Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jomboyda noqonuniy qurilgan uy buziladi - uysiz qolayotgan oilaga yerning yangi egasi uy qurib bermoqchi
Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Jomboy tumani, «Shirinkent» mahallasida yashovchi Mohira Umarovadan murojaat kelib tushdi.
«Uy-joyga ehtiyojimiz borligi tufayli mahallamizdagi tashlandiq joyni tozalab, turar joy qurishga majbur bo‘ldik. 2008 yildan buyon ushbu uyda yashab kelmoqdamiz. Ayni vaqtda turmush o‘rtog‘im bilan 4 nafar farzandni voyaga yetkazmoqdamiz. Necha yillardan buyon ushbu uy-joyimizga noqonuniy qurilganlik vaji bilan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirolmaymiz. Mutasaddi tashkilotlarga bu boradagi murojaatlarimiz ijobiy yechim topmadi. 2018 yil 20 aprelda Prezidentimizning «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilinganini eshitib, tuman rahbariyatiga, tegishli tashkilotlarga yashayotgan uy-joyimizga mulk huquqini berishni so‘rab murojaat qildik. Ammo murojaatlarimiz rad etildi. Uyimiz qurilgan yer maydoni auksionda bir tadbirkorga sotilibdi. Endi uyimizni buzishmoqchi. To‘rt nafar voyaga yetmagan farzandimiz bilan uysiz qolmoqdamiz. Shu masalada bizga yordam berishingizni so‘raymiz», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaat joyida o‘rganildi. O‘rganish jarayonida Jomboy tumani hokimining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi H.O‘sarova, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i J.Karimov ham ishtirok etdi.
Ma'lum bo‘lishicha, ushbu holat tuman hokimiyati da'vosi bilan sudda ko‘rib chiqilgan va 2012 yilda noqonuniy qurilishni buzish yuzasidan hal qiluv qarori chiqqan. Mohira Umarovaning turmush o‘rtog‘i Sherali Umarov bu joy 2001 yilda o‘sha vaqtdagi Usmon Nosir shirkat xo‘jaligi umumiy yig‘ilishi qarori bilan berilganligi haqida hujjat taqdim qilgan. Ammo sudda bu hujjat haqiqiy emas va hech qanday qonuniy kuchga ega emas, deb topilgan.

«Sud qarori mavjud bo‘lsa-da, fuqaroning qarshiligi bilan shu vaqtga qadar noqonuniy qurilgan uy buzilmadi. Prezidentning «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi Farmonidan keyin uy-joyga mulk huquqini berishni talab qilishmoqda. Ammo Farmon talablariga to‘g‘ri kelmaydi va buni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Bu hududda sanoat zonasi tashkil etish ko‘zda tutilgan va yer auksionga qo‘yilib, tadbirkorga sotilgan. Uyning buzilishi yuzasidan 2012 yildayoq sud qarori chiqqan. Ayni vaqtda uy buzilmaganligi uchun tadbirkor ham bu yerda faoliyatini boshlolmayapti», — deydi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i J.Karimov.
Aniqlanishicha, mazkur farmondan keyin shu yilning o‘zida yana 5 fuqaro shu hududda egalik huquqini olish maqsadida noqonuniy qurilish boshlashgan. Tuman hokimligi va boshqa mutasaddilarning bir necha bor ogohlantirishlariga qaramay, o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari davom ettirilgan.
Ushbu yangi noqonuniy qurilishlarga nisbatan tuman hokimligi fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudiga 2018 yil 3 oktyabrda da'vo arizasi kiritgan.

2018 yilning 26 oktabr kuni ushbu noqonuniy qurilishlarni buzish haqida sud qarori chiqqan.

Mohira Umarova noqonuniy qurilish deb topilgan uyda 2008 yildan buyon yashab kelayotganligi, voyaga yetmagan 4 nafar farzandi bilan uysiz qolayotganligini aytib, yordam so‘radi. Jomboy tumani hokimining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi H.O‘sarova bu borada unga belgilangan tartibda hokimlik tomonidan ko‘mak berilishini bildirdi.
Ushbu holat yuzasidan noqonuniy qurilish joylashgan yerni shu yil auksionda sotib olgan tadbirkorning vakili Shavkat Boronov bilan suhbatlashdik.
«To‘g‘risi, birovni norozi qilib tadbirkorlik qilish niyatimiz yo‘q. Bu oilaning boshpanasiz qolayotganini ham tushunib turibmiz. Uy tadbirkorlik faoliyatimizga mo‘ljallangan yer maydoni o‘rtasida qurilgan. Bu uyni buzdirmasdan, uy atrofida tadbirkorlik qilolmaymiz-ku?! Shuning uchun taklifim – boshqa joydan qonuniy tartibda uy qursin. Barcha qurilish ishlariga o‘zimiz ko‘mak beramiz. Yangi uy bitib, yashash uchun tayyor holatga kelmaguncha, shu uyda yashab turishiga ham rozimiz. Bu oila hech narsa yo‘qotmaydi, zarar ko‘rmaydi. Barchasiga o‘zimiz yordam qilamiz».
Hokimlik mutasaddilari ham bu borada unga ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirishdi. To‘rt nafar voyaga yetmagan farzandni tarbiyalayotgan Sherali Umarov va Mohira Umarovalar ham bu taklifga rozi bo‘lishdi va tadbirkordan buning uchun butun umr minnatdor bo‘lishlarini aytishdi.
Bir oila muammosi shu tariqa ijobiy yechim topdi. Ammo fuqarolar ham noqonuniy qurilishni qilib, unga biror yechim so‘rashi to‘g‘ri emas. Ayni vaqtda bu holat bilan bog‘liq muammolar respublikamizning barcha joylarida ko‘plab uchrayotgani ham bor gap. Barcha ish qonun doirasida amalga oshirilsa, shu kabi muammolar kelib chiqmaydi. Buni hamma to‘g‘ri anglab yetmog‘i lozim.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
12:42 / 23.05.2025
Toshkentda uy-joyga investitsiyalar daromadliligi 4,5 barobarga pasaydi
20:52 / 20.05.2025
«Credit House» ishida 182 mlrd so‘m zarar aniqlandi
09:41 / 16.05.2025
Maktab o‘rniga “dom”, 167 jabrlanuvchi. Toshkentda “novostroykachi”larga nisbatan yirik sud ishi boshlandi
17:02 / 15.05.2025