Jamiyat | 20:00 / 07.03.2019
6506
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand aeroportida O‘zbekiston hududiga dronlar olib kirmoqchi bo‘lgan shaxslar to‘xtatildi

Samarqand xalqaro aeroportida noqonuniy yo‘llar bilan kuzatuv kamerali va kamerasiz uchuvchisiz uchish apparatlarini O‘zbekistonga olib kirishga bo‘lgan urinish to‘xtatildi.

«Istanbul-Samarqand» yo‘nalishida Samarqand xalqaro aeroportiga uchib kelgan shaxs «yashil yo‘lak»dan harakatlanayotganda bojxonachilar uni belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazishdi. Natijada unga tegishli bo‘lgan yuk sumkasida xorijda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparati yashirilgani fosh etildi. Ushbu shaxs shu tariqa o‘zining qing‘ir rejasini amalga oshirishga uringan ekan», deyiladi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, aynan shu yo‘nalishda parvozni yakunlab, yashil yo‘lakdan harakatlanyotgan yana bir  fuqaroning sumkasi nazoratdan o‘tkazilganda xuddi shunday rusumli uchuvchisiz uchish apparatini yashirin ravishda olib kirmoqchi bo‘lgani aniqlangan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 26 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘ida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan sanksiyasiz foydalanishda ogohlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 322-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston hududida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan noqonuniy foydalanish taqiqlangan.

Biroz avvalroq, Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida O‘zbekistonda dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangandi.

Mavzuga oid