Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bernabeu»da inqiroz. Solari hech narsani o‘zgartirolmadi
Ispaniya chempionatining 18-turida «Real» o‘z maydonida yangi bosh murabbiy boshqaruvidagi jamoadan 2ta javobsiz gol qabul qilib oldi.
«Real» - «Real Sosedad» - 0:2 (0:1)
Gollar: Villian Joze, 3 - penalti (0:1). Pardo, 83 (0:2).
Real: Kurtua, Serxio Ramos, Marselu (Regilon, 77), Varan, Karvaxal, Modrich, Kroos (Sebalos, 80), Kazemiru (Isko, 57), Benzema, Vaskes, Vinisius Junior.
Real Sosedad: Ruli, Moreno, Lorente, Elustondo (Saldua, 69), Ayyen Munos (Subeldiya, 84), Surutusa, Ilyarramendi, Merino (Pardo, 73), Villian Joze, Yanuzay, Oyarsabal.
Ogohlantirishlar: Villian Joze, 36. Vaskes, 40. Marselu, 52. Modrich, 75. Isko, 88.
Chetlatish: Vaskes, 61.
Hakam: Munuera Montero.
6 yanvar. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

«Real» 22 dekabr kuni klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lganidan buyon ilk uy uchrashuvini o‘tkazdi. «Real Sosedad»ga qarshi o‘yin arafasida jamoa sardori Serxio Ramos muxlislar bilan to‘lib-toshmagan «Santyago Bernabeu» stadionidagi muxlislarga sovrinni namoyish etdi. Madridlik muxlislarni endi o‘tmishga aylangan Chempionlar ligasi g‘olibligi ham, «Al-Ayn»ni yengish orqali qo‘lga kiritilgan sovrin ham stadionga chorlay olmayapti, muxlislar «Real»ning joriy mavsumdagi o‘yinlaridan juda tushkun kayfiyatda va bu klubning chiptalar sotuvidan olayotgan daromadini ham keskin kamaytirmoqda.
«Real Sosedad» Santyago Solari jamoasi uchun oson o‘ljadek ko‘ringandi. Basklar Madridga tashrif buyurishdan oldin Primera o‘yinlarida qatorasiga 4 o‘yinda mag‘lub bo‘lgan va jamoa turnir jadvalida xavfli hududga yaqinlashib qolgandi. Lekin shunisi ham borki, «Real Sosedad» chempionat o‘yinlarida safarda ochko olish bo‘yicha «Barselona»dan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etayotgandi. Qolaversa, yangi yilda San-Sebastyan klubi murabbiyni almashtirdi: iste'foga chiqarilgan Aser Garitano o‘rnini Imanol Alguasil egalladi.
«Real»ning bu o‘yindagi zayavkasidan Garet Beyl o‘rin olmadi. Uch kun muqaddam u «qaymoqranglilar» jamoasining 2019 yildagi ilk o‘yinida – «Vilyarreal»ga qarshi safar o‘yinida (2:2) jarohat olgandi. Madridga kelganidan buyon 22-marta jarohatlangan futbolchi (joriy mavsumning o‘zida uchinchi marta, «Vilyarreal»ga qarshi o‘yin u jarohatidan tiklanganidan keyin chempionat doirasidagi o‘yinlarga qaytishi bo‘lgandi) 4 haftagacha maydonga tusha olmaydi. Uelslik 29 yoshli futbolchi «Real»dagi asosiy vaqtini davolanish bilan o‘tkazmoqda (u turli jarohatlar tufayli jami 65 o‘yinda jamoaga yordam bera olmagan).
Beyl va Marko Asensio safdan chiqishi murabbiy bilan nizo tufayli boshlang‘ich tarkibda anchadan buyon ko‘rinish bermagan Iskoga imkoniyat taqdim etadigandek edi. Ammo argentinalik mutaxassis o‘jarlik qilishda davom etdi va boshlang‘ich tarkibda Isko emas, 18 yoshli Vinisius Junior paydo bo‘ldi. Bu uning Primera o‘yinlarida ilk marta boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olishi edi. Qolaversa, u jamoa tarixiga boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan 2000 yildan keyin tug‘ilgan ilk futbolchi sifatida kirdi.
U o‘yinda qahramonlik ko‘rsatib, Solari haqligini ko‘rsatib qo‘yishi mumkin edi.
Vinisius Junior - «Real»ning bu o‘yindan keyin tanqid qilinmaydigan yagona futbolchisi bo‘ldi. U bir necha yildan keyin Neymar darajasiga chiqishi mumkin, hozircha esa u kuch va tajriba to‘plamoqda. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan Isko hech narsa qila olmadi.
O‘yinda mezbonlarning xavfli hujumlarining aksari Juniorning tezkorligi va driblinglari evaziga ro‘y berdi. U o‘yin davomida 6 marta zarba berdi va 3 marta hal qiluvchi pasni amalga oshirdi.
O‘yin omadsiz boshlanishi (2-daqiqadayoq Kazemiro tomonidan Mikel Merinoga ishlatilgan qo‘pollik uchun belgilangan 11 metrlik jarima zarbasini Villian Joze aniq amalga oshirib hisobni ochdi) yosh vingerni faqat va faqat oldinga undadi. Birinchi bo‘limda vaziyatlardan birida braziliyalik futbolchi Karim Benzemaning pasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib bordi, ammo uni aldab o‘tolmadi. Boshqa vaziyatda esa uning maydon markazidan raqib darvozasi tomon intilishini hakamning tushunarsiz hushtagi to‘xtatib qo‘ydi. Umuman, bu o‘yindagi hakamlik ko‘pchilikni ajablantirdi.
Xose Munuera Montero «Real»ga ikkita penalti bermadi. Birinchi vaziyatda «Real»ning sobiq futbolchisi Aser Ilyaramendi zarba berishga chog‘langan Serxio Ramosni ortdan turtib yuborganida jim turdi, videotakrorlarga ham murojaat qilishni istamadi. Ikkinchi bo‘limda ham Vinisius Junior mehmonlar darvozaboni Xeronimo Ruli tomonidan yiqitilganini ko‘rishni istamadi.

«Qaymoqranglilar»ning hujumdagi harakatlari besamar ketaverdi, eng qulay vaziyat Lukas Vaskesda bo‘lgandi. Lekin birinchi bo‘lim oxirida uning ijrosidagi «parashyut» zarbasi raqib darvozasi to‘siniga tegdi. Hakam 61-daqiqada unga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatib, maydondan chiqarib yuborganidan keyin barchasi ayon bo‘ldi - «Real» endi bu o‘yinni qutqarib qololmasdi. Maydonni tark etaturib Vaskes futbolkasini yirtib yubordi.
Vinisius barchasini qo‘lga olishga harakat qildi, uning aylanma zarbasi darvoza to‘qqizligi yonidan o‘tib ketdi.
Mehmonlar esa qarshi hujumlardan birida «Real»ni jazolashdi, o‘yin oxiriga borib ikkinchi golni urishdi. Ilyarramendi maydon markazida to‘pni olib qo‘yib, Villian Jozega tashlab berdi, uning darvoza tomon uzatmasini Pardo osonlik bilan golga aylantirdi.
«Real» 2004 yil mayidan buyon ilk marta o‘z maydonida «Sosedad»ga yutqazdi.
«Real» yana qiyin ahvolda, xuddi Madridga yana Lopetegi qaytgandek. Bu jamoa xuddi o‘zining yoshligidagi jasoratlarini va qahramonliklarini qayta va qayta eslataveradigan, lekin endi hech narsaga yaramay qolgan qariyaga o‘xshaydi. Hurmat va achinish: Solarining hozirgi jamoasiga qarab shunday tuyg‘ularni his qilish mumkin. Argentinalik mutaxassis «Real» bilan yaxshi boshlagandi, lekin endi barchasi o‘z joyiga qaytgandek. Primeraning 18 turida 6 marta mag‘lub bo‘lgan madridliklar chempionlik haqida o‘ylay olishmaydi.
Primeradagi birorta jamoa bunchalik katta farqni yo‘qqa chiqara olmagan va chempion bo‘lolmagan. Ispaniya chempionati tarixida peshqadamdan 9 ochkodan ortiq farq bilan orqada qolgan jamoalar yakunda 1-o‘rinni qo‘lga kiritolmagan.
Mavzuga oid
09:45 / 25.05.2025
«Bernabeu» Modrich va Anchelotti bilan xayrlashdi. «Real» fanatlari ko‘z yoshlarini tiya olmadi
20:38 / 22.05.2025
Modrich «Real»ni tark etadi
21:21 / 11.05.2025
«Barsa» 7 ta gol urilgan klasikoda g‘alaba qozonib, amalda chempionlik masalasini hal qildi
18:18 / 09.05.2025