O‘zbekiston | 14:10 / 07.04.2019
39852
5 daqiqa o‘qiladi

«Uy-joy amnistiyasi» to‘g‘risidagi farmon ijrosi alohida nazoratga olingan

Foto: Flickr

O‘zbekiston Prezidentining o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni qonuniylashtirish haqidagi farmonining hududlardagi ijrosi tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan alohida nazorat olingan. 

Kun.uz’ga kelib tushayotgan xabarlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida oxirgi ikki kun davomida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishni asossiz paysalga solayotgan o‘nlab mas'ul shaxslar javobgarlikka tortilgan, arizalarni ko‘rib chiquvchi komissiyalarning barcha a'zolari qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirilgan, 2000dan ortiq arizalar bo‘yicha qarorlar qabul qilingan. 

Suhbatlar jarayonida adliya organlari vakillari tomonidan farmon ijrosi doirasida vijdonsizlik bilan murojaat qilish huquqini suiiste'mol qilayotgan, aksiya e'lon qilingandan keyin uy-joy, poydevor ko‘tarib, ularni rasmiylashtirishga harakat qilayotgan shaxslar faoliyatiga ham qonuniy baho berish bo‘yicha ishlar alohida nazoratga olinishi ta'kidlangan. Toshkent tumanida bu borada jinoyat ishi ham  ochilgani qayd etib o‘tilgan. 

Yuqoridagi mazmundagi adliya organlari tomonidan prezidentning uy-joy amnistiyasi to‘g‘risidagi farmoni ijrosi bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rilayotgani haqidagi xabarlar Samarqand, Jizzax, Andijon viloyatlaridan ham kelib tushmoqda. Xususan, kuni kecha Samarqand viloyati kadastr boshqarmasi rahbari javobgarlikka tortilgani haqida ishonarli ma'lumotlar mavjud. Xabarlarga ko‘ra Toshkent viloyati va boshqa hududlarda vazifalariga sovuqqonlik bir qarayotgan bir qator mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilishi kutilmoqda.

2018 yil 20 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi.

2018 yil 21 iyunda Vazirlar Mahkamasi Prezident farmoni ijrosini ta'minlash yuzasidan qaror qabul qildi va shu asosda mulk huquqini e'tirof etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.

Nizom turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibini belgilaydi.

2019 yil 1 maygacha davom etadigan aksiyada mulk huquqini e'tirof etish va kadastr hujjatlari 2ta shart asosida beriladi: yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq, turarjoy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yerda joylashmagan va o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik talablarini, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa.

Qaror ko‘p qavatli uylarga va ularga tutashib ketgan yer uchastkalariga o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga, noturarjoylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Fuqarolar o‘zboshimchalik bilan qurgan imoratga mulk huquqini olish uchun o‘sha hududdagi davlat xizmatlari markazlari orqali tuman (shahar) hokimi nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga murojaat qiluvchining pasport nusxasi, oila a'zolari, yerga egalik qilgan muddat va imorat qurilgan vaqt to‘g‘risida mahalla fuqarolar yig‘inidan ma'lumotnoma taqdim qiladi. Bundan boshqa hujjat talab qilish mumkin emas.

Arizani ko‘rib chiqish uchun davlat xizmatlari markazi tomonidan yig‘im undirilmaydi, faqatgina bir martalik aksiya doirasida eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida yig‘im to‘lanadi. Agarda murojaat etuvchi yolg‘on ma'lumot taqdim etsa, ariza rad etiladi.

Ariza asosida kadastr xizmati tomonidan o‘rganib, xulosa berilgach, tuman komissiyasi imoratga mulk huquqini e'tirof etish yoki rad etish to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Mavzuga oid