Sport | 18:00 / 25.02.2019
16637
11 daqiqa o‘qiladi

«Bezorilik»ni bas qilgan «Liverpul», 4-o‘ringa qaytgan «Arsenal», «Tottenhem»ning o‘yinida reklama qilingan O‘zbekiston – APLda tur voqealari

Dam olish kunlari Angliya Premer-Ligasida 27-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Bu turda qiziqarli voqealar ko‘p bo‘ldi. «Liverpul» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi farq maksimal darajada kamaydi, «Arsenal» «jonajon» 4-pog‘onasiga qaytdi va biz uchun eng muhimi, APLning bu turida stadionlardan birida O‘zbekiston reklama qilindi. Quyida shu va boshqa qiziqarli voqealarni eslaymiz.

«Liverpul» endi «bezori» emasmi?

Turning markaziy bahsi «Old Trafford»da o‘tkazildi. «MYu» o‘z maydonida azaliy raqibi «Liverpul»ni qabul qildi. O‘yinda hisob ochilmadi va Klopp jamoasi yetakchilikni saqlab qoldi. Bu bahsda hozir juda yaxshi holatda bo‘lgan va «qasos o‘tida yonayotgan» «MYu»ning imkoniyatlari yuqoriroq baholanayotgandi, lekin birinchi bo‘limda shunday voqealar bo‘lib ketdiki, «Liverpul» yaqqol favoritga aylanib qoldi.

Sulsher 43-daqiqaga kelib barcha zaxira imkoniyatlaridan foydalanib bo‘ldi. Avvaliga Ander Errera va Xuan Mata 4 daqiqa ichida (21 va 25-daqiqada) jarohat olib maydonni tark etishdi. 43-daqiqada esa Mataning o‘rniga zaxiradan tushgan Lingard ham jarohat olib almashtirildi. Yetmaganiga Markus Reshford o‘yin davomida diskomfort his qilib o‘ynadi. Darvoqe, APLda 4 yildan buyon hech bir jamoa bir taymning o‘zida uchta o‘zgarish qilmagandi.

«MYu» birinchi bo‘limdayoq shunday qiyin ahvolda qolganiga qaramay, «Liverpul» bundan foydalana olmadi. «MYu»ning eng muhim chiziq hisoblangan maydon markazida ikkita yangi futbolchining paydo bo‘lgani ham (markaz bir qadar tajribasiz Anreas Perreyra va Skott Maktomineyga qolib ketgandi. Pogba bilan birga, albatta) «Liverpul»ning o‘tgan mavsumdagi kabi «bezori» jamoaga aylanib, ketma-ket hujumlar amalga oshirishiga olib kelmadi. Qaytanga Klopp jamoasi o‘yin oxirigacha pragmatik harakat qilishda davom etdi va 0:0 hisobiga rozidek ko‘rindi.

«Arsenal» 4-o‘ringa qaytdi

27-turdan keyin jadvalning yuqori qismida o‘zgarish yuz berdi. «MYu»ning o‘z maydonida ochko yo‘qotganidan unumli foydalangan «Arsenal» maydonida «Sauthempton»ni mag‘lub etib «jonajon» 4-pog‘onasiga qaytdi. Shu kuni gollardan biriga mualliflik qilgan Aleksandr Lyakazett «Arsenal»ning oxirgi 7 yildagi ketma-ket 4 ta uy o‘yinida gol urgan ilk futbolchisiga aylandi. Bunday natijani oxirgi marta Robin van Persi qayd etgandi.

«Hayot O‘zbekistonga bormaslik uchun juda qisqa»

APLning 23 fevral kuni o‘tkazilgan «Byornli» hamda «Tottenhem» jamoalari o‘rtasidagi o‘yini o‘zbek futbol muxlislarining xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladigan bo‘ldi. Chunki bu o‘yin davomida «Terf Mur» stadionida O‘zbekiston reklama qilindi. Stadiondagi reklama ekranlarida «Life is too short not to visit Uzbekistan» (Hayot O‘zbekistonga bormaslik uchun juda qisqa) yozuvi paydo bo‘ldi. Bu reklamani oz emas, ko‘p emas naq 200 million odam tomosha qildi. «O‘zbekturizm»ning aytishicha, tashkilot bu reklamani bepul joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Angliyada ham stadionning suvi ochilib ketadi...

Yaqinda Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi pley-offidan o‘rin olgan «Paxtakor» hamda «Eyr Fors» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda «Paxtakor» stadionidagi sug‘orish tizimi ochilib ketgani yodingizda. Bunday holatlar Yevropada ham bo‘lib turishini APL 27-turida ko‘rdik. «Bornmut» hamda «Vulverhempton» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinning 90+5-daqiqasida «Din Kort» stadionining sug‘orish tizimi ishlab ketdi. Bizda ko‘pchilik «Paxtakor»dagi voqeani muammo deya bong urdi, lekin Angliyada bu holatni futbolchilar ham, muxlislar ham quvnoq tarzda qabul qilishdi.

«Yes Kane – no party»

«Byornli» - «Tottenhem» o‘yinida O‘zbekistonning reklama qilingani haqida aytdik. Bu bahsda yana bir diqqatga sazovor voqea sodir bo‘ldi. 13 yanvar kuni o‘tkazilgan «MYu»ga qarshi o‘yinda jarohat olgan «Tottenhem» yetakchisi Xarri Keyn safga qaytdi va «Byornli»ga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. Keyn shu kuni 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan jamoasining yagona goliga mualliflik qildi. Bir narsaga e'tibor berish kerak: «Tottenhem» Keyn jarohat olib safdan chiqqanidan so‘ng qiyin ahvolda qolishi kutilgandi, lekin jamoa Keynsiz APLning 4 ta o‘yinida qatnashib barchasida g‘olib bo‘ldi. Keyn safga qaytishi bilan esa o‘rtamiyona «Byornli»ga yengildi.

Saloh «MYu» «tavqi la'nati»ni yenga olmadli

«MYu» - «Liverpul» o‘yinida hisob ochilmagani haqida aytdik. Bu o‘yinda APL to‘purari Muhammad Saloh o‘zining yoqimsiz an'anasini buza olmadi. Gap shundaki, Saloh «Liverpul»ga kelgach, jamoaning asosiy raqibi «MYu»ga qarshi 4 ta o‘yinda qatnashdi va biror marta samarali harakatni amalga oshira olmadi. Saloh «MYu»ga qarshi o‘yinlarda gol ham urmagan, assistentlik ham qilmagan.

33 yil kutilgan het-trik

27-turning kutilmagan natijalaridan biri Uelsda kuzatildi. Xaver Grasiya murabbiyligida mavsumni yaxshi o‘tkazayotgan «Uotford» mehmonda «Kardiff»ni 5:1 hisobida yengdi. «Arilar» safida klubning tirik afsonasi Troy Dini ikkita gol urgan bo‘lsa, ispaniyalik Jyerar Deulofeu het-trik qayd etdi.

E'tiborlisi, «Uotford»ning qaysidir futbolchisi 33 yil ichida ilk marta Angliya yuqori divizionidagi bir o‘yinda uchta gol urdi. Yangi formatdagi APL bahslarida esa Deulofeu het-trik muallifiga aylangan ilk «Uotford» futbolchisi bo‘ldi.

«Biz quruq darvozabonlarmiz». De Xea APLda 100 ta «quruq» o‘yin o‘tkazgan 15-darvozabon bo‘ldi

«MYu» posboni David De Xea «Liverpul» bilan o‘yinda o‘ziga xos natija qayd etdi. Shu kuni o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan David APLdagi 100-quruq o‘yinini o‘tkazdi va bunday natijaga erishgan 15-darvozabonga aylandi.

«Quruq» o‘yinlar borasida APLda Peter Chex (202 ta o‘yin) yaqqol yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni esa Devid Jyeyms, Mark Shvarser, Devid Simen kabi darvozabonlar borishmoqda.

Turnir to‘purarlari

Angliya chempionati
27-tur
Manchester Yunayted – Liverpul 0:0
Manchester Yunayted: De Xea, Yang, Smolling, Lindelyof, Shou, Errera (Pereyra, 21), Maktominey, Pogba, Mata (Lingard, 25; Sanches, 43), Lukaku, Reshford.
Liverpul: Alisson, Milner, Matip, van Deyk, Roberson, Henderson (Shakiri, 72), Fabino, Veynaldum, Saloh (Origi, 79), Firmino (Starridj, 31), Mane.

Arsenal – Sauthempton 2:0
Gollar: Lyakazett (6), Mxitaryan (17).
Arsenal: Leno, Lixshtayner (Koselni, 56), Mustafi, Papastatopulos, Kolashinats, Torreyra, Jaka, Mxitaryan, Remzi (O‘zil, 63), Ivobi (Obameyang, 75), Lyakazett.
Sauthempton: Gann, Bednarek, Stivens (Ostin, 46), Vestergor, Valeri, Xeyberg, Romeu, Uord-Prouz, Targett, Armstrong (Obafemi, 46; Elyunussi, 65), Redmond.

Kardiff – Uotford 1:5
Gollar: Bamba (82) – Deulofeu (18, 61, 63), Dini (73, 90).
Kardiff: Eterij, Manga, Morrison, Bamba, Bakuna, Arter, Rolls (Mendes-Leyng, 67), Bennett, Paterson, Nyasse (Zoxore, 71), Merfi (Xoylett, 56).
Uotford: Foster, Yanmat, Mariappa, Ketkart, Mazina, Dukure, Kapu (Kleverli, 79), Xyuz, Pereyra (Kina, 71), Deulofeu (Grey, 86), Dini.

Vest Hem – Fulhem 3:1
Gollar: Chicharito (29), Diop (40), Antonio (90) – Babel (3).
Vest Hem: Fabianski, Sabaleta (Frederiks, 46), Diop, Ogbonna, Kressuell, Rays, Antonio, Nobl, Snodgrass, Felipe Anderson (Lansini, 76), Ernandes (Arnautovich, 64).
Fulhem: Riko, Odoi, Nordtveyt, Rim, Brayyen, Kerni, Chembers, Seri (Zambo-Angissa, 46), Sessenon (Markovich, 46), Babel, Mitrovich.

Byornli – Tottenhem 2:1
Gollar: Vud (57), Barns (83) – Keyn (65).
Byornli: Xiton, Bardsli, Tarkovski, Mi, Teylor, Xendrik (Breydi, 80), Vestvud, Kork, Maknil (Gudmundsson, 80), Barns, Vud.
Tottenhem: Loris, Foyt (Lamela, 76), Alderveyreld, Vertongen, Ore, Sissoko, Uinks (Lorente, 62), Rouz, Eriksen, Keyn, Son Xyon Min (Lukas Moura, 88).

Nyukasl – Haddersfild 2:0
Gollar: Rondon (46), Peres (52).
Nyukasl: Dubravka, Yyedlin, Sher, Lassels, Lejyen, Richi (Kenedi, 68), Peres, Xeyden, Longstaff, Almiron (Atsu, 81), Rondon (Xoselu, 84).
Haddersfild: Lessl, Smit, Yorgensen, Shindler, Leve, Muy, Xogg, Bakuna (Billing, 69), Kachunga, Depuatr (Mune, 76), Panchon (Xaderdjonay, 24).
Chetlatish: Smit (20).

Bornmut – Vulverhempton 1:1
Gollar: King (14, penalti) – Ximenes (83, penalti).
Bornmut: Boruts, Klayn, Mifem, Ake, Smit, Ayb, Gosling, Lerma, Freyzer, King, Solanke (Musse, 90).
Vulverhempton: Ruy Patrisiu, Bennett, Koudi, Boli, Doerti, Dendonker (Traore, 77), Ruben Nevesh, Moutinyu, Kastro, Ximenes (Saiss, 88), Diogu Jota (Kavaleyru, 66).

Lester – Kristal Pelas 1:4
Gollar: Evans (64) – Batshuayi (40), Zaa (70, 90), Milivoyevich (81, penalti).
Lester: Shmeyxel, Rikardu Pereyra, Evans, Maguayr, Fuks, Tilemans (Ixeanacho, 74), Ndidi, Meddison, Gezzal (Grey, 46), Vardi, Barns (Okadzaki, 85).
Kristal Pelas: Guaita, Uord, Tomkins, Sako (Denn, 77), van Anxolt, Makartur, Milivoyevich, Shlyupp, Taunsend (Kuyate, 80), Batshuayi (Ayyu, 86), Zaa.

Mavzuga oid