Jamiyat | 15:20 / 27.03.2019
7090
2 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘zi o‘qigan maktabga kitoblar va sport jihozlari sovg‘a qildi

Bugun, 27 mart kuni Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 4-umumta'lim maktabiga borib, o‘zi ta'lim olgan ushbu muassasaga sport jihozlari hamda shaxsiy kutubxonasidan kitoblar sovg‘a qildi.

Maktab jamoasi va o‘quvchilar bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida vazir o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlashda har bir inson faollik ko‘rsatishi lozimligini ta'kidladi.

– Umid qilamizki, o‘quvchilarimiz bu kitoblarni o‘qib o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashadi. Yoshlarimiz qaysi sohani tanlamasinlar, ularning har tomonlama barkamol inson bo‘lib yetishishlari uchun nafaqat ma'nan, balkim jismonan rivojlanish ham muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun, o‘quvchilarimiz bo‘sh vaqtlarini turli zararli odatlarga sarflashlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularni kitob o‘qishga, sport bilan shug‘ullanishga da'vat etishimiz zarur, – dedi Dilmurod Nabiyev.

Eslatib o‘tamiz, rahbarlarni o‘zi ta'lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilish tashabbusi 19 mart kuni yoshlar ma'naviyatini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini tashkil etishda ko‘mak berish, yoshlar orasida kitob o‘qishni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi.

Mavzuga oid