Jamiyat | 21:54 / 16.05.2019
5444
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy paviloni dunyo kinosanoatiga nimalarni taklif qilmoqda?

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

Sir emaski, nufuzli Kann festivali butun dunyo kinematografiyasida o‘z o‘rni va yuksak mavqeiga ega. Ikki yil oldin ham festivalda O‘zbekiston milliy pavilonining bo‘lishi faqat orzu-havasday tuyular edi. Bu yil 72-marta o‘tkazilayotgan Kann festivali har qachongidan ham gavjum, har doimgidan-da shukuhli. 

71 (!) yil deganda Kruazet sohilida O‘zbekiston bayrog‘i hilpiradi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan o‘tgan yili birinchi marta, bu yil esa ikkinchi marta Kann festivalida rasman, dunyo kinosining gigant  mamlakatlari bilan bir safda O‘zbekiston milliy paviloni eshiklari keng ochildi. 

O‘zbekiston milliy paviloni dunyo kinosanoatiga nimalarni taklif qilmoqda?

Kann festivali doirasidagi Marche du Film kinobozorida O‘zbekiston kinoindustriyasi namoyish etilishi uchun tashkil qilingan O‘zbekiston milliy paviloni butun dunyoga O‘zbekistonni qo‘shma kinoasarlar yaratish uchun hamkor va jahon filmlari olish uchun lokatsiya sifatida taqdim etish imkonini beradi.

Sodda tilda aytganda, milliy pavilonning missiyasi bebaho tarix va boy madaniy merosga ega Vatanimiz imkoniyatlari haqida dunyo kinosanoati vakillariga tanishtirishdan iborat. Ko‘hna Registon, go‘zal vodiy va voha tabiati, zamonaviy shaharlarimizning xorijiy prodyuserlar e'tiborini qozonib ulgurgan Tayland yoki Hindiston, Shveytsariya va Alp tog‘laridan kam joyi yo‘q.  Bizda ham Gollivud filmlarini hech ikkilanmasdan suratga olsa bo‘ladi. 

Tan olish kerak, O‘zbekiston Kann festivalining uzoq yillik ishtirokchilariga nisbatan ancha yosh va notanish. Biroq milliy pavilonga kirib kelgan yirik kinokompaniyalar vakillari, dunyoga mashhur prodyuser va rejissyorlar, aktyorlar e'tiborini o‘ziga qarata olmoqda. O‘tgan yili pavilonda mehmon bo‘lganlar o‘zlarining ijobiy taassurotlari bilan o‘rtoqlashmoqda.

Bu nimadan dalolat? O‘zbekiston yoshlar ittifoqining xalqaro maydondagi sa'y-harakati bejiz ketmayapti. Vatanimizning xalqaro maydondagi imidjini yaxshilash bilan bir qatorda, kelajagi bor yirik loyihalar va eng asosiysi, yosh kinoijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qilmoqda.

Ma'lumot uchun: 2019 yil fevralida yosh kinoijodkorlar tomonidanO‘zbekiston milliy paviloni Berlinale festivali doirasidagi Yevropa kinobozorida ham ochildi. Bu yilgi Kann kinomarketi muzokaralari natijasi o‘laroq Santa Monika (AQSh), Toronto (Kanada), Pusan (Janubiy Koreya) hamda London (Buyuk Britaniya) kinobozorlarida ham O‘zbekiston manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun qatnashishi mumkin bo‘lmoqda.

Mavzuga oid