«Poroshenko - «qo‘y terisini yopingan bo‘ri», «Zelenskiy - Goloborodko emas». «Olimpiyskiy»dagi debatdan asosiy tezislar
19 aprel kuni kechqurun Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadionida Ukraina prezidentligi uchun saylovning ikkinchi turiga chiqqan amaldagi prezident Petro Poroshenko va birinchi turda g‘olib bo‘lgan shoumen Vladimir Zelenskiy o‘rtasida debat o‘tkazildi.
Stadion debat arafasida ikkiga ajratildi - bir tomonda Zelenskiy uchun, ikkinchi tomonda esa Poroshenko uchun sahna o‘rnatildi. Har bir sahna oldida «fan-zona»lar tashkil qilindi.
Ammo debat boshlanishi arafasida Poroshenko o‘z tarafdorlari bilan Zelenskiy turgan sahnaga yo‘l oldi. Nomzodlar saylovoldi kampaniyasi boshlanganidan buyon ilk marta bir sahnada turishdi va bir-birlariga qo‘l berishdi.
Zelenskiy o‘z chiqishida prezident oligarxlardan bo‘lmasligi kerakligi, oddiy xalq vakili prezident etib saylanishi kerakligi haqida gapirib, «hozirgi tizim me'yordagi va XXI asr mentalitetiga ega bo‘lgan normal insonlar bilan birgalikda yakson qilinishiga» ishonch bildirdi.
U o‘z tarafdorlari tomonidan tayyorlangan savollar ro‘yxatini taqdim etib, Poroshenkodan istagan savoliga javob qaytarishni so‘radi. Poroshenko esa Zelenskiy siyosatda yetarli bilimga ega emasligi va prezidentlikka noloyiqligi, shuningdek, uning ortida oligarx Igor Kolomoyskiy va uning «to‘dasi» turgani haqida aytib o‘tdi.
Debat davomida Zelenskiyga u Vladimir Putin qarshisida tiz cho‘kishga tayyorligi haqida gapirganini eslatishdi. U esa bu gap kontekstdan yulib olinganini ta'kidladi.
«Men hozir frontdan o‘g‘li qaytmagan har bir ona qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman, men hozir o‘z otasiga yetisha olmagan har bir bola qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman, men hozir har bir beva ayol qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman va sizlarni ham shunga taklif etaman», degan Zelenskiy va sahnada tiz cho‘kkan.
Poroshenko ham uning ortidan buni qaytargan, biroq buni tomoshabinlarga orqasini o‘girgan va uni sahnada qo‘llab-quvvatlayotgan Donbassdagi jangchilarga yuzlanib bajargan. U bu holatida Donbassdagi janglarda halok bo‘lgan jangchining bevasi qo‘lidan tutgan.
Debat yakunida Poroshenko madhiya kuylay boshlaydi, Zelenskiy esa kulimsiraydi va rafiqasini o‘pib g‘alaba ramzi sifatida ikki barmog‘ini (V - Victory) ko‘rsatadi. Keyin u ham qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, madhiyani kuylay boshlaydi. Butun stadion ularga jo‘r bo‘ladi.
Quyida ikkinchi turdagi nomzodlarning asosiy tezislari keltiriladi.
Zelenskiydan tezislar
- 2014 yilda u Poroshenkoga ovoz bergan va bugun u buni katta xatosi sifatida eslamoqda: «Biz siz bilan birgalikda boshqa Poroshenko uchun ovoz berib, boshqa Poroshenkoni saylagandik. Bittasi baqirardi: «Putin, senga ko‘rsatib qo‘yaman». Ikkinchisi esa janob Medvedchuk orqali Moskvaga salom yo‘llardi. Birinchisi dollar 10 grivna bo‘lishini aytardi, ikkinchisi esa uni 30 grivnadan qilardi».
- Men siyosatchi emasman, bu tizimni sindirish uchun kelgan oddiy odamman.
- Men Ukraina sharqidagi harbiy harakatlar hududida ko‘p marta bo‘lganman va Poroshenko aytganidek harbiy chaqiruvdan qochmaganman.
- Men hech qachon Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan gaplashmaganman.
- Urush boshlanganidan keyin Rossiyaga bormaganman.
- Men Ukrainani qayergadir olib boradigan Moisey emasman. Ukraina Yevropaga boradi. Agar odamlar shunga qaror qilsa, men bu tanlovni himoya qilaman.
- Men faqat bir muddat uchun qolaman va mushtlarimni tugib, Poroshenkoning atrofidagilar siyosat maydonida qolmasligi uchun barcha ishni qilaman.
- Ukraina xalqi qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman (tiz cho‘kadi).
- «1+1» telekanali bilan shartnomam bor va bundan boshqa biznes yo‘q.
- Poroshenko - «qo‘y terisini yopingan bo‘ri». Nima uchun sizning konfetlaringiz Moskvada sotilmoqda? Nima uchun yoningizdagi barcha odamlarning qo‘li ikkita?
- Poroshenko ko‘plab yutuqlarga erishdi - YeI bilan vizasiz rejim, avtokefaliya, ukrain tili, armiya. Ammo u bulardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqda.
Poroshenkodan tezislar
- Men mamlakatni qashshoq holatida qabul qilib olganman. 2014 yilda bu mamlakatni pulsiz, qurolsiz holatda qabul qilganimni bilganingizda boshqacha savol bergan bo‘lardingiz.
- Zelenskiy bilimsiz. U jurnalistlardan, muxolifatdan va ukrain xalqidan yashirinadi. Uning shtabi a'zolari va maslahatchilari emas, uning o‘zi nima qila oladi. Biz buni bila olmaymiz.
- Zelenskiyning ortida Igor Kolomoyskiy yashiringan. Siz «qopdagi mushuk» emassiz, siz ichida ulkan qora mushuk bo‘lgan qopsiz.
- Men janob Vladimir Ukrainani Rossiya imperiyasiga qaytarishni orzu qiladi, deb o‘ylamayman. Ammo Putinda shunday orzu bor. Agar u bunga qarshi qanday turishni bilmasa, biz Ukraina kelajagi uchun barcha risklarni yo‘ldan yo‘qotishimiz kerak.
- Atrofimdagilarning hech biri korrupsiyaga aloqador emas. Zarracha shubha paydo bo‘lishi bilanoq, unday odam mening do‘stim bo‘lishni to‘xtatadi va qamoqqa ravona bo‘ladi.
- Zelenskiy - Goloborodko («Sluga naroda» serialida Zelenskiy ijro etgan qahramon) emas. Siz bu yerga trolleybusda yoki velosipedda kelmadingiz.
- Janob Vladimir aytayotgan gaplarning mutlaqo barchasi - uydirma va asossiz gaplar.
- Men o‘z prezidentligimdan uyalmayman.
15 yil ichidagi ilk debat
Ukraina prezidentligiga nomzodlar o‘rtasidagi oxirgi debatlar 2004 yilda o‘tkazilgandi. O‘shanda Viktor Yanukovich va Viktor Yushchenko o‘zaro bahslashishgan.
Zelenskiy va Poroshenko o‘rtasidagi debat Ukraina qonunchiligida belgilanganidek Jamoatchilik televideniyesi orqali translatsiya qilindi.
Stadionda debat o‘tkazish tashabbusini Zelenskiy ilgari surgandi. U videomurojaatida Poroshenkoni 14 aprel kuni Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadioniga kelishga chaqirgan va o‘ylab ko‘rish uchun 24 soat vaqt bergandi.
Poroshenko stadionga borishga rozi bo‘lgan, tomonlar 14 aprel kuni «Olimpiyskiy»da uchrashishi, 19 aprel kuni esa telestudiyada debat o‘tkazilishini so‘ragandi.
Ammo 14 aprel kuni Zelenskiy stadionga kelmadi, Poroshenko muxolifini shartiga ko‘nishga majbur bo‘ldi.
«Olimpiyskiy» - Ukrainadagi eng yirik stadion bo‘lib, sig‘imi - 70 ming kishi. Ukraina IIV ma'lumotiga ko‘ra, debatni kuzatish uchun stadionga 22 ming kishi tashrif buyurgan.
Ukrainada prezident saylovining ikkinchi turi 21 aprel kuni o‘tkaziladi. 31 mart kuni o‘tkazilgan birinchi turda Zelenskiy 30,24 foiz ovoz olgan, Poroshenkoni saylovchilarning 15,95 foizi qo‘llab-quvvatlagan.
Mavzuga oid
20:12
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024