Jahon | 22:40 / 23.05.2019
80841
17 daqiqa o‘qiladi

«Zelenskiyning do‘stlari». Yangi prezident ilk tayinlovlarni amalga oshirdi. Ular kimlar?

21 aprel kuni Ukrainadagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonib, 20 may kuni qasamyod qabul qilib, lavozimga kirishgan Vladimir Zelenskiy prezidentligining uchinchi kunida, 22 may kuni qator tayinlovlar amalga oshirdi, xususan, o‘z administratsiyasiga yangi rahbar va Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabiga yangi boshliq tayinladi.

Farmonlarda Zelenskiy prezident bo‘lishidan avval asosiy yulduzi bo‘lgan «Kvartal 95» studiyasi asoschisi, oligarx Igor Kolomoyskiyga aloqador yurist va Ilovaysk yaqinidagi janglarda ukrainalik harbiylarga qo‘mondonlik qilgan generalni uchratish mumkin. Bi-bi-si Ukraina hukumatidagi ilk tayinlovlar haqida ma'lumotlar to‘pladi.

Prezident administratsiyasi rahbari - Andrey Bogdan

Andrey Bogdan
Foto: UNIAN

Ukraina siyosatida bu lavozimning ahamiyati va darajasi davlat rahbari kimligiga va ma'muriyat rahbari shaxsiga qarab doimo o‘zgarib turgan.

Leonid Kravchuk vaqtida prezident administratsiyasi rahbari bo‘lgan Nikolay Xomenkoni administratsiyadan tashqarida deyarli hech kim tanimasdi. Viktor Baloga haqida esa shunday hazil gap yurardi - «Viktor Yushchenko uning administratsiyasida prezident bo‘lib ishlaydi».

Katta ehtimol bilan katta siyosiy tajribaga ega bo‘lmagan Vladimir Zelenskiyning prezidentligi davrida prezident administratsiyasi rahbari lavozimining ahamiyati salmoqli bo‘ladi - Andrey Bogdanning bu lavozimga tayinlanishi yangi hukumat konfiguratsiyasidagi (qiyofasi) muhim nuqtalardan biridir.

Andrey Bogdan - 42 yoshda, u professional yurist, advokat. U Vladimir Zelenskiy bilan ko‘p vaqtlardan buyon tanish, prezident uni yaqin o‘rtog‘i deb ataydi. Bogdan «Ukrainskaya pravda» uchun bergan intervyusida 2014 yil oxirida va 2015 yil boshlarida taniqli komik aktyorni siyosatga o‘tishga undaganlardan biri bo‘lganini aytib o‘tgan.

Vladimir Zelenskiy va Andrey Bogdan prezident administratsiyasining 21 may kungi yig‘ilishida
Foto: PRESIDENT.GOV.UA

Saylovoldi kampaniyasi davrida Bogdan doimo Zelenskiyning shtabida bo‘lgan, u Olimpiyskiy stadionida Petro Poroshenko bilan o‘tkazilgan debat vaqtida ham qo‘llab-quvvatlovchilar guruhining oldingi qatorida edi.

«Bu odam hujjat ishini puxta biladi - qaysi qog‘ozlarni topshirish va qaysisini topshirmaslikni», degandi uning shtabdagi roli haqida gapira turib yangi prezidentning yaqin tarafdori Sergey Shefir.

Bogdan - Ukraina siyosatida yangi figura emas. U 2004 yildan buyon Ukraina prezidentligi uchun o‘tkazilgan barcha saylovlarda saylovoldi kampaniyalarida ishtirok etgan. Viktor Yushchenko prezidentligi davrida u Adliya vazirining korrupsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. U hukumatdagi ko‘plab hamkasblaridan farqli ravishda Yanukovichning g‘alabasidan keyin ham hukumatda qolgan: Nikolay Azarov tuzgan hukumatda u korrupsiyaga qarshi siyosat bo‘yicha komissar lavozimini egallagan.

Ukrainadagi ayrim nashrlar Bogdanni Igor Kolomoyskiy nomi bilan bog‘lashadi va uni Ukrainaning eng yirik oligarxning advokati sifatida bilishadi. 2014 yilda u Dnepropetrovsk viloyati gubernatori Igor Kolomoyskiyning maslahatchisi bo‘lgan. Keyinroq Kolomoyskiyning yaqin odamlaridan biri, moliyaviy jinoyatlarda ayblangan Gennadiy Korbanga advokatlik qilgan.

«Ukrainskaya pravda» uchun bergan intervyusida Bogdan ayni vaqtda bir jinoiy ishda Kolomoyskiyga advokatlik qilayotganini aytgan va oligarxni «Ukrainaning haqiqiy vatanparvari» deb atagandi. Shu bilan birgalikda, aprel oyi oxirida, saylov natijalari ma'lum bo‘lgach, u yangi hukumatda lavozim olsa, har qanday advokatlik faoliyatini to‘xtatishini va bundan keyin uning Kolomoyskiy bilan aloqalari bo‘yicha shubhalar asossiz bo‘lishini ma'lum qilgan.

Foto: UNIAN

Bi-Bi-si suhbatdoshi Andrey Bogdanni hamisha ham odob bilan muomala qilmaydigan, qo‘pol, har qanday muzokaralarda agressiv harakatlanuvchi menejyer sifatida ta'riflagan.

Lavozimga tayinlanganidan keyin bergan birinchi intervyusida Bogdan Zelenskiyning administratsiyasiga siyosiy mahbuslarni ozod etish masalasi bo‘yicha maxsus vakil izlanayotgani haqida gapirdi. U hali yangi prezidentning ilk xorijiy safari qaysi davlatga amalga oshirilishi bo‘yicha qaror qabul qilinmagani, bir necha takliflardan biri tanlanishi haqida ma'lumot berdi.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Bogdanning «Rossiya bilan tinchlik kelishuviga erishish» bo‘yicha taklifi muhokama qilinmoqda. Bogdanning bayonotidagi noaniqliklar, bayonot Ukrainaning referendum haqidagi qonuniga mos emasligi ko‘plab e'tirozlar va Ukrainaning yangi ma'muriyati «taslimchilik»ni ma'qul ko‘rayotgani haqidagi taxminlarni paydo qilmoqda.

Va nihoyat Bogdanning tayinlanishiga asosiy e'tiroz - lyustratsiya normalari. Bu normaga ko‘ra, Viktor Yanukovich prezidentligi vaqtida vazir o‘rinbosari darajasidagi lavozimda ishlagan odam keyingi prezidentlar davrida prezident administratsiyasi rahbari bo‘lishi bahslidir. Bogdanning o‘zi esa o‘zining bu lavozimga tayinlanishini qonunga zid emas deb baholagan.

Birinchi yordamchi - Sergey Shefir

Ukrainada prezident administratsiyasi rahbari davlat menejmenti, prezident o‘z konstitutsion majburiyatlarini bajarishini ta'minlash bilan shug‘ullansa, birinchi yordamchi «prezident soyasi» hisoblanadi. U prezidentning ishchi grafigini tuzadi, tashrif buyuruvchilar ro‘yxatini shakllantiradi, uchrashuvlar vaqtini belgilaydi - u prezident qabuliga kirish uchun kanal.

Bu lavozimga Zelenskiy o‘zining yaqin do‘sti, 54 yoshli Sergey Shefirni tayinladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, aynan u ukasi Boris bilan birgalikda Zelenskiyni «Zaporojye - Krivoy Rog - Tranzit» jamoasiga taklif etgan va bu jamoa keyinchalik KVNning oliy ligasida g‘olib chiqqan.

Kiyevdagi «theBabel» nashri yozishicha, aka-uka Shefirlar Moskvada Zelenskiy bilan bitta kvartirada yashagan. Kiyevga qaytishgach, ular birgalikda «Kvartal 95» studiyasiga asos solishgan va bu loyiha vaqt o‘tib ko‘p millionli biznesga aylangan.

Zelenskiyning Shefirlarga yaqinligi haqida gapirilganda, u prezident bo‘lgach «Kvartal»dagi ulushini aynan ularga o‘tkazib bergani faktini keltirishadi.

Sergey Shefir prezident administratsiyasi rahbarligi uchun asosiy nomzodlardan biri edi, ammo uning o‘zi bu kresloda «chuqur yuridik bilimga ega bo‘lgan» odam o‘tirishi kerakligini aytgan.

«Men lavozim va portfellarga befarqman, ammo men Zelenskiyga befarq bo‘lolmayman. Men o‘zimning vazifamni nimalarda ko‘rmoqdamanmi? Istaymanki, u siyosatchiligida ham odam bo‘lib qolsin. Menimcha, eng asosiysi shu. Men qayerda kerak bo‘lsam, o‘sha yerda bo‘laman, bilamanki, u meni tashlab qo‘ymaydi», degandi u prezidentlik saylovlarining ikkinchi turidan keyin.

Bundan tashqari, Zelenskiy o‘z farmoni bilan yana bir qancha maslahatchilar va davlat organlarining boshqa mas'ullarini tayinladi.

Ruslan Stefanchuk

Ruslan Stefanchuk - sobiq «KVN»chi va yuridik fanlar doktori - Zelenskiy shtabida o‘zini «asosiy ideolog» deb atardi. Ukraina nashrlari Stefanchuk saylovoldi kampaniyasi davrida prezident jamoasi uchun birinchi navbatda zarur bo‘ladigan qonun loyihalarini ishlab chiquvchi guruhga kurator bo‘lganini yozishadi. U prezident maslahatchisi va prezidentning Oliy Radadagi maxsus vakili etib tayinlandi.

Andrey Gerus - Energetikani tartibga solish bo‘yicha milliy komissiyaning sobiq a'zosi, keyinroq Elektr energiyasi iste'molchilari uyushmasi rahbari. Saylovoldi kampaniyasi vaqtida «Zelenskiy jamoasi»ning energetika, tariflar, kommunal xizmatlar va boshqa masalalarga javob beruvchi eksperti sifatida namoyon bo‘lgan. So‘rovlar natijalariga ko‘ra, kommunal tariflar saylovchilarning talablariga mos darajada pasaytirilgan.

Chorshanba kuni Andrey Gerusni prezidentning Vazirlar Mahkamasidagi vakili etib tayinlashdi.

Prezidentning yana bir maslahatchisi Mixail Fedorov bo‘ldi - u Zelenskiyning saylovoldi kampaniyasida dijital yo‘nalishdagi kurator edi.

Prezident administratsiyasiga o‘rinbosarlar

An'anaga ko‘ra Ukraina prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosarlari profil tamoyilida tayinlanadi: ichki, tashqi, gumanitar siyosat, kuch ishlatar blok va boshqalar bo‘yicha alohida o‘rinbosarlar.

Zelenskiyning 21 may kungi farmoni bu tamoyillarga mos kelmaydi - yangi tayinlovlar «Kvartal 95» Bankovaya ko‘chasiga ko‘chib o‘tdi» qabilidagi hazil tarqalishiga asos bo‘ldi.

Prezident ma'muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari «Kvartal 95» studiyasining sobiq ijrochi direktori Sergey Trofimov bo‘ldi.

«Juda quvnoq va tentak, shuning uchun dengiz piyodalari qo‘shinida xizmat qilgan... yoki xizmat qilgan va shuning uchun... Jiddiy aytadigan bo‘lsak, Sergey - har qanday yo‘l bilan bo‘lsada o‘z maqsadiga erishadigan yigit», deya yozilgan u haqda «Kvartal 95» saytining «Ix ne vidno» bo‘limida. Unga Zelenskiy shtabi menejmentining asosiy figuralaridan biri sifatida prezident administratsiyasi rahbarligi uchun nomzod deb qarashayotgandi.

Zelenskiy jamoasi Fransiya prezidenti bilan uchrashuv vaqtida (chapdan o‘ngga):
Ivan Bakanov, Aleksandr Danilyuk, Vladimir Zelenskiy va Ruslan Ryaboshapka
Foto: GETTY IMAGES

Undan tashqari, davlat rahbari administratsiyasiga yana 4 nafar o‘rinbosar tayinlandi.

Yuriy Kostyuk - Vladimir Zelenskiy bosh rolni ijro etgan «Sluga naroda» seriali ssenariynavisi va ijodiy prodyuseri.

«Kreativ, media, ya'ni, fantaziya uchun barchasi muhayyo... Umuman olganda, qo‘ldan kelgancha yordam beraman», degan u «Ukrainskaya pravda»ga bergan intervyusida Zelenskiy kampaniyasidagi o‘rni haqida gapira turib.

Kirill Timoshenko - siyosiy va ijtimoiy reklamalar olishga ixtisoslashgan GoodMedia teleprodakshenning 30 yoshli asoschisi. Uning mashhur bo‘lib ketgan mahsulotlari qatorida Petro Poroshenkoning 2014 yilgi inauguratsiyasi translatsiyasi, qahramonlari oligarx gubernator Igor Kolomoyskiy va uning jamoasi bo‘lgan «Dnepr uchun jang» filmi, Poroshenkoning yaqin safdoshlaridan biri Igor Kononenko haqidagi piar-film bor. Ukraina nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, Timoshenkoning kompaniyasi Zelenskiyning saylovoldi kampaniyasi vaqtida videoroliklar tayyorlash uchun jalb qilingan.

Ruslan Ryaboshapka - 43 yoshli yurist, Adliya vazirligi va hukumat kotibiyatida uzoq yillar davomida turli lavozimlarda ishlagan. 2016 yilda Korrupsiyaning oldini olish milliy agentligi tarkibiga kirgan. Bu yangi organ davlat amaldorlarining deklaratsiyalarini baholash bilan shug‘ullangan. Ryaboshapka bir yil o‘tib agentlikni samarasiz ishlashda ayblab, ishdan bo‘shagan. Katta ehtimol bilan prezident ma'muriyatida u korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga mas'ul bo‘ladi.

Seshanba kuni kechasi Lana (Yelena) Zerkal ham prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari etib tayinlangani xabar qilindi. U «eski hukumat»ning yangi prezident administratsiyasida lavozim olgan yagona vakili bo‘lgandi. Zerkal xonim - professional yurist, Adliya vazirligi tizimida 10 yildan oshiq vaqt davomida faoliyat yuritgan, Ukrainaning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirishi bo‘yicha muzokaralarni olib borgan.

Yelena Zerkal

U 2014 yildan buyon Tashqi ishlar vazirining Yevropa integratsiyasi masalasi bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda. Amalda u keyingi vaqtlarda Ukrainaning Rossiyaga qarshi xalqaro sudlardagi ishlaridagi jarayonni nazorat qilardi. Kiyevdagi «Yevropeyskaya pravda» nashri uni «Tashqi ishlar vazirligidagi ikkinchi odam» deb atadi, u ko‘p xizmat safarlarida Pavel Klimkin o‘rnini egallardi.

Zelenskiyning administratsiyasida u tashqi siyosatga mas'ul bo‘lishi kerak edi.

Ammo ko‘p o‘tmay Lana Zerkal prezident administratsiyasidagi lavozimni egallashni rad qilgani ma'lum bo‘ldi. Chorshanba kuni Ukraina prezidenti saytida uning tayinlovi haqidagi xabar «amalga oshmagani» uchun bekor qilindi.

«Karera bo‘yicha qaror shaxsiy qadriyatlar va prinsiplarga mos bo‘lmog‘i kerak.

Mening vazifam va diplomatik xizmatdagi rolim o‘zgarmaydi. Men bu ishimni juda sevaman va bundan keyin ham shu ishimni qilishda davom ettirishga umid qilaman», dedi uning o‘zi bu qaroriga izoh bera turib.

Urush bo‘yicha boshliq

Ruslan Xomchak
Foto: UNІAN

Seshanba oqshomida 52 yoshli general-leytenant Ruslan Xomchak Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabining yangi rahbari etib tayinlandi. 

U Rovnoda tug‘ilgan, Moskva umumharbiy o‘quvyurtini tamomlagan, 2011 yilda generallik unvonini olgan. Donbassdagi harbiy harakatlar vaqtida Aksilterror kuchlarning «B» sektoriga rahbarlik qilgan.

«Tsenzor.Net» nashri ma'lumotiga ko‘ra, u 2014 yil avgustida Donetskni o‘rab olish bo‘yicha buyruq olgan. Bu harbiy amaliyot Ukraina qo‘shinlari Ilovaysk yaqinida qurshovga tushib qolishi bilan yakunlangan. Ukrainalik harbiylarning bu halqani yorib chiqishi Donbassdagi harbiy harakatlar vaqtidagi eng ko‘p talofatlar bilan kechgan.

Rasmiy Kiyev Ilovayskayadagi fojia RF doimiy qo‘shinlarining Ukraina hududiga kiritilishi oqibatida ro‘y bergan deb hisoblaydi. Xomchakning o‘zi ham bu haqda qat'iy fikrda: uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari bilan ilk bor 2014 yil 24 avgustida to‘qnashgan. Moskva Ukraina hududida Rossiya armiyasi harbiylari ham ishtirok etganini tan olmaydi.

2016 yilda general Xomchak Ukraina Qurolli kuchlarining quruqlikdagi qismlari shtabi rahbari etib tayinlangan. 2017 yil fevralida u Ukraina Mudofaa vazirligining bosh inspektoriga aylangan.

Bolalikdagi do‘st UXX boshlig‘iga o‘rinbosar

Chorshanba kuni tongida Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari - korrupsiya hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Ivan Bakanov tayinlandi. 

Bakanov - Zelenskiyning bolalikdagi do‘sti hisoblanadi, ular qo‘shni pod'yezdlarda katta bo‘lishgan. Bakanov yangi prezident bilan biznes hamkor bo‘lgan, «Kvartal 95» studiyasi yuristi, Vladimir Zelenskiyning yarimvirtual «Sluga naroda» (Xalq xizmatida) partiyasi yetakchisi va Zelenskiyning saylovoldi shtabi rahbari bo‘lgan.

Bi-bi-si uchun bergan intervyusida Bakanov avvalgi hukumat olib borgan siyosatni «ukrain xalqiga genotsid» sifatida baholagan va hech qachon Oliy Radada bo‘lmaganini dastak qilib keltirgan.

Shu bilan birgalikda, Bakanov «Kvartal»ning siyosatga o‘tgan vakillarining layoqati davlat boshqaruvi uchun yetarli ekanini qo‘shimcha qilgan.

«Nima uchun hamma «Kvartal» a'zolarini faqat komiklar va aktyorlar sifatida qabul qilishadi, ular boshqa sohalarni ham tushunishlarini hisobga olishmaydi. Axir bunday emas. «Kvartal» - turli oliy o‘quv yurtlarida turli bilimlarni olgan odamlar. Bular shifokor, bular iqtisodchilar, bular yuristlar va bular hisobchilar», degan u.

Shu intervyusida Bakanov o‘zini parlamentning keyingi tarkibida ko‘rmasligini va kelajakda qonunchilikka qat'iy rioya qilinadigan tizimda ishlash niyatidaligini aytib o‘tgan va bosh prokuror bo‘lishga qarshi emasligini bildirgan.

Ivan Bakanovning UXX boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi tashkilotni amalda aynan u boshqarishini anglatadi - Poroshenko prezidentligi davrida Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari bo‘lgan Yuriy Gritsak iste'foga chiqishini ma'lum qilib bo‘ldi.

Mavzuga oid