi va qoplanmagan debitorlik qarzi uchun (ilgari – faqat plombalar va hisoblagichning butligi uchun) javobgarlik obektning yangi egasi zimmasiga yuklanadi. Binobarin, agar avvalgi mulkdor tomonidan qoplanmagan qarzdorlik aniqlansa, uni yangi egasi to‘lashi kerak bo‘ladi.
 
Qayta ulash uchun qancha haq to‘lanadi?
 
Suv ta'minoti va oqava suvni chiqarish tizimlaridan ilgari uzib qo‘yilgan (o‘zboshimchalik bilan ulanish, qarzdorlik mavjud bo‘lganda yoki shartnoma shartlari bajarilmaganda) iste'molchilarni qayta ulashda quyidagi miqdorda haq undiriladi:

• xususiy uy-joylarda va ko‘p kvartirali uydagi xonadonlarda yashaydigan jismoniy shaxslardan (I guruh iste'molchilari) – 2 EKIH;
• qolgan guruh iste'molchilaridan – 10 EKIH.
 
Ushbu mablag‘lar qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga o‘tkaziladi.
 
Hisoblagich ko‘rsatkichlari oyda bir marta olinadi
 
Iste'molchilar bilan hisob-kitob qilishga asos bo‘ladigan suvni hisobga olish priborlarining ko‘rsatkichlari Majburiy ijro byurosi tomonidan har oyda 1 marta olinadi (ilgari – ISKX tashkiloti xodimlari tomonidan har chorakda 1 marta). Shundan so‘ng tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtirish orqali iste'molchilarning ma'lumotlariga o‘zgartirishlar kiritiladi. U ikki nusxada tuziladi, bittasi iste'molchiga topshiriladi.
 
Hisoblagichni davriy qiyoslovdan o‘tkazish to‘g‘risida ogohlantirish xati muddatida kelmagan bo‘lsa…
 
Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq – agar ISKX tashkiloti davriy qiyoslovdan o‘tkazish muddati tugashi haqida ogohlantirish xatini oldindan (kamida 30 kalendar kun avval) jo‘natmasa, suv haqi odatdagidek hisoblagich ko‘rsatkichlari asosida to‘lanaveradi. Qaytadan hisob-kitob qilish qat'iyan man etiladi.
 
ISKX tashkiloti yoki Byuro iste'molchiga ogohlantirish xati yuborgandan so‘ng belgilangan muddatda davriy qiyoslovdan o‘tkazilmagan hisoblagichning ko‘rsatkichlari inobatga olinmaydi, iste'mol qilingan suv uchun hisob-kitob esa quyidagicha amalga oshiriladi:

• I guruh iste'molchilari (xususiy uy-joylarda va ko‘p kvartirali uydagi xonadonlarda yashaydigan jismoniy shaxslar) uchun – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan amaldagi suv iste'moli normalariga muvofiq (Qoidalarning 87-bandi «a» kichik bandi bo‘yicha);
• qolgan barcha iste'molchilar uchun – Qoidalarning 87-bandi «b» kichik bandida belgilangan formula bo‘yicha asosiy ichimlik suv tarmog‘i ulanmasining suv o‘tkazish quvvati bo‘yicha.
 
Byuro ishtirokida
 
Ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar Majburiy ijro byurosining faoliyati bilan bog‘liq. Uning xodimlari iste'molchi bilan suv ta'minoti tashkiloti o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarning aniqligiga ta'sir ko‘rsata oladigan barcha masalalar yechimida ishtirok etishlari shart. Xususan, suvni hisobga olish priborini ulash, tarmoqdan uzish, o‘rnatish, almashtirish, yechish Byuro vakilining ishtirokida amalga oshiriladi.
 
Hujjat 23.11.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid