Jahon | 09:08 / 30.04.2019
8308
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada imperatorning taxtdan voz kechishi bilan bog‘liq marosimlar boshlandi 

Foto: REUTERS

30 aprel ertalab Yaponiya imperatori Akixito sintoist ibodatxonasida taxtdan voz kechish bilan bog‘liq diniy marosimlarni bajo keltirishni boshladi. 

Mahalliy televideniye imperatorning Kasikodoro ibodatxonasiga o‘zining ketayotgani haqida sintoist xudolariga ma'lum qilgani kirayotganini namoyish qilgan. So‘ngra u yerda imperatorning taxtni egallaydigan to‘ng‘ich o‘g‘li Naruxito ibodat qilgan.

Bundan avvalroq 85 yoshli imperator Yaponiyaning turli hududlarida 11 ta shunday marosimni amalga oshirgan.  

Imperatorning taxtdan voz kechish rasmiy marosimi Tokiodagi imperatorlik saroyida mahalliy vaqt bilan 17:00da boshlanadi. 

Ma'lum qilinishicha, marosimda bosh vazir Sindzo Abe nutq so‘zlab, imperatorga minnatdorlik bildiradi. Shuningdek, Akixitoning o‘zi ham imperator sifatida so‘nggi so‘zini aytadi. 

Marosimda imperatorning rafiqasi Mitiko, valiahd shahzoda Naruxito, Yaponiyaning qonunchilik, ijrochilik va sud hokimiyati hamda mahalliy boshqaruv organlari vakillari, jami 338 kishi ishtirok etadi.

Imperator rasman 30 aprel yarimtunda iste'foga ketib, 30 yil davom etgan Xeysey – “Tinchlik o‘rnatilishi” davriga yakun yasaydi. U boshqa hech qanday rasmiy majburiyatlarni bajarmaydi. Akixito hattoki o‘g‘lining taxtga o‘tirishi marosimida yangi imperatorga xalaqit qilmaslik uchun ishtirok etmaydi.

Yangi imperatorning taxtga o‘tirishi bilan Yaponiyada “Reyva” – “Ajoyib uyg‘unlik” davri boshlanadi.

1 may kuni yangi imperator Naruxito alohida marosimda imperatorlik regaliyalari – qilich va zeb-ziynatlar hamda 126-imperator ekanining isboti sifatida imperatorlik muhrini oladi. Keyinroq u bosh vazir va jamoatchilik vakillari bilan uchrashadi.

Akixito Yaponiyani miloddan avvalgi 660 yildan beri boshqarib kelayotgan sulolaning 125-imperatori hisoblanadi. 

Yaponiyada taxtdan 60 dan ko‘proq imperator voz kechgan. Oxirgi marta bu 1817 yilda yuz bergan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid