Sport | 15:20 / 02.05.2019
10997
7 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ligasida inglizcha final bo‘ladimi? Kunning asosiy o‘yinlari anonsi

Foto AFP

2 may, payshanba kuni oqshomida Yevropa Ligasi yarimfinali doirasidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Emeri inqirozda
«Arsenal» - «Valensiya». 00:00

Unai Emerining «kanonirlar» boshqaruvidagi ilk mavsumi qanday o‘tishini oldindan taxmin qilish qiyin edi. Afsuski, ayni vaqtga kelib uning faoliyatiga baholar orasida plyuslardan ko‘ra minuslar ko‘p.

«Arsenal»da hammasi yaxshi ketayotgandi, ammo aprel kunida momaqaldiroqlar chaqib, sharros jala quygandek, klub o‘tgan oyda ketma-ket uch o‘yinda mag‘lub bo‘ldi - avvaliga o‘z maydonida «Kristal Pelas»dan 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi, keyin «Vulverhempton» maydonida jamoa ilojsiz ahvolda qoldi - 1:3. Keyin esa «Lester» o‘z uyida londonliklarni sharmanda qildi - 3:0. Emeri shogirdlari esa bu vaqtda kuchli to‘rtlikdan mustahkam o‘rin olish o‘rniga YeChL yo‘llanmasini jiddiy xavf ostida qoldirishdi. Endi jamoa Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lish orqali yo‘llanmani qo‘lga kiritishga harakat qilishi kerak.

Aftidan, Emeriga APLda kuchli to‘rtlikka kirishdan ko‘ra, ikkinchi rangdagi xalqaro kubok uchun kurashish osonroq. «Arsenal» hali bu turnirga qadam qo‘yishidan oldin bask mutaxassisi qatorasiga uch mavsumda «Sevilya» bilan Yevropa Ligasi g‘olibi bo‘lgan. «Arsenal» bu turnirga ko‘nikib olgach, yaxshi ishtirok eta boshladi (o‘tgan mavsumda ham Arsen Venger boshqaruvidagi jamoa ilk marta bu turnirda ishtirok etib, yarimfinalgacha borgan va «Atletiko» to‘sig‘idan o‘tolmagandi - 0:0, 0:1). Bu mavsumda pley-off o‘yinlarida BATE va «Renn»ga qarshi birinchi safar o‘yinlarida yutqazgan bo‘lsada (mos ravishda 0:1 va 1:3), jamoa javob o‘yinida vaziyatni o‘nglay oldi (3:0, 3:0). Chorakfinalda esa «Napoli»ga qarshi ilk o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazgan londonliklar ishonchli g‘alabaga erishishdi (2:0), safardagi o‘yinda g‘am g‘alabaga erishildi (1:0). Karlo Anchelotti boshqaruvidagi neapolliklar Emeri jamoasi qarshisida ilojsiz ko‘rinishda qoldi. Bu esa jamoa bosqichdan-bosqichga kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. 

Shunday bo‘lsa-da, «Arsenal» Emerining sobiq jamoasi, yana bir ispaniyalik kuchli mutaxassis Marselino boshqaruvidagi «Valensiya» bilan qarama-qarshilikda yaqqol favorit sifatida ko‘rilmayapti. «Ko‘rshapalaklar»ga birinchi o‘yinda jarohatdagi Denis Cherishev va diskvalifikatsiyadagi sobiq «kanonir» Fransua Koklen, shuningdek, asosiy tarkibni almashtirib bo‘lmas o‘yinchisi Joffri Kondogbia yordam bera olmaydi. «Arsenal» uchun esa jiddiy zarba - Remsining yo‘qotilishi bo‘ldi - ushbu uelslik futbolchi o‘yindan oldin «Napoli»ga qarshi o‘yin uning «Arsenal» libosidagi oxirgi o‘yini bo‘lganini ma'lum qildi - Neapoldagi o‘yinda jarohat olgan futbolchi jarohatini davolab, yozda erkin agent maqomida «Yuventus» safiga borib qo‘shiladi. Bugungi o‘yinda Mesut O‘zil o‘zini ko‘rsatishi kutilmoqda, u bu orqali klubda qolish istagini namoyon qilishi mumkin.

Eng ko‘p gol urayotganlar to‘qnashuvi
«Ayntraxt» F - «Chelsi». 00:00

Frankfurtning «Ayntraxt» va Londonning «Chelsi» klublari bu turnirda «Atletiko»ning rekordini takrorlash uchun ham raqobat qilishdi - ikki jamoa ham Yevropa Ligasida mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgandi. Nemis «burgutlari» chorakfinalda «Benfika»ga qarshi safar o‘yinida seriyasini to‘xtatgan bo‘lsa, ko‘klar Praganing «Slaviya» klubiga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi va ispanlarning 15 o‘yindan iborat seriyasini takrorlashdi. Mauritsio Sarri bugungi oqshomda Diyego Simeonedan o‘tib ketishi ham mumkin.

Frankfurtliklar jamoasi bosh murabbiyi Adolf Hyutter o‘z jamoasi (bu jamoa pley-off o‘yinlarida «Shaxtyor», «Inter» va «Benfika» klublarini turnirdan chiqarib yubordi) «Chelsi»ga qarshi o‘yinlarda favorit bo‘lmasligi haqida gapirdi. Ammo bu jamoani autsayder deb ham bo‘lmaydi. Avstriyalik mutaxassis «Ayntraxt»da o‘tgan mavsum yakunida «Bavariya»ga yo‘l olgan Niko Kovach o‘rnini egalladi va jamoani yanada kuchliroq qildi. Bu jamoa endi Yevropa Ligasi yarimfinaliga yetib kelgan, jamoa nemis klublarining turnir tarixidagi samaradorlik bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichini qayd etmoqda (28 gol va bu yanada yaxshilanishi mumkin), shuningdek, Germaniya chempionatida kuchli to‘rtlikka mustahkam o‘rnashgan va Chempionlar ligasiga tayyorlanmoqda.

Hyutter «Chelsi»ga qarshi birinchi o‘yinda diskvalifikatsiyaga uchragan Rebich va jarohat olgan Aller xizmatlaridan foydalana olmaydi. Hujumdagi kuchli uchlikning uchinchi vakili Yovichda esa uning yozda «Real»da o‘tishi haqidagi xabarlar tarqalishi ortidan pasayish kuzatilmoqda.

Hyutter bu o‘yinda himoyaga ko‘proq e'tibor qaratishi kerak, axir «Chelsi» ham o‘z raqibi kabi samaradorlik ko‘rsatmoqda - londonliklar turnirda shu vaqtgacha 30 gol urishdi, turnir to‘purarlari ro‘yxatini esa Olive Jiru boshqarmoqda. Inglizlarda ham muammolar bor, Ryudiger «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda (1:1) jarohat olib safdan chiqdi va ham xuddi Hadson-Odoi kabi mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradi. Shu bilan birgalikda, londonliklar klubi muxlislari uchun yaxshi yangilik bor: Villianning oxirgi o‘yindagi jarohati jiddiy bo‘lib chiqmadi va u bugun maydonga tushishga va maydon markazida Emerson bilan bir safda bo‘lishga tayyor.

Ko‘ramiz, bu mavsumda inglizcha final bo‘ladi va Emeri o‘zining sevimli kubogini yana o‘ziniki qiladimi?

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid