Sport | 10:42 / 25.01.2019
55950
12 daqiqa o‘qiladi

Penalti. Bikmayev

Men jarohatlangan futbolchi bilan to‘p talashmayman. Sababi, agar to‘pni olib qo‘ysam, «ha, endi, raqibi jarohatlangan edi-da, deyishadi. Agar yutqazib qo‘ysam, hammaning kulgisiga qolaman. Har ikki holatda ham yutuqda bo‘lmayman», – degandi, tarixdagi qaysidir futbolchi. Penalti ham xuddi shu holatga o‘xshab ketadi. Tepuvchi hech qachon yutuqda bo‘lmaydi.  

1999 yil YeChL finalidagi hisobni tenglashtiruvchi gol qanday sodir bo‘lgani haqida ishtirokchilardan biri David Bekhem hikoya qiladi: «Men burchak to‘pini ijro etish uchun tayyorlana boshladim. Bu so‘nggi imkoniyat, aniq ijro etishim kerak edi. Shu payt jarima maydoni tomon yugurib kelayotgan Piter Shmeyxelni ko‘rdim. Yoshligimizda u doim o‘z mashg‘ulotlarda bizni yuqoridan to‘p uzatishga majbur qilardi. Va agar uzatma xato ketib qolsa, qattiq koyib berardi. Biz hammamiz uning jahlini chiqarishdan juda qo‘rqardik. Negadir o‘sha mashg‘ulotlar xayolimdan o‘tdi va yomon pas uzatishga haqqim yo‘qligini angladim».

Bu qandaydir soniyalarda xayoldan o‘tgan fikrlar, ammo ishonsa bo‘ladi. Zero, penaltilar seriyasi deganda, ilk xayolga keladigani Roberto Badjodan JCh-98 turnirida yana bir marta penaltilar seriyasiga qanday yaqinlashgani haqida so‘rashganda, juda juda ko‘p narsalar xayoldan o‘tganini va hatto ba'zilarini eslay ham olmasligini aytib bergandi.

Marat Bikmayev zarbani ijro etayotgan paytda aynan nimalarni o‘ylagani menga qorong‘i, masalan, yaqinda Turkiyadagi mashg‘ulotlardan birida bo‘lib o‘tgan mana bu voqeani ham eslagandir.

Aytib berishlaricha, bir kuni, mashg‘ulotlar yakuniga yetar mahal, Kuper hammani kiyim almashtirish xonasiga chorlaydi. O‘sha paytda Marat Nesterov bilan penaltilarni mashq qilardi va u murabbiyga hech bo‘lmasa bir zarbani amalga oshirishga ruxsat so‘raydi.

- Agar ura olmasang, jarima to‘laysan, - deydi Kuper

- Xo‘p, agar ursamchi?

- Unda mukofot mendan!

Oddiy penalti katta musobaqaga aylanib ketadi. Murabbiylar shtabi Ignatiydan qutqarishni iltimos qilgan, futbolchilar esa, barchasi Marat tomonda, Kuperni «tushirish» uchun muxlislik qila boshlaydilar. Hamma to‘planib olgan, o‘z-o‘zidan, oddiy penalti bosimi bir necha karrasiga ortib ketgandi.

O‘sha zarbani Marat Bikmayev aniq ijro etadi va Kuper yutqazadi.

Bikmayev yuqoridagi voqeadan tashqari, albatta, salkam o‘n besh yil oldingi seriyani, Bahraynga qarshi o‘yinni ham yodga olgandir. To‘g‘risi, avval o‘sha o‘yin mening esimda yo‘q edi, Maratning zarbasi golga aylanmagach, keyin esladim. Uning esa, yodida bo‘lgani aniq. Balki shu tufayli, negadir, Maratning ikkinchi marta ham bizni musobaqadan chiqarib yuboruvchi xatoni amalga oshirgani emas, ikkinchi marotaba ham shu vazifa qarshisiga kelgani, bu mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgani haqida o‘ylay boshladim.

O‘shanda Marat ancha yosh bo‘lgandi. To‘g‘ri, yosh futbolchining qiyin pallada mas'uliyatni zimmasiga olishi tahsinga sazovor – yaqinda jahon chempionatida seriyada dadil harakat qilgan Reshfordga tan berganman. Yoki 2006 yilgi mundial saralashining hal qiluvchi pallasida Kuvayt darvozasiga belgilangan penaltini Jeparov ijro etgani ham katta voqea bo‘lgandi. Maydonda Qosimov bo‘lib turib, Serverning nuqtaga borishi, uning yaqin kelajakda terma jamoamiz yukini ham yelkasiga olishga tayyor ekanini anglatgandi o‘shanda.

Ammo bilasizmi, baribir, yosh futbolchilar bosimni yaxshi his qilishmaydi. Qarang, o‘zimiz ham yosh o‘tgan sari o‘limga yaqinlashib borsak-da, aslida undan ko‘proq qo‘rqishni boshlaymiz, yanada ehtiyotkorga aylanamiz. Yoshligimizda hech narsani o‘ylamay amalga oshirgan ba'zi harakatlarimizning endi oqibati haqida ko‘proq o‘ylay boshlaymiz, to‘g‘rimi?

Futbolda ham shunday bo‘lsa kerak. Yosh futbolchi, masalan, o‘n besh yil oldingi Bikmayevning holati biroz boshqacha bo‘lgan. Ular biror xatoga yo‘l qo‘yishlari mumkin, ammo kelajak oldinda turibdi, ularda bu xatoni tuzatish, boshqa muhim gollar ham urib, yoshlikdagi noaniq penaltini unuttirish  imkoniga ega bo‘ladi. Rostan ham Bikmayev keyinchalik, terma jamoamizda ham, «Paxtakor» yoki «Lokomotiv»da ham chiroyli o‘yinlar ko‘rsatdi, biz hatto uning Xitoydagi o‘sha noaniq penaltisini unutib ham yuborgandik.

Lekin tajribali futbolchida bu qiyinroq. Unda endi xatoni tuzatish yillari, imkoniyatlari kamroq. Balki endi butun umr muxlislar uni mana shu noaniq penalti bilan eslab yurishlari mumkin. Shunday holatda ham nuqtaga kelish, ba'zilar yelkasiga olishni istamay turgan mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olish oson emas. Tajribali futbolchi bunday holatni o‘z boshidan ham kechirgan, qanchalik og‘ir bo‘lishini his qilgan bo‘ladi. Akmal Shorahmedovning avtogoli uni necha yillab ta'qib qilganini eslang, masalan.

Yuqorida nomi eslab o‘tilgan Roberto Badjo JCh-94 finalida penaltini aniq ijro eta olmagan va butun mamlakat tomonidan malomat qilingan, hatto o‘sha penalti uning faoliyatiga ham ta'sir qilgandi. Lekin u oradan to‘rt yil o‘tib, barchani hayron qoldiradi va Fransiya terma jamoasiga qarshi kechgan chorak final o‘yinida, penaltilar seriyasida yana nuqtaga yaqinlashadi. Bu safar u zarbani aniq ijro etadi. Uning keyin aytib berishicha, to‘rt yil mobaynida deyarli har kuni o‘sha mudhish penaltini ko‘z oldiga keltirgan, juda ko‘p marotaba tushida o‘sha zarbani qayta ijro etgan ekan.  

«AQShda bitta xato qildim va yurtim mag‘lub bo‘ldi. O‘sha penaltini to‘rt yil ichida bir kun ham unutmadim, o‘sha hissiyotni har kun boshimdan o‘tkazdim. To‘rt yil o‘tib yana shunday penalti tepish imkoniyatini tanladim. Necha kishi mening gol urishimga ishonmaganliklarini hech qachon bila olmayman, ammo men uchun muhimi o‘zim ishonardim. O‘tmishning xatolari kelajak uchun tajribadir. Yo‘lda davom etaman».

Bu Badjoning so‘zlari edi. Uning bu harakati nafaqat futbol olamida, balki o‘ziga bo‘lgan ishonchga muhtoj bo‘lgan hammaga yo‘l ko‘rsatdi. Yakob Aagard o‘zining «Shaxmatda mukammallikka intilish» kitobining ilk boblaridan birida muallif kuchli bosim ostida qanday harakat qilish kerakligini tushuntiradi va misol tariqasida Roberto Badjo voqeasini misol keltiradi.

Penalti - texnik tomondan ijro etilishi u qadar qiyin bo‘lmagan mashg‘ulot. Darvozabon kim bo‘lishidan qat'i nazar shunday. Olimlar hisoblashicha, agar zarba ma'lum bir kuch bilan darvozaning biror burchagiga sal yuqorilatib ijro etilsa, nazariy tomondan ham uni qaytarish imkonsiz ekan. Xuddi shunday zarbani xuddi o‘sha nuqtaga yo‘llash aslida futbolchilar uchun u qadar qiyin bo‘lmasligi kerak. Chunki, mashg‘ulotlarda undan qiyin tryuklar ham osonlik bilan ijro etilishini hammamiz bilamiz. Ammo negadir, o‘yin paytida juda muhim penaltilar golga aylanmaydi, hatto Messi, Ronaldu kabi yulduzlar ham adashib turishadi. Bu yerda hamma gap bosimda, sovuqqonlikni saqlay bilmaslikda emasmi?

Kecha Sport TVda Xayrulla Hamidov besh yil oldingi Konfederatsiyalar kubogida Italiya va Ispaniya o‘rtasidagi penaltilar seriyasini eslatdi. O‘shanda darvozada Buffon va Kasilyas kabi darvozabonlar turishiga qaramasdan, futbolchilar birin-ketin zarbalarni aniq ijro etishdi. Adashmasam, yettinchi zarbaga kelibgina, Bonuchchi xatoga yo‘l qo‘ygandi. Yoki yaqinda «Manchester Yunayted» va «Derbi Kaunti» o‘rtasidagi Liga kubogi o‘yinidan keyingi seriyani eslang. Futbolchilar 7-8talab gollar urib tashlashdi. Gap bu o‘yinlarda maydonga tushgan futbolchilarning usta ekanliklarida emas, bu o‘yinlar ikkinchi darajali turnir bo‘lib, bosim kamroq bo‘lganida. Menimcha, mashg‘ulotlar paytida aniq penaltilar soni yanayam ko‘p bo‘ladi.  

Aytaylik, Eldor Shomurodov gol ura olmaganida, uni kechirish osonroq bo‘lardi, chunki u oldingi o‘yinlarda bizni ko‘p qutqardi, jonimizga oro kirdi. Marat Bikmayev esa, asosiy hujumchi sifatida turnirni boshlab, keyingi darajaga o‘tib qoldi. Balki endi OK-2019 deganda Bikmayevni faqat o‘sha penalti orqali eslaymiz, Eldordan farqli ravishda boshqa harakatlari yodimizda qolmaydi. Ya'ni, Maratning mana shu turnirdagi terma jamoadagi pozitsiyasi, roli, shaxsiy tarixidan kelib chiqilsa, uning shu mas'uliyatni bo‘yniga olganining o‘ziyoq katta jasoratdir. Gol urganida, balki, bu uning vazifasidek oddiy qabul qilardik, ura olmasa, ko‘rdik, nimalar bo‘lganini. Barcha muvaffaqiyatsizliklarda asosiy aybdorga aylandi, hatto uning oilaviy, shaxsiy hududiga ham daxl qilindi, ba'zilar tomonidan juda xunuk tarzda haqoratlarga uchradi. Menimcha, unga nisbatan nohaqlik qilinmoqda.

Aytmoqchimanki, penaltilar seriyasida eng muhimi va eng qiyini zarbani aniq ijro etish emas, o‘sha nuqtaga bora olishdir. Marat Bikmayev bu ishni uddaladi, demak unga ishonsa bo‘ladi, u bilan urushga borsa bo‘ladi. U hech qachon o‘zini mas'uliyatdan chetga olmaydi, jamoa manfaatini o‘zinikidan ustun qo‘yadi. Balki, o‘sha tobda penalti tepishni istamagan, bu mas'uliyatdan qochgan futbolchilar ham bo‘lgandir, bilmayman. Ammo Marat ular orasida emas, u xuddi biz kabi g‘alaba qozonishni ko‘proq istadi, bu uchun qo‘lidan kelganini qilishga urindi. Eng boshida aytganimizdek, yakunda baribir yutuqda bo‘lmasligini bilsa-da, jamoasi yutuqda bo‘lishi haqida ko‘proq o‘yladi. Biror futbolchini dangasalik, intizomsizlik, yulduzlik kasali va yana bir qancha illatlar bilan ayblash mumkin, ammo bir ishga jahd qilib, uni amalga oshira olmagani uchun tanqid qilib bo‘lmaydi.

Men Maratni bemalol Roberto Badjo bilan tenglashtira olaman. Gap ularning o‘rtasidagi farq, ya'ni italiyalik hujumchi o‘sha ikkinchi penaltisini aniq amalga oshira olganida emas. Bu shunchaki texnika. Bitta penaltini aniq amalga oshirish nima degan gap?

Muhimi, Marat ham xuddi Badjo singari ikkinchi marta o‘sha nuqtaga bora oldi. Menimcha, bu ancha mushkul vazifa. Qoyil.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid