O‘zbekiston | 21:16 / 04.03.2019
39507
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Alisher Usmonov haqida: «Bunday vatandoshlarimiz bilan faxrlanishimiz kerak»

Rossiyalik milliarder, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov Namangan viloyatiga «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari ijrosi uchun 50 million dollar miqdorida beg‘araz yordam ajratdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namanganda bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida vaqtida rossiyalik milliarder asl vatani uchun qilayotgan ishlar haqida gapirgandi.

«O‘zbekiston 24» telekanali orqali bu haqda lavha berildi.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari bo‘yicha Usmonov Alisher Burxonovich menga bir taklif qildiki, «Agar siz ruxsat bersangiz, o‘rtoq Prezident, 50 million dollarni «Obod qishloq» bo‘yicha Namangan viloyatiga bersam, siz shuni qanday qabul qilasiz?». Men aytdimki, bu pullarni har bir tumanga 20—25 milliard so‘mdan biz tarqatmoqchimiz. Bu pullar, ochig‘ini aytsam, Toshkentga kelib tushdi. Bu va'da emas, naqd pulni yubordi», — deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident noyob loyiha sifatida Namangan shahrida Alisher Usmonov nomi bilan xalqaro biznes-markaz va biznes-maktab ochishni taklif qilgan.

«Biz bunaqa vatandoshlarimiz bilan g‘ururlanishimiz kerak. Men taklif qildim, Namangan shahrida noyob loyiha sifatida xalqaro biznes markazi va Alisher Usmonov nomi bilan zamonaviy biznesni o‘rgatadigan maktab ochiladi.

Tadbirkorlik deyapmiz. Hamma ham tadbirkor bo‘lavermaydi. O‘qitish kerak, sir-asrorini o‘rgatish kerak. Namanganda tug‘ilib, dunyoga taniqli tadbirkor bo‘lish — bu Namangan havosi, Namangan suvi, Namangan xalqining katta ehtiromi va mehnatining natijasi bo‘lsa kerak. Namangan yoshlarini tarbiya qilsangiz, Namangan xalqiga butun umr zamin va esdalik bo‘ladi», — deya ta'kidlagan O‘zbekiston Prezidenti.

Alisher Usmonov - taniqli tadbirkor va boshqaruvchi, milliarder, USM Holdings asoschisi. U 1953 yil Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilgan. Forbes tomonidan 2018 yil martida e'lon qilingan reytingda 12,5 milliard dollar miqdoridagi boylik bilan jahonda eng badavlat tadbirkorlar qatorida 118-o‘rinni, Rossiyada esa 10-o‘rinni band etgandi.

Mavzuga oid