O‘zbekiston | 12:15 / 21.01.2019
25254
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda samolyot parvozi uzoq vaqt ushlanib qoldi

20 yanvar kuni Uzbekistan Airways kompaniyasining Urganch-Toshkent yo‘nalishida parvoz qilishi rejalashtirilgan A320-214 havo kemasi uzoq kechikish bilan manzilga yetib keldi. Manbaning ta'kidlashicha, parvozning ushlanib qolishi 6 soatga cho‘zilgan.

«HY-52 reysi 6 soatlik ushlanib qolish bilan Urganchdan uchib ketdi. Bunga HY-51 reysining kechikish bilan parvoz qilgani ham sabab bo‘ldi. Yo‘lovchilarga parvozning qoldirilishi tushuntirilmadi. Ular 6 soat, shunchaki, tushunarsiz narsani kutishdi», – deb yoziladi AviaSpotter Telegram-kanali xabarida.

AviaSpotter'ning yozishicha, parvozlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmaganiga uchish yo‘laklari shay holatda bo‘lmagani sabab bo‘lgan.

Foto: AviaSpotter

«Parvoz to‘xtatilgan vaqtda yo‘lakning sirpanchiqlik koeffitsiyenti 0,3ga teng edi. Bu vaziyatda tormoz effekti «ishonchsiz» deya hisoblar o‘zgartiriladi. Ammo, odatda, bunday muammolar maxsus texnikalar yordamida hal qilinadi. Katta ehtimol bilan, uchish yo‘laklarini muzlardan tozalovchi maxsus texnika Urganch xalqaro aeroportida yo‘q»,  – deyiladi xabarda. 

Foto: Uzbeksitan Airways

Uzbekistan Airways kompaniyasi rasmiy vakilining aytishicha, Urganch xalqaro aeroportida maxsus texnika, kuch vositalari tinimsiz ishlagan.

Foto: Uzbeksitan Airways
Foto: Uzbeksitan Airways

«Parvozlar ushlanib qolishiga noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘ldi. Ular yo‘laklarni qordan tozalab ulgurmadi. Parvozlarning ushlanib qolishi kompaniyaga foyda bermaydi. 

Aviakompaniyaning parvoz xavfsizligi qoidalariga ko‘ra, uchish yo‘lagidagi sirpanchiqlik koeffitsiyenti baland bo‘lgani tufayli parvozni amalga oshirish imkonsiz edi»,  – deydi vakil. 

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan «O‘zgidromet» mutaxassisi 20 yanvar kuni Urganchda 2 sm qalinlikdagi qor yog‘ganini ma'lum qildi. 

«Shunga qaramay, qor miqdori parvozning to‘xtatilishga asosiy omil bo‘lib xizmat qilmaydi. Meteorologik sabablarga ko‘ra, samolyotning uchmasligining asosiy sababi - turli meteorologik sharoitlar, masalan kuchli shamol, bulutlilik (oqibatda ko‘rinuvchanlikning pasayishi) bo‘lishi mumkin», – deydi u.

«O‘zgidromet» mutaxassisining qo‘shimcha qilishicha, qor ham har xil bo‘ladi: yumshoq, qattiq, muzli va aralash. Shunga qarab, tozalash ishlari ham turlicha tashkil qilinadi.

Shunga qaramay, parvozga otlangan, olis manzilni ko‘zlagan yo‘lovchilar uzoq vaqt mobaynida tegishli axborotsiz qoldirilganini oqlab bo‘lmaydi. Aynan shu parvoz yo‘lovchilari orasida Belgiyaning TCR Group – aeroportlar uchun yer usti texnikalarini yetkazib berishda ilg‘or bo‘lgan xalqaro kompaniya vakillari ham bo‘lgan. Ular 21 yanvar kuni Toshkent shahrida o‘tkazilishi belgilangan muzokaralar uchun kelayotgandi. Shuningdek, katta ehtimol bilan e'tiborsiz qoldirilgan yo‘lovchilar orasida boshqa xorijiy davlat fuqarolari va sayyohlar ham bo‘lishi mumkin.

Foto: AviaSpotter

Mavzuga oid