Samarqandda keksa ayolning boshiga chelak kiydirib, musht tushirgan yigitlarga sud hukmi o‘qildi
2018 yilning noyabr-dekabr oylarida ijtimoiy tarmoqlarda bir to‘da yigitlarning keksa ayolning boshiga chelak kiydirib, musht urib yiqitganlari tasvirlangan videolavha tarqaldi va keng muhokamalarga, bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Ma'lum bo‘lishicha, voqea 2018 yilning may oyida Samarqand shahri Siyob bozori yaqinidagi “Shodiyona” savdo majmuasida sodir bo‘lgan. Sotuvchilar 1997 yilda tug‘ilgan Shirinbek Abdurahmonov, 1993 yilda tug‘ilgan Anvar Mardonov va 2000 yilda tug‘ilgan Doniyor Bahriddinovlar shu majmuada tilanchilik qilib kun kechiruvchi, 1961 yilda tug‘ilgan Halima Bo‘riyevani mazax qilish maqsadida bu ishni amalga oshirishgan.
Hozir shaxsi aniqlanayotgan Rahmatjon ismli yigit chelakni ayol boshiga kiygizadi, Shirinbek Abdurahmonov unga musht tushirib ag‘daradi. Yigitlardan biri, Doniyor Bahriddinov esa buni telefonga tasvirga olib, keyinchalik internet orqali tarqatadi.
Bu ishni amalga oshirgan zo‘ravonlarga nisbatan jinoyat ishi ochilgan, prokuratura nazorati o‘rnatilgandi. Samarqand shahrida mazkur ish yuzasidan sayyor sud bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Zamon” ko‘rsatuvi lavha tayyorladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Zarifa Ahmedova bergan ma'lumotlarga ko‘ra, ochiq, sayyor sud majlisi o‘tkazilgan. Sud jarayonida O‘zR JK 277 moddasi 2-qismi “b, d” bandlari bo‘yicha ayblangan Shirinbek Abdurahmonovga Yoshlar ittifoqi tomonidan berilgan kafillik xati, “Bog‘imaydon” mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan kafolat xati, jabrlanuvchining da'vosi yo‘qligi, ayblanuvchining qilgan ishidan pushaymonligi inobatga olinib, shu modda sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Lavhada sudlanuvchi Shirinbek Abdurahmonov bu ishidan pushaymonligini bildirib, kechirim so‘ragan. Uning onasi Nargiza Roziqova ham omma oldida o‘g‘lining ishi uchun kechirim so‘rab, farzandining 2 oy-u 13 kun hibsda o‘tirib, va nihoyat sud tomonidan ozod qilingani tufayli minnatdorchilik bildirgan.
Voqeaning boshqa ishtirokchilariga nisbatan qanday jazo belgilangani to‘g‘risida hozircha ma'lumot berilmagan.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024