O‘zbekiston | 15:58 / 24.02.2019
34551
4 daqiqa o‘qiladi

Mubin Mirzayev: «Kameral nazorat – tekshiruvning bir turi»

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev soliq organlari tomonidan kameral nazoratning o‘rnatilishiga munosabat bildirdi. U bu haqda Kun.uz'ga bergan intervyusida gapirib bergan. Uning aytishicha, kameral nazorat soliq organlarida ma'lumotlar bazasini to‘g‘ri shakllantirishga yordam beradi.

– O‘zbekistonda 2019 yil majozan xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashish yili, deb aytilmoqda. Soliq organi vakili sifatida bu yo‘lda nimalar qilishimiz kerak deb o‘ylaysiz?

– Hozir Turkiya va Jahon banki mutaxassislari bilan importda qanday hujjatlar bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida batafsil o‘rganyapmiz. Ishlab chiqaruvchida, korxonani ro‘yxatdan o‘tkazishda, mahsulotni tashuvchi transportda bo‘lishi kerak bo‘lgan hujjatlarni qarab chiqyapmiz. Maqsadimiz ishlab chiqargan mahsulotni qonunlashtirish va soliq bazasini to‘liq shakllantirish. Shunga asosan qisqa, o‘rta va uzoq muddatli strategiya ishlab chiqyapmiz. U 4ta yo‘nalishda ish olib boryapti: soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, ularni nazorat qilish, soliq tizimlarining tarkibi, kadrlari qanday bo‘lishi, soliq siyosati qanday tashkillashtirilishi.

– Tizimdagi kameral nazorat nima va uning maqsadlari qanaqa?

– Bu tekshiruvning bir usuli. Dunyoda qariyb barcha davlatlarda mavjud tizim bo‘lib, bu orqali biz aniq hisobotlarni bilib olamiz. Kameral nazorat xodimlari ishlab chiqaruvchi qancha soliq to‘lashi kerak, qancha qismini to‘ladi, qancha to‘lamadi savoliga aniq javob berishi, hisobotni yashirmasligi shart. Albatta, biz dastlabki yarim yillikda tushuntirish ishlarini olib boramiz.

– O‘zbekiston kelgusida soliq islohotlarini amalga oshirishda Gruziya tajribasidan foydalanadimi? Agar foydalansa, bu bizda qanday samara beradi?

– Har bir davlatning o‘ziga xos xususiyati bor. Shu sabab biz barcha davlatni o‘rganamiz. Biroq ichki, milliy, xalqimizga qulay uslubni o‘zimiz yaratamiz. Biz oldimizga soliq organlari tadbirkorlarga, ishlab chiqaruvchilarga maslahatchi, ko‘makchi tashkilot bo‘lishi kerak degan maqsadni oldimizga qo‘ydik. Soliq tashkilotlarida ishlaydiganlar odamlarni qo‘rqitishi emas, o‘zi chin dildan ularning og‘irini yengil qilishga harakat qilishi kerak. Soliq qo‘mitasi qoshida hududlararo soliq to‘lash inspeksiyasi tashkil qilyapmiz. Bu inspeksiya 500 yirik korxonaga soliq masalalari bo‘yicha xizmat, maslahat va tushuntirish ishlarini olib boradi. Agar u o‘zini oqlasa, o‘rta (viloyatlarda) va kichik (tumanlarda) shunday markaz tashkillashtiriladi. Har qanday korxona savoli yuzasidan kimga murojaat qilishni bilishi kerak.

Mubin Mirzayev bilan intervyuni to‘liq shaklda quyida tomosha qilishingiz mumkin. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid