Jamiyat | 22:52 / 18.03.2019
10192
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon IIB «Qurollangan o‘ta xavfli guruhni qo‘lga olish» o‘quv-mashg‘ulotini o‘tkazdi

Andijon viloyatida ichki ishlar boshqarmasining maxsus jangovar bo‘linmalari tomonidan qurollangan o‘ta xavfli guruhni qo‘lga olish va garovga olingan fuqarolarni ozod qilish bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarligi ostida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mashg‘ulot davomida shartli ravishdagi “jinoiy to‘da”ning Andijon shahar hududidagi mahallalardan biriga kirib olgani aniqlanib, bir vaqtning o‘zida maxsus rejalar harakatga keltirildi. Shu bilan birga mazkur mahalla hududida tezkor profilaktika va yalpi qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.

 “O‘quv rejasi”ga ko‘ra mahallada qochib yashirinishga harakat qilgan shartli bir guruh qurollangan shaxslar shahar hududidan chiqib ketishga urindilar, biroq shaharning tashqi halqa qismida xizmat olib borayotgan xodimlarning qarshiligiga duch kelib, yashirinib oldi.

Qurollangan o‘ta xavfli guruh taqibdan yashirinish maqsadida yul chetidagi qurilish ishlari olib borilayotgan binoni egallab, binodagi ishchilarni garovga oldi. Terrorchilik harakatlari sodir etishni maqsad qilgan qurollangan shaxslarni qo‘lga olish va ularni zararsizlantirish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazilib, garovga olingan shaxslar ozod etildi.

O‘quv mashg‘uloti davomida maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xizmatchilarining amaliy ko‘nikmalari namoyish qilindi. Mashg‘ulotlar yakunida ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining jangovar va kasbiy tayyorgarligiga baho berilib, harakatlar davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan topshiriqlar belgilab berildi.

Andijon IIB matbuot xizmati

Mavzuga oid