Abduqahhor To‘xtayev 2005 yili “Vuzgorodok”da nima bo‘lganini aytib berdi
Xalq orasida “vuzgorodok” nomi bilan mashhur maskan poytaxtning mo‘'jazgina joyini egallagan bo‘lsa-da, uning dovrug‘i mamlakatning har bir burchagiga yetib borgan, desak, adashmaymiz. Zotan, bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan aksariyat ziyolilarning taqdiri, katta hayotdagi dastlabki qadamlari, yorqin onlari aynan shu yer bilan bog‘liq, deb yozadi «Xalq so‘zi».
XX asrda bunyod etilgan mazkur shaharcha yillar o‘tishi bilan abgor ahvolga kelib qolganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Bu yerdagi infratuzilma, talabalarning yashash sharoiti va madaniy-ijtimoiy muhit talabga mutlaqo javob bermasdi.
Mustaqillikka erishganiga ko‘p bo‘lmagan mamlakatning ertangi kelajagini belgilab beradigan asosiy kuch — yoshlar kamol topadigan maskanga e'tibor yetarli emasdi.
Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 2005 yili “Yoshlik” talabalar shaharchasiga borib, u yerdagi ahvol bilan tanishadi. Mavjud vaziyatni ko‘rib, zarur choralar belgilaydi. Biroq shaharchada amalga oshirilgan ishlar xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmagan.
«Xalq so‘zi»o‘sha davrda ushbu bunyodkorlikda ishtirok etgan mutasaddilar bilan suhbatlashdi. Ular voqealarni shunday esga olishdi.
Abduqahhor To‘xtayev, O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri:
— O‘sha paytlari, ya'ni 2005 yilda men Toshkent shahar hokimi edim. Shavkat Miromonovich meni chaqirib, “Yoshlik” talabalar shaharchasiga borishimizni aytdilar. Birgalikda bordik. Talabalar turarjoylarini, umuman, butun shaharchani aylanib, holatni o‘rgandik. O‘zbekiston Milliy universiteti, hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti turarjoylari va ularning sport majmualarini rekonstruksiya qilishni, jumladan, Milliy universitetga qarashli uchta sport zalini kapital ta'mirlash hamda ularni sport turlariga moslashtirish, qolaversa, TDTUda sport majmuasi bo‘lmaganligi uchun yangi, II tipdagi sport majmuasi, ya'ni yopiq suzish havzasi, voleybol, qo‘l to‘pi hamda yengil atletika bilan shug‘ullanish uchun ochiq sport majmuasi qurish bo‘yicha topshiriq berdilar.
Talabalar turarjoylarining aksariyati sharoitlar yo‘qligi uchun yopib qo‘yilgandi. Shu bois O‘zMU talabalar turarjoylarini ta'mirlash, hech bo‘lmaganda, uch yulduzli mehmonxonalar darajasiga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shu tariqa O‘zbekiston Milliy universitetining 8 ta, Toshkent davlat texnika universitetining 9 ta talabalar turarjoyi kapital ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi. Ular barcha zarur mebel jihozlari bilan ta'minlandi. Ma'naviyat xonalari, kutubxonalar, oshxona, yuvinish va kir yuvish xonalari tashkil etildi.
Qolaversa, ikki universitet sport majmualarining bo‘sh turgan maydonida yopiq, xalqaro standartlarga javob beruvchi suv havzalari barpo etilishi uchun loyihalarni ko‘rib, qurishga ruxsat berdilar. Xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti suv havzasi 50x11 o‘lchamli bo‘lib, 400 tomoshabinga mo‘ljallandi. Bu yerda ham sportchilarga barcha shart-sharoit muhayyo etildi. Toshkent davlat texnika universiteti esa 40x18 o‘lchamli II tip sport zaliga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, hududdagi 32-poliklinika kapital ta'mirlanib, aynan talabalar uchun topshirildi. Zarur tibbiyot jihozlari bilan ta'minlandi. Bunday ishlardan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi turarjoylari ham chetda qolmadi.
Umumiy ovqatlanish shoxobchalari ham ular egalarining o‘z mablag‘lari bilan zamon talablari darajasida ta'mirlanib, jihozlandi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur yumushlarning barchasi vazirlik va idoralar bilan birgalikda, hashar yo‘li bilan amalga oshirildi. Chunki o‘sha paytlarda buning uchun budjetdan mablag‘ olishning imkoni yo‘q edi.
Qisqasi, Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “Yoshlik” talabalar shaharchasi qayta qurildi. Hamma talablarga javob beradigan holatga keltirildi. Mana shu tashabbusning o‘ziyoq davlatimiz rahbarining yurtimiz kelajagi bo‘lmish yoshlarga qanchalik g‘amxo‘rlik ko‘rsatganini yaqqol isbotlaydi.
Mavzuga oid
14:16 / 19.09.2022
MB raisi o‘rinbosari tumanga hokim bo‘ldi
23:28 / 24.11.2020
Bemorlar kamaygani bois, Toshkentdagi ayrim taqsimlash markazlari yopilmoqda
20:56 / 24.11.2020
«Gaz muammosi bizning tumanda bo‘lishi mumkin emas» - Shayxontohur hokimi aholi bilan uchrashdi
10:59 / 24.07.2020