Sport | 16:14 / 19.02.2019
29484
2 daqiqa o‘qiladi

Shohjahon Ergashevning navbatdagi jangi muddati ma'lum bo‘ldi

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashevning (16-0, 14 KO) navbatdagi jangi muddati aniq bo‘ldi. Bu haqda GoSport.uz nashri manbalari xabar bermoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Ergashev o‘zining 17-jangini joriy yilning 13 aprel kuni o‘tkazadi. Bellashuv Nyu-Jyersi shtatining Atlantik Siti shahrida joylashgan Boardwalk Hall arenasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kechaning asosiy jangida ayollar o‘rtasida super o‘rta vazn toifasining bir yo‘la to‘rtta kamari uchun bahs o‘tkaziladi.

Hozircha Ergashevning raqibi kim bo‘lishi ma'lum emas. Sportchi tez orada bu borada ham ma'lumot berishini ma'lum qilgan. Jang 10 raundga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Shohjahon Ergashev 15 fevral kuni amerikalik Maykal Foksga (19-1, 5KO) qarshi ringga chiqqan va unda ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozongandi.

Shohjahon Ergashev IBF yo‘nalishining yanvar oyi uchun yangilangan reytingida bir pog‘ona ko‘tarilib, 11-o‘ringa joylashgan. 

Mavzuga oid