O‘zbekiston | 20:00 / 13.12.2018
26570
5 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyotkorona chiqishlar: parlamentdagi bahslar qanchalik haqiqiy?

Oliy majlis Qonunchilik palatasi va senatdan iborat O‘zbekiston parlamenti ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan bugun, 13 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yangi XVII yalpi majlisi ochildi. Bu uzluksiz va tabiiy davom etayotgan jarayon. Lekin nega bizda deputatlar yoki senatorlarning o‘zaro bahslari deyarli kuzatilmaydi?

Har bir baho qiyoslovlar bilan beriladi. Xorij, ayniqsa rivojlangan davlatlar parlamentlaridagi siyosiy jarayonlarni kuzatsangiz unda biror masala bo‘yicha qarorlar bahslarsiz qabul qilinmaydi. Deputatlar ayrim paytlarda o‘z fikrlarini himoya qilib shu darajada qizishib ketadilarki, bir-birlari bilan mushtlashish darajasiga borishadi. Ammo O‘zbekiston parlamentida hamisha sokinlik hukm suradi, yengilgina bahslar ham omma e'tiboriga tushmaydi.

Albatta, bu xorijdagi ayrim misollardagidek mushtlashishga havas qilish emas. Ammo nahotki bir mamlakat hayotiga oid eng muhim qonun hujjatlari qabul qilinish jarayonida haqiqiy bahslar kuzatilmasa?

To‘g‘ri, so‘nggi ikki yilda ozmi-ko‘pmi fikrlar to‘qnashuvi yuz bergandek bo‘ldi. Misol tariqasida, deputat Akmal Umurzoqovning propiska tizimini bekor qilish poytaxtda jinoyatchilik ortishiga sabab bo‘lishi, bu inson huquqlarining cheklanishi emasligi haqidagi fikriga javoban (balki javoban emasdir) yana bir deputat Rasul Kusherbayev propiska tizimining demokratik tamoyillarga mos kelmasligi to‘g‘risidagi fikrlarini o‘qidik

Yoki XVII yalpi majlisining ilk kunida senator Jahongir Ortiqxo‘jayevning daromad solig‘i 12 foiz, QQS miqdori esa 20 foiz ekani, Qozog‘istonda bu raqamlar mos ravishda 10 va 12 foizni tashkil etishini nazarda tutib «Sarmoyador Markaziy Osiyoga kirib kelganda, mintaqadagi bozorga qaraydi. Sarmoyadorlar uchun kurashda bizning asosiy raqobatchimiz - Qozog‘iston. Bu borada Qozog‘istonga nisbatan ustunligimiz bormi?», degan e'tiroziga javob tarzida Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning sarmoyadorlarni faqat past ko‘rsatkichdagi soliq stavkalari bilan jalb etib bo‘lmasligi, bu jarayonga ta'sir etuvchi boshqa omillar ham mavjudligini nazarda tutib aytgan gaplarini o‘qidik.

«QQS, asosan, importga nisbatan qo‘llanadi. Bu esa ichki bozorda raqobatbardosh muhitni yaratish uchun sharoit yaratadi», - dedi vazir.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda faolligi bilan ijtimoiy tarmoqlar qahramoniga aylangan deputat Rasul Kusherbayevning turli mavzulardagi ehtiyotkorlik bilan chiqishlarini ham shu qatorga qo‘shish mumkin.

Ammo bularning birortasini haqiqiy bahs deb baholash qiyin. Aslida bunga arziydigan masalalar talaygina. Uzoq yillar vakolati nazorat qilinmagan deya tan olingan MXX (DXX) isloh qilinganida, hokimlar saylanganida yoki hisobot berganlarida, vazirlar sohaga oid ma'lumotlar taqdim qilganlarida, tashqi ishlarga oid masalalarda va nihoyat hukumat faoliyati tahlil qilinganida...

Bu jarayonlarning hammasi nihoyatda silliq kechadi va odatda yakdil xulosa bilan yakunlanadi. 

Yana bir qiziq jihat – doim kuzatiladigan umumiylik bor. Parlamentning barcha a'zolari o‘z fikrlariga prezident so‘zlari bilan zeb berishni, davlat rahbari gaplari bilan mustahkamlashni va shu tarzda himoyalanishni yaxshi ko‘rishadi. Va negadir shu usul qo‘llanganda odatda javoblar bo‘lmaydi. 

Deputatlar va senatorlarga ulkan imtiyozlar berilgan. Ammo ular orasida shuncha majlislarga qatnashib, biror marta arzirli fikr bildirmaganlari ham talaygina. 

Axir deputat o‘zi va saylovchilari qarashlarini ifoda etish, kerak bo‘lsa himoya qilish uchun bu yerda o‘tirmayaptimi? Zarur paytlarda bahslashib bo‘lsa-da o‘ziga ishonib jo‘natgan insonlar manfaati uchun yutib chiqishga urinishi kerak emasmi?

Kim bilsin, balki hamon bu yo‘lning boshidadirmiz?..

Abror Zohidov

Mavzuga oid