Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Termizdagi ayrim mahallalar jamoat transporti yetishmovchiligidan aziyat chekishmoqda – mutasaddilar jim
Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahrining “Amu sohili”, Ra'no Uzoqova, “Guliston”, “Jo‘yjangal” mahallalari aholisi jamoat transporti qatnovidan aziyat chekayotganini bildirib, tahririyatimizga murojaat qilishdi.
Biz mazkur mahallalar hududida bo‘lib vaziyat bilan tanishdik. Mahallalarda qariyb 10 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Shaharning janubiy qismida joylashgan, Surxon daryosining so‘l sohilidagi mazkur mahallalar bo‘ylab o‘tgan markaziy yo‘lda faqat 9-raqamli “Damas” avtomashinalari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Tas-IX
YouTube
Lekin qatnov liniyasida “Damas”lar soni cheklangani bois ular jami aholining ehtiyojini qondira olayotgani yo‘q.

Ayniqsa, ertalab ishga va o‘qishga borishda, kechqurun esa ish va o‘qishdan uyga qaytishda ko‘chalar bo‘ylab katta navbat yuzaga kelmoqda. Aholi mahallaning ichkarisidan 4 kilometr piyoda yo‘l bosib, shahar markazidagi katta ko‘chaga chiqib olishmoqda.

9-raqamli “Damas”lar, masalan, ikki yosh bolasi bilan yo‘lga chiqqan onaning yoniga to‘xtamay o‘tib ketishadi. Yoki oxirgi bekatga borgach, darhol to‘lib qolib, shu bilan shahar markazigacha boshqa yo‘lovchi olmasdan kelishadi — o‘rta yo‘llarda turgan odamlar sarson.

“Jo‘yjangal” mahallasida “O‘ztransgaz” DUKning Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi, harbiy qism, qurilish buyumlari bozori, ishlab chiqarish korxonalari va boshqa tashkilotlar bor. U yerga ham kelib ketishda qiyinchilik paydo bo‘lmoqda.
Aholi noqonuniy taksi xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda, hattoki, shular ham joyi kelsa ehtiyojni qondira olmayapti.

Mahalla faollari bu haqda tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilishgan. Hattoki viloyat hokimi Bahodir Po‘latovning sayyor qabuli chog‘ida muammoni aytishgan. Hokim mutasaddilarga 1 hafta ichida muammoni o‘rganib bartaraf qilish topshirig‘ini bergan.
“Surxon sohili” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Furqat Toshboyevning aytishicha, masala yuzasidan mutasaddilarga murojaat bilan chiqishgan. Ammo mahalla ichidan o‘tgan yo‘l avtobus yurishi uchun talabga javob bermaydi, degan vaj keltirilgan.

Holbuki, mahalla ichidagi yo‘llar asfaltlangan, faqatgina qurilish mollari bozoridan so‘ng 300 metrcha yo‘lga asfalt yotqizilsa bas – yo‘l shag‘al bilan tekislab tayyorlab qo‘yilgan.

Mahalla faoli Rahim Rasulovning so‘zlariga ko‘ra, viloyatdagi mutasaddilar bu ishga bosh-qosh bo‘layotgan mahalla faollarini kamsitib, “senlarga qoldimi shu ish, hal qilmaymiz endi shu muammoni”, deb kabinetdan haydab solishgan.

Aholi esa bu yerga qatnovchi “Damas”lar sonining oshirilishi yoki avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilib, odamlarning uzog‘i yaqin bo‘lishini istashmoqda, xolos. Ular viloyatdagi tegishli idoralardan najot topa olmasdan, muammomiz hal bo‘larmikan, degan ilinjda Kun.uz tahririyatiga murojaat qilishdi.


O‘ylaymizki, Surxondaryo viloyat hokimligi va viloyatning yo‘lovchi tashish sohasidagi mutasaddilari mazkur muammoga jiddiyroq e'tibor berib, xalqning og‘irini yengil qilishadi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.
Mavzuga oid
20:24 / 20.05.2025
Sergeli va Yunusobodni tezyurar avtobus yo‘lagi bog‘laydi. Loyiha qiymati – 50 mln dollar
19:08 / 13.05.2025
Toshkentda avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasidagi birinchi tezyurar yo‘lak qurilishi boshlanadi
07:39 / 08.05.2025
O‘zbekistonda qancha yangi avtobus yo‘nalishlari ochilgani ma’lum qilindi
20:33 / 01.05.2025