O‘zbekiston | 17:44 / 15.04.2019
26208
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligi sobiq rahbariyati ishi bo‘yicha sud boshlandi

Toshkentda Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligi sobiq rahbariyati ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar R.Ibragimov (1966 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i lavozimida ishlagan), U. Nazarov (1977 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan), A. Abdullayev (1983 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish masalalari departamenti Chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lganlarni topish va ro‘yxatga olish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va O. Maxsudov (1970 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Jo‘nab ketishdan oldingi moslashtirish va o‘qitish markazi direktori lavozimida ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlangan.

Ravshan Ibragimov
Foto: Kun.uz
Ulug‘bek Nazarov
Foto: Kun.uz

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Orifjon Qilichev raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210- (pora olish), 211- (pora berish), 243- (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 278-2- (kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Sud jarayoni davom etmoqda. 

Mavzuga oid